Shu yilning 5 yanvar kuni soat 06:40lar atrofida Navoiy viloyati Konimex tumani Navoiy – Zarafshon trassasining 61-kilometrida «Neksiya» rusumli avtomobil Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining ishchi-xodimlarini olib ketayotgan «Isuzu» avtobusi bilan to‘qnashib ketgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisiga aylangan 19 nafar fuqarodan 10 nafarining ahvoli yaxshi bo‘lgani bois uyiga javob berilgan.
Ushbu avtohalokat natijasida ikki nafar fuqaro – Tomdi tumanidan 58 yoshli A.M. va Konimex tumanidan M.U. olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Sakkiz nafar fuqaro esa Konimex tumani Zafarobod posyolkasidagi Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatiga qarashli 5-sonli tibbiy sanitariya qismiga tez tibbiy yordam brigadasi yordamida olib kelingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur tibbiy sanitariya qismiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyati filialidan malakali neyroxirurg va travmatolog mutaxassislar Sanitar aviatsiya orqali jo‘natilgan.
Jarohatlanganlar - Tomdi tumanidan 18 yoshli A.A., 46 yoshli A.N. va 20 yoshli A.K., Konimex tumanidan 14 yoshli A.J., 41 yoshli A.J. va 56 yoshli B.K. Zafarobod posyolkasidan 20 yoshli N.S. hamda 27 yoshli S.Sh. zudlik bilan tekshiruvlardan o‘tkazilib, belgilangan tartibda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ulardan birining ahvoli og‘ir, uch nafarining ahvoli esa esa o‘rtacha og‘irlikda, qolgan to‘rt nafarining ahvoli qoniqarli darajada.
Ayni paytda ularning ahvoli malakali shifokorlar nazoratida bo‘lib, standartlar asosida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi SSV ma'lumotida.