2019 yilning dekabr oyida Kun.uz saytida «Afrosiyob qurilish invest» MChJga qarashli qayroqtosh maydalash sexida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlagan va ish vaqtida tosh maydalash uskunasiga kirib ketib, butun umrga falaj bo‘lib qolgan samarqandlik Alimardon Tursunovning ayanchli taqdiri haqida material e'lon qilingan edi.
Ming afsuski, uzoq vaqt davom etgan xastalikdan so‘ng Alimardon Tursunov 2019 yil 28 dekabr kuni bu dunyoni tark etdi.
A.Tursunovning yaqinlari tomonidan mehnatda mayib bo‘lgani munosabati bilan to‘lanadigan to‘lovlarni va tibbiy muolajalar uchun sarflangan moddiy zararni undirish talabi bilan kiritilgan da'vo ariza fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirishdan rad etilgan. Sud esa o‘z qarorini A.Tursunov korxonada norasmiy ravishda mehnat faoliyat olib borgani bilan asoslagan.
A.Tursunovning onasi tomonidan kiritilgan shikoyat arizasiga asosan mazkur masala Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda. Samarqand viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi esa sudda A.Tursunovning huquq-manfaatlarini himoya qilmoqda.
Kun.uz’da mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, marhumning qaramog‘ida u baxsiz hodisaga uchragunga qadar bir nafar voyaga yetmagan farzandi, turmush o‘rtog‘i va onasi bo‘lgan.
Mehnat huquqlari to‘la ta'minlanmagani va oddiygina mehnatni muhofaza qilish qoidalari bilan tanishtirilmagani oqibatida yuz bergan fojia sabab yosh umri xazon bo‘lgan Alimardonning taqdiri mamlakatdagi shu kabi ishchilarning huquqlari qay darajada himoyasiz qolayotgani haqida mulohaza qilishga undaydi.
Bugungi kunda respublikadagi turli sohalarda, ayniqsa xususiy sektordagi sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat shartnomasi tuzmasdan, og‘zaki kelishuv bilan mehnat qilayotganlarning son-sanog‘i bo‘lmasa kerak. Bu esa ish beruvchilarning ishchilar ustidan mutlaq hukmronlik qilishiga, ularning huquqlarini poymol etishiga zamin yaratib bermoqda.
Xo‘sh, mehnat shartnomasi tuzilmagani ishchi barcha huquqlardan mosuvo ekanligini anglatadimi?..
Yo‘q, aslida bunday bo‘lmasligi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 82-moddasida ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganidan qat'i nazar, ish boshlangan kundan e'tiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi, deb belgilab qo‘yilgan.
Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 192-moddasiga binoan xodim mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘ligiga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta'minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a'zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.
Mazkur kodeksning 193-moddasida esa zarar miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida belgilangan.
Quyidagilar marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar hisoblanadi:
- 16 yoshdan oshgan shaxslar, agar ular shu yoshga yetgunga qadar nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsa;
- 60 yoshga to‘lgan erkaklar hamda 55 yoshga to‘lgan ayollar;
- belgilangan tartibda nogiron deb e'tirof etilgan shaxslar.
16 va undan katta yoshdagi o‘quvchilar o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qishni tugatgunlariga qadar, ammo ko‘pi bilan 18 yoshgacha zarar to‘lovini olish huquqiga egadirlar.
Bundan tashqari, kodeksning 194-moddasiga binoan xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la beriladigan nafaqa ham to‘lanishi kerak bo‘ladi.
Buning uchun baxsiz hodisa maxsus tekshirishdan o‘tkazilib, uning natijalari bo‘yicha tegishli tartibda N-1 shakldagi dalolatnoma rasmiylashtirilishi lozim. Mazkur dalolatnomaga asosan marhumning o‘limi uning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda yuz bergani tasdiqlansa, ana undan so‘ng yuqorida ta'kidlangan to‘lovlar amalga oshiriladi.
Dilshod Abduqodirov