«O‘zbek dasturchilari yevropaliklardan aslo qolishmaydi» - Londonda fintex kompaniya ochgan o‘zbeklar bilan suhbat

Fan-texnika 20:25 / 04.01.2020 51243

Kun.uz xodimlari 2019 yil oxirida Buyuk Britaniyada xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Safarimiz davomida bu mamlakatda yashab, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatda bo‘ldik.

Suhbatdoshlarimizning kasbiy yo‘nalishlari turlicha – avtomobilsozlik muhandisi, yirik xalqaro bank boshqaruvchisi, kollej o‘qituvchisi, turizm elchisi, Oksford ilmiy tadqiqotchisi, biznesmen va talabalar shular jumlasidan.

Dastlabki intervyumiz Londonda fintex kompaniya ochgan tadbirkorlar bilan kechdi. Sanjar Mavlyanov va Dilshod Mehmonov Angliyada magistratura bosqichida o‘qib, so‘ng shu yerda bir nechta moliya muassasalarida ishlagan, 2016 yilda esa o‘zbekistonlik yana ikki hamkorlari bilan «Safenetpay» nomli fintex kompaniyasiga asos solishgan.

«Men o‘zim huquqshunosman, Dilshod – buxgalter. Bir-birimizni 20-25 yildan beri taniymiz. 2016 yilda kompaniyani ochgan bo‘lsak, litsenziya olishimizga 2 yil ketdi. Angliyada litsenziya olish juda qiyin – juda ko‘p hujjat talab qilinadi.

Ko‘p narsa jamoaga bog‘liq. Avvaliga jamoamiz faqat o‘zbeklardan tashkil topgandi. Boshida to‘rt kishi bo‘lib ish boshlagan bo‘lsak, hozir xodimlarimiz soni 30ga yaqin va shtatlar sonini yana ham ko‘paytiryapmiz», – deydi kompaniya rahbari Sanjar Mavlyanov.

Fintex kompaniyaning an'anaviy bankdan farqi nimada?

Ma'lum bo‘lishicha, suhbatdoshlarimiz Buyuk Britaniyaning Moliyaviy boshqaruv organi – FCA litsenziyasini olib, fintex kompaniyaga asos solgan birinchi o‘zbekistonliklar ekan.

«2018 yilda litsenziya olib, bank sohasiga kirib keldik. Kompaniyalarga hisob-raqamlar, pul o‘tkazmalari, buxgalterlik kabi xizmatlarni ko‘rsata boshladik.

Bizning bankdan farqimiz – biz kredit bermaymiz va investitsiya kiritmaymiz. Qolgan barcha bank xizmatlarini taklif eta olamiz. Ya'ni ko‘chadagi bankdan deyarli farqimiz yo‘q. Registratsiya ham internet orqali. Mobil ilovani ochib, hujjatlaringizni yuborasiz va buni onlayn tasdiqlashadi. Ya'ni siz uydan chiqib, shaxsan bankka borib o‘tirishingiz shart emas. Fintex kompaniyalarda bu an'anaviy banklardan ko‘ra ancha tez hal bo‘ladi», – dedi Mavlyanov.

Sanjar Mavlyanov

«Banklarda bir jihat bor: ularning har bir filiali o‘z ofisiga ega bo‘lishi kerak. U yerda doimiy ravishda odamlar ishlashi, mijozlarni qabul qilishi kerak. Bizda esa hamma narsa onlayn. Xizmat ko‘rsatish ham, yangi mijozlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham, ularning pulini boshqarish ham – hammasi onlayn. Shu jihatdan ham bankdan anchagina farq qilamiz.

Do‘konlar bilan solishtirib tushuntiradigan bo‘lsak, siz ko‘chadagi do‘konga kirib, istagan narsangizni tanlab olishingiz mumkin. Yoki xohlasangiz, Amazon, AliExpress, Alibaba kabilar bor – uyingizda o‘tirib, istagan narsangizni sotib olasiz va uni olib kelib berishadi. Xuddi shunday, fintexni bank sohasining Amazon'i deb ta'riflash mumkin», – deya tushuntirdi Dilshod Mehmonov.

Ularning ta'kidicha, fintex kompaniyani rivojlangan texnologiyaga asoslangan bank deb ta'riflasa bo‘ladi. London esa jahon miqyosida juda tez o‘sib borayotgan fintex markazlaridan sanaladi.

«O‘zbek dasturchilari yevropaliklardan aslo qolishmaydi»

Fintex kompaniyalar asosida axborot texnologiyalari yotadi. Ya'ni bunda tez ishlashi talab etiladigan dasturiy mahsulotlar asosiy o‘rin tutadi. Dasturlar qanchalik sifatli bo‘lsa, fintex kompaniya bozorda shuncha raqobatbardosh bo‘ladi.

«Xuddi shuni amalga oshirish uchun biz birinchi Latviyada ofis ochib, u yerdagi dasturchilarni ishga oldik. Ikki yil ishladik, ammo biz yollagan programmistlar biz so‘ragan mahsulotni yaratib bera olishmadi.

So‘ng katta-katta kompaniyalar bilan maslahatlashdik, ular bizga Ruminiya, Isroil, Bolgariya, Ukraina va Rossiya kabi mamlakatlardagi dasturchilarni tavsiya qilishdi. Biz esa o‘ylab-o‘ylab O‘zbekistonni ham variant sifatida ko‘rib chiqishga qaror qildik. Nega endi bo‘lmas ekan?

To‘g‘risi, boshida sal ishonmadim... Mayli, kiramiz, dedik. 2019 yil aprelida O‘zbekistonda ofisimizni ochib, bir kunning o‘zida Latviyadagi ofisni yopdik va hamma dasturchilar bilan xayrlashdik.

Boshida O‘zbekistondagi ofisda 2-3 kishi ishlardi. Bilasizmi, Latviyada programmistlar 1-2 yil davomida bera olmagan dasturiy yechimni O‘zbekistondagi yigitlar 1-1,5 oy ichida topishdi. Vaholanki, biz SWIFT`ga a'zo bo‘lganmiz, Angliya, Germaniya, Lyuksemburgdagi banklar bilan hamkorlikda ishlaymiz – shularning hammasini o‘zbek dasturchilari tezda tushunib, ishlay boshlashdi. Men o‘zim hayron qoldim. Bo‘ldi, bu ish bilan O‘zbekistonda shug‘ullansa bo‘lar ekan, dedim.

Dilshod Mehmonov

Har qanday IT-kompaniya chet davlatda ofis ochmoqchi bo‘lsa, uchta narsaga e'tibor beradi: dasturchilarning salohiyati, mamlakat bilan o‘rtadagi vaqt tafovuti va soliqlar. Bularning hammasi bizga to‘g‘ri keldi.

Mana, IT-park va Mirzo Ulug‘bek innovatsion markazi ochildi. Ular bilan hamkorlik qilamiz, dedik. Davlatning «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasi ham bizga katta yordam beradi.

Hozir O‘zbekistonda o‘nga yaqin xodimimiz bor, lekin keyingi 1-2 yil ichida 100 kishiga yetkazmoqchimiz. Chunki ish ko‘p: keyingi 1,5 yil uchun vazifalarimizni allaqachon belgilab olganmiz. Fintex kompaniyada eng muhimi – dasturiy yechimlar bera olish. G‘oyalar esa ko‘p, bu g‘oyalar uchun yechimni esa kuchli dasturchilar beradi. O‘zbekistonlik dasturchilar biz nima xohlayotganimizni tezda tushunib olib, o‘zlari ham g‘oya berishyapti. Qoyil, dedik, mana o‘zimizdan ham yaxshi dasturchilar chiqar ekan-ku.

Dasturchi deganda yevropaliklar Latviya, Estoniya, Rossiya, Ukraina, Polsha, Isroil – umuman Sharqiy Yevropa mamlakatlarini tushunishadi. Biz u yerlardagi dasturchilarni ishga yollab ko‘rdik – Latviyada katta ofisimiz bor edi. Rossiyadan ham programmistlar oldik. Ular kuchli kadrlar edi, lekin O‘zbekistondagi dasturchilarning darajasi ham ulardan qolishmaydi. O‘tsa o‘tadiki, lekin qolishmaydi», – deb ta'kidladi Sanjar Mavlyanov.

Kelgusi reja va maqsadlar

Tadbirkorlarning aytishicha, ular yaqin yillarda aksiyalarini ochiq savdoga chiqarish, kompaniyani rivojlantirish orqali Yevropada o‘zbekistonlik dasturchilarning salohiyatini tanitishni niyat qilishgan.

«2 yil ichida balki IPO o‘tkazarmiz. Chunki mana yaqinda auditdan o‘tyapmiz. Bu yerdagi investorlardan kompaniyani sotib olamiz, degan katta takliflar ham bo‘lyapti.

IPO o‘tkazganimizda dasturchilarimiz O‘zbekistondan ekanini hamma bilib oladi. Fintex kompaniyalari rahbarlarining uchrashuvlarida birinchi bo‘lib so‘raladigan savol: «IT-departamenting qayerda? Dasturchilarni qayerdan olyapsan?» Shunda biz O‘zbekistondagi programmistlar qilganini aytamiz.

Masalan, Rossiyada hozir Moskva, Sankt-Peterburg va Tver – IT mutaxassislarini yetkazib beruvchi eng yirik markazlar. Ularning hammasi egallab bo‘lingan. Borsangiz, juda qimmat. Tver univesitetining oxirgi kursida o‘qiyotganlarni amaliyot o‘tashga deb olib ketib qolishyapti... Ukrainadan ham dasturchilarni band qilib qo‘yishyapti. Agar O‘zbekistonni ham tezroq mana shunday darajaga olib chiqsak, xorijdan takliflar ko‘payadi. Hamkorlarimga O‘zbekistondan dasturchi yollaganimni aytsam, ular ham qiziqib kelishadi O‘zbekistonga.

Hozircha rejamiz – dasturiy mahsulotlarimizni O‘zbekistonda tayyorlatish, faoliyatimizning qolgan yo‘nalishlarini Angliyada olib borish. Keyinchalik O‘zbekiston fintex sohasiga kirish niyatimiz ham yo‘q emas», – dedi Mavlyanov.

Uning ta'kidlashicha, kompaniya hozirda «ancha-muncha yuqori baholanadi».

O‘z navbatida, Dilshod Mehmonov o‘rta istiqbolda to‘laqonli onlayn bankka aylanishni ko‘zlashayotgani haqida aytib o‘tdi.

«Xudo xohlasa, maqsadimiz – 3-5 yil ichida to‘liq onlayn bank bo‘lish, ya'ni yuqoriroq darajadagi litsenziya olish. Albatta, kompaniyamizning o‘sishi dasturchilarga ham juda bog‘liq, ular qancha tez ishlashsa, rivojlanishimiz shuncha tez bo‘ladi», – deydi u.

Sanjar Mavlyanov va Dilshod Mehmonov suhbat davomida O‘zbekiston uchun nisbatan yangi soha bo‘lgan fintex haqida boshqa qiziqarli ma'lumotlarni ham keltirib, maqsad yo‘lidagi qiyinchiliklar va chet eldagi hayot haqida ham gapirib o‘tishdi. Shuningdek, muvaffaqiyat formulasi haqidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ko‘proq yangiliklar: