Madina Muxtorova: «Akasi o‘g‘limga ota, kelinoyisi ona»

Jamiyat 15:17 / 04.01.2020 196170

Bugun, 4 yanvar kuni Yunusobod tumani 7-sonli ichki ishlar bo‘limida katta shov-shuv keltirib chiqargan “bolakay kaltaklanishi” bilan bog‘liq ish yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tuman hokimligi va prokuraturasi, Toshkent shahar IIBB, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Brifingda Yunusobod tumani prokurori Habibulla Mirsoatov tomonidan ma'lum qilinishicha, bola chindan kaltaklangani va yengil tan jarohati olgani ekspertiza tomonidan tasdiqlangan.

2020 yil 4 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (sog‘liqning qisqa vaqt, ya'ni 6 kundan ortiq, ammo 21 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish)ga asosan jinoyat ishi ochilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu bois holatga oid barcha ma'lumotlar ochiqlanmaydi, tergov siri hisoblanadi.

“Jabrlanuvchining o‘zi shikoyat qilmagan bo‘lsa-da, prokuror jinoyat ishi qo‘zg‘atish vakolatiga ega. Biz sud-tibbiy ekspertiza xulosasini oldik va bugun Yunusobod tuman prokuraturasi jinoyat ishi ochdi, tergov harakatlari olib borilmoqda», — dedi H. Mirsoatov.

Madina Muxtorova

Brifingda bolaning onasi, aktrisa Madina Muxtorova ham ishtirok etdi va savollarga qisman javob berdi. Uning ma'lum qilishicha, bolaning akasi va kelinoyisi bilan munosabatlari juda yaxshi. “Akasi o‘g‘limga ota, kelinoyisi ona” – dedi aktrisa. Oilasi haqida turli xil ma'lumotlar tarqatayotgan qarindoshlari haqida to‘xtalarkan “ular mening qanaqa qarindoshim ekanligini noma'lum, hammasi noto‘g‘ri ma'lumot tarqatishyapti”, dedi.

Tadbirda bolaning maktabi direktori va sinf rahbari ham qatnashdilar. Ularning ma'lum qilishicha, bola juda namunali o‘quvchi bo‘lgan.

Brifingni olib borgan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Zafar Alimov prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atganligi, tergov jarayoni yakuniga ko‘ra yana qo‘shimcha ma'lumot berilishini, axborot tarqatishda bola voyaga yetmaganini hisobga olish zarurligini bildirdi.

Madina Muxtorovaning o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyat Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan nazoratga olindi

Ko‘proq yangiliklar: