Turkiyaning birinchi milliy avtomobili taqdim qilindi  

Fan-texnika 10:57 / 29.12.2019 97763

Turkiyalik avtohavaskorlarning azaliy orzusi ro‘yobga chiqdi: o‘tgan asrning yarmidan boshlab litsenziya bo‘yicha avtomobillar ishlab chiqaruvchi Turkiyada ilk milliy avtomobil modeli paydo bo‘ldi. Ushbu tarixiy voqeaning ahamiyatliligini hisobga olib, avtomobil taqdimotida shaxsan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirok etdi.    

Taqdimot 27 dekabrda Istanbul yaqinidagi Gabza tumanida bo‘lib o‘tgan. Taqdimotdan so‘ng Erdo‘g‘an birinchi turk avtomobili ruliga o‘tirib, uni sinab ko‘rdi.

Turkiyaning ilk milliy modeli o‘rta o‘lchamli elektrokrossover bo‘lib, u TOGG markasi ostida ishlab chiqariladi. Keyinroq markaning sedan, xetchbek, kompaktven va B-segmentdagi krossoveri ham paydo bo‘ladi. Tadbir davomida sedan konsepti ham namoyish qilingan. 

TOGG (Türkiye’nin Otomobili Girişim Grubu, Turk avtomobil tashabbuskor guruhi) markasi 5 ta turk kompaniyasi - Anadolu Grubu, BMC, Kök Grubu, Turkcell va Zorlu Holding’ning birgalikdagi tashabbusi hisoblanadi. 

Kompaniya rahbari Rifat Xisarjiklio‘g‘luning ma'lum qilishicha, 2021 yilda zavod qurilishi yakunlanadi va unda 2022 yildan boshlab 5 ta modeldagi avtomobillar ishlab chiqariladi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 175 ming mashinani tashkil qiladi. Kompaniya to‘liq xususiy hisoblanadi, biroq hukumat uni 2035 yilgacha soliq imtiyozlari, bepul yer ijarasi va 30 ming dona mashina sotib olish majburiyati bilan qo‘llab-quvvatlaydi.    

Zavod loyihasi 22 mlrd turk lirasini (3,7 mlrd dollar) tashkil qiladi. U ishga tushirilgach 2-3 yildan keyin jahon bozoriga chiqishi rejalashtirilgan.   

Taqdim qilingan krossoverning bazaviy versiyasi orqa o‘qda joylashtiriladigan 200 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlanadi. Modelning top-versiyasida xuddi shunday elektromotor old o‘qda ham bo‘ladi. Bazaviy versiya 100 km/soat tezlikka 7,6 soniyada, top-versiya esa 4,8 soniyada erisha oladi.  

Ta'kidlanishicha, mashina dizaynini yaratishda Pininfarina atelesi yordam bergan va unda turk milliy an'analari hisobga olingan.

Hozircha nomi ham bo‘lmagan krossover bir quvvatlanishda 300 km yoki 500 km yo‘l bosa oluvchi batareyalar bilan taklif qilinadi. Ta'kidlanishicha, batareyani 80 foizga 30 daqiqa ichida quvvatlash mumkin bo‘ladi, unga zavod beradigan kafolat 8 yilni tashkil qiladi. 

Turkiyaning Devrim markasidagi ilk milliy avtomobili 1961 yilda yaratilgan, biroq seriyali ishlab chiqarishga qo‘yilmagan. Bunga esa mashinaning 4 ta tajribaviy namunasidan biri sinov vaqtida o‘chib qolgani sabab bo‘lgan. O‘shanda mashina haqida paydo bo‘lgan salbiy taassurotlar loyihaning yopilishiga olib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: