«O‘rtacha to‘lov – oyiga 12 dollar». Moskvadagi o‘zbek talabalari yashayotgan yotoqxona hayotidan bir lavha

Jamiyat 11:50 / 28.12.2019 45362

Talabalik – oltin davr. Qiyinchiliklari, quvonch-u tashvishlari ham o‘ziga xos. Ayniqsa uzoq viloyatlardan poytaxtga kelib yoki chet mamlakatlarga borib o‘qishni davom ettirishning o‘z gashti bor.

Studentlik davrida talabalar turar-joyi alohida o‘rin tutadi. Undagi hayot, qiziqarli voqealar talaba hayotining ajralmas qismi. Yotoqxonada yashagan studentlarning talabalik davriga oid bir umrlik xotiralari shu yotoqxona bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi bejiz emas.

Viloyatlar markazidagi va Toshkentdagi talabalarning TTJdagi hayotidan ozmi-ko‘pmi xabardormiz. Ammo chet davlatda o‘qiyotgan talabalar yotoqxonasidagi sharoitlar ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Shundan kelib chiqib, Rossiyaga safarimiz davomida Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabida ta'lim olayotgan o‘zbek talabalari bilan ular yashayotgan TTJda davra suhbati tashkil qildik.

Oliy iqtisodiyot maktabi yotoqxonalari shaharning bir nechta nuqtalarida joylashgan. Biz borgan Tsimlyanskaya ko‘chasidagi yotoqxona o‘rtacha narxdagi, 9-sonli talabalar turar joyi edi.

Yotoqxonada turli davlatlardan kelgan talabalar istiqomat qilishadi. VEShning magistratura bosqichi talabasi Umid Ergashev bizni yotoqxonadagi sharoitlar va narx-navo bilan birma-bir tanishtirib chiqdi.

Xonalar ikki kishi uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, oshxona, dazmol xonasi, kiyimlarni quritadigan xona va kutubxona ham bor. Talabalar uchun bepul WiFi o‘rnatilgan.

Ushbu 9-sonli talabalar turar-joyi o‘rtacha sharoitli yotoqxona hisoblanib, har oy uchun to‘lov miqdori bir talabaga 718 rublni tashkil qiladi. Bu – 11-12 dollar degani.

Umuman olganda, talabalar bu yerdagi sharoitlardan mamnun. Birinchidan, yashash uchun kerakli barcha narsa bor. Ikkinchidan esa, Moskvada turar-joyga to‘lanadigan narx-navoga nisbatan ancha arzon.

Moskvadagi o‘zbek talabalari bilan uchrashuvimizga oid birinchi videodan maqsad ularning yashash sharoitlari bilan tanishtirishdan iborat. Keyingi maqola talabalar bilan kechgan suhbatimiz haqida bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: