2019 yil oktabr oyi boshlarida noma'lum shaxs 21 yoshli U.H.ning nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartochka hisobidan yashirin ravishda pul o‘tkazish yo‘li bilan jami 4.523.000 so‘m pullarni o‘g‘irlagan. U.H. mazkur holat yuzasidan IIBga murojaat qilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati Zarafshon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida mazkur jinoyatni “Asaka bank” Zarafshon shahar filiali ish o‘rganuvchisi 33 yoshli R.M. sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan. R.M. bank filialiga murojaat qilgan U.H.dan uning nomiga rasmiylashtirilgan, hisobida 6.000.000 so‘m miqdorida pullari bo‘lgan plastik kartochkani naqd pul qilib berish uchun olib, ushbu plastik kartochkaga ustalik bilan o‘zining telefon raqamini ulashga erishgan.
U 2019 yil 9-10 oktabr kunlari yashirin ravishda ushbu karta hisobidan bo‘lib-bo‘lib jami 4.523.000 so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib olib, keyinchalik ularni o‘zlashtirgan.
R.M.ga nisbatan ayblov e'lon qilinib, “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.