Jamiyatda yozilgan qonunlar bilan bir qatorda yozilmagan, insonparvarlik, o‘zaro mehr-muruvvatlilik tamoyillariga tayanadigan qonuniyatlar ham borki, ayniqsa, bu o‘zbek xalqining milliy qadriyatlariga poydevordir. Shu nuqtai nazardan «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi mutasaddilari tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbuslari diqqatga sazovor. O‘z samarasini berayotgan mazkur tashabbusga ko‘ra «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning shahar va tuman bo‘limlarining mutasaddi rahbarlari xizmat vazifalarini ado etish asnosida kam ta'minlangan, boquvchisi yo‘q, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, ularning elektr energiyasidan to‘lovlardan bo‘lgan qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida ish tashkil qilmoqda.
Bu borada ular xalqimizning azaliy qadriyati – saxovatpeshalik fazilatiga tayangan holda joylarda foydalangan ne'matlari uchun to‘lovga qurbi yetmay turgan oilalarning qarzlarini bartaraf etishga tadbirkor va ishbilarmonlarning homiylik yordamlarini jalb etmoqda. «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi mutasaddilari tashabbusi bilan tumandagi kam ta'minlangan oilalar aniqlanib, ularning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorliklari savob ishga qo‘l urushni istagan insonlar tomonidan to‘lab berilmoqda.
Shayxontoxur tumanining «Beltepa» mahallasida yashovchi M.Ahrorova hamda F.Isamuhamedovaning oilasi mahalla ahlining doimiy mehr-muruvvatidan bahramand bo‘lib kelayotganiga qaramay, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarga qo‘li qisqalik qilib qoldi. Farobiy ko‘chasi 33-xonadonda yashovchi M.Ahrorovaning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorligi 400 ming so‘m hamda 24-xonadonda yashovchi F.Isamuhamedovaning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzi 300 ming so‘mga yetib qolibdi. Ushbu hudud bo‘yicha Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi rahbari A.A.Musamedovning olib borgan tushuntirish ishlari natijasida homiylar tomonidan xonadonlarning qarzini yopish uchun beminnat 700 ming so‘m to‘lov qilib, xonadon sohiblariga to‘lov kvitansiyalari «Beltepa» MFY raisi K.I.Karimov tomonidan taqdim etildi.
- O‘g‘lim jigar sirrozi bilan og‘riganligi uchun 2-guruh nogironi va o‘zim ham 3-guruh nogironi bo‘lganligim uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lay olmadim, shu sababli elektr energiyasidan qarzimiz to‘planib qolgandi, qarz ustiga yana jarima to‘lashdan qo‘rqib yurgandim. «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning Bosh direktoriga hamda Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi rahbari A.A.Musamedovga katta rahmat, ular qarzdan qutilishimga katta yordam berishdi, 20 dekabr kuni mahalla idorasiga kelib qarzdorlik bartaraf etilgani haqidagi to‘lov kvitansiyalarini taqdim etishgani oilamizni xursand qildi - deydi, fuqaro M.Ahrorova hamda F.Isamuhamedovalar.
Shuningdek, ushbu tumandagi «Beltepa» MFY dan Beltepa tor ko‘chalari hamda Beltepa Farobiy ko‘chalari kesishmasida yashovchi fuqarolar uzoq yillardan beri elektr energiyasi quvvati ko‘rsatkichi past bo‘lganligidan yilning yoz va qish mavsumlarida ko‘plab noqulayliklarga to‘qnash kelgan.
Bundan tashqari, bu mahallada o‘rnatilgan transformator punkti 1975 yildan buyon zo‘riqib ishlashi oqibatida ko‘plab uzilishlar yuzaga kelgan. Ushbu masalani hal etishda Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi tomonidan “Beltepa” MFY xududiga shu kunga qadar o‘rnatilgan havo tarmoqlariga qo‘shimcha 18 ta zamonaviy tayanch ustunlari, 1,5 km.dan ortiq SIP qoplamaga ega bo‘lgan havo tarmog‘i tortildi va qo‘shimcha yangi 630 kVA quvvatga ega bo‘lgan yangi transformator punkti o‘rnatib berildi.
Xuddi shuningdek, Shayxontoxur tumani «Qoratosh» MFY Oxunboboyev 1-ko‘p qavatli uy TP2682-sonli transformator punktidan uzoq yillar avval yotqizilgan kabel tarmoqlari eskirib ketganligi sababli ko‘plab avariya holatlari mavjud bo‘lgani uchun ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar elektr energiyasi ta'minotida ko‘plab uzilishlar sodir bo‘layotganidan hamda elektr energiyasi quvvati ko‘rsatkichlari pastligi tufayli ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchi aholi tuman elektr ta'minoti korxonasiga murojaat qilishgan.
Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi tomonidan ushbu murojaatlarga bee'tibor bo‘lmasdan aholining muammolari o‘z vaqtida ijobiy hal etildi. Ushbu ko‘p qavatli uyni ishonchli va sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, TP2682-sonli transformator punktidan yangitdan 260 metr uzunlikdagi past kuchlanishga ega bo‘lgan kabel tarmoqlari o‘rnatilib berildi. Bugungi kunda ushbu ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ va Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi mutasaddilaridan minnatdor.
Toshkent shahrining tuman elektr ta'minoti korxonalari hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda bu kabi amaliy tadbirlar davom ettirilmoqda.
«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ
Matbuot xizmati