«Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi maktabgacha ta'lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish uchun aniq mexanizmning ishlab chiqilishiga yordam beradi. Bu haqida Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin vazirlikning 2 yillik foaliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.
«Ayni paytda korrupsion holatlar bilan bog‘liq juda ko‘plab muammolarimiz bor va bu mavzu bizning og‘riqli nuqtamiz bo‘lib qolmoqda. Bu haqida ochiq gapirish mumkin», deya qayd etdi Agrippina Shin.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun korrupsion holatlarni cheklashga yordam beradi. Hujjat jinoyatlar uchun sudlanganlar yoki turli salbiy sabablar bilan ishdan bo‘shatilgan fuqarolarning sohada ishlashi uchun qat'iy taqiqlarni o‘rnatadi. Bu esa korrupsionerlar yana rahbarlik pozitsiyalariga qaytishi va yana talon-toroj bilan shug‘ullanishining oldini oladi.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, yangi qonun birinchi navbatda davlat standarti talablarining maktabgacha ta'limga tatbiq qilinishida, pedagoglar uchun professional standartlarning ishlab chiqilishida ham katta ahamiyatga ega.