Toshkent shahrining Mirobod tumanida fuqaro yo‘l harakati qoidalarini 18 marta buzgani uchun jami 15 mln 143 ming jarima to‘ladi.
Ushbu summadan 14 million so‘m – bevosita yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun, yana 1,1 million so‘m – jarimalarning vaqtida to‘lanmagani uchun undirilgan.
Majburiy ijro byurosidan Kun.uz`ga ma'lum qilishlaricha, qarzdor G.M. bir necha marta og‘zaki og‘zaki va SMS orqali ogohlantirilganiga qaramay, jarimalarni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Natijada MIB xodimlari qarzdorga tegishli «Honda Accord» rusumli mashinani xatlab, jarima maydoniga olib kelib qo‘yishlariga to‘g‘ri kelgan. Bu esa G.M.ga nisbatan MJtKning 198-moddasi 1-qismiga asosan, EKIHning 5 barobari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘lgan.
«Natijada qarzdor jami bo‘lib 14.028.910 so‘mlik jarimalarni to‘lashga majbur bo‘ldi», – deyiladi byuro xabarida.