Osmonni o‘pgan shahar. Cheksiz okean bo‘yidagi Tokioga fotosayohat

Light 15:10 / 24.12.2019 54978

Dunyoda shaharlar ko‘p. Chiroyli, katta, gavjum... Ular orasida o‘zgacha degan so‘zni sanoqli shaharlarga nisbatangina ishlatish mumkin. Yaponiya poytaxti Tokioni ana shunday o‘zgacha shaharlar sirasiga kiritsa bo‘ladi. Taqdir taqozosi bilan Yaponiyaning ajoyib poytaxtiga safar qilish baxti nasib qildi. Safar davomida imkon boricha olgan suratlarimizni sizga ham ilindik... 

Tokioga ilk marta borgan odam shubhasiz, o‘zgacha dunyoga tushib qolgandek bo‘ladi. To‘rt tomonda ko‘p qavatli yo‘llar (ha, yo‘llar, uylar emas), musiqali piyodalar o‘tish yo‘lkasi, odamlardan ham ko‘proqdek tuyuladigan nazorat kameralari va albatta, odam to‘la ko‘chalar! Tokioning osmono‘par binolarini internetda ko‘p ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, keling, biz bu ajoyib shaharning oddiyroq ko‘rinishiga nazar solsak. 

Tokioni osmono‘par binolar shahri deyishdan ko‘ra odamlar shahri desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Axir hamma shaharlar ham odamlarniki-ku, deyishingiz mumkin, ammo Tokioda kelishingiz bilan birinchi ko‘zga tashlanadigan jihat ko‘chalarning odamlar bilan to‘la ekani. Odamlarning ko‘chalarni to‘ldirib yurishlari Yaponiyaning belgilaridan biriga aylanib ulgurgan. Tokioda 14 millionga yaqin odam yashaydi. 

Masalan, yapon «peshexodlari» sayyohlar uchun diqqatga sazovor joyga aylanib ulgurgan. Sibuyadagi mashhur piyodalar yo‘lkasi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U yerda 7 ta yo‘lning kesishmasi bor va barcha tomondan odamlar bir vaqtda yo‘lning narigi tomoniga o‘tadi. Bu yo‘lakni sayyohlar tomosha qilishi uchun maxsus maydonchalar ham qilingan. 

Yapon millati haqida ilk tasavvurlarim mashhur «Oshin» filmidan so‘ng paydo bo‘lgan. Yaponlar chindan xuddi o‘sha filmdagi kabi xushmuomala ekaniga guvoh bo‘ldim. Qayerga borsangiz, kim bilan gaplashmang o‘zingizga bo‘lgan hurmatni sezib turasiz. Aytaylik, borgan kunimiz simkarta sotib oldim. Uni har xil dasturlar orqali o‘rnatish uchun 15-20 daqiqacha vaqt ketdi. Ikkita sotuvchi hafsala bilan menga yordam berdi va jarayon cho‘zilib ketgani uchun uzr ham so‘rashdi. Xuddi o‘sha filmdagi kabi egilibgina... 

Yaponiyaning eng mashhur binosi Skytree teleminorasi. Afsuski, u yerga borgan kunimiz havo bulutli va tuman edi. Shu bois Tokioni 643 metr balandlikdan ko‘rish nasib qilmadi. Minoraning yarmi ham ko‘rinmayotgandi tuman sabab. Shunday bo‘lsa-da, minoraning tepasiga chiqish uchun chipta sotib olish uchun kassaga bordim. Ammo har qancha g‘alati tuyulmasin kassadagi qiz meni chipta olish fikrida qaytardi. U tepada faqat bulut ko‘rinishini, bekorga pul sarflaganim qolishini aytdi. Mantiqan olib qaraganda kassadagilar ko‘proq chipta sotishi kerak, ammo ularga asosiy vazifa sifatida Tokio mehmonlari bu shahardan yomon taassurot bilan qaytmasliklari qo‘yilgan ko‘rinadi. 

Tokio metrosi haqida alohida gapirish mumkin. Dunyodagi eng katta metrolardan biri bo‘lgan Tokio metrosining xaritasini ko‘rganda unda biror yerga borish juda murakkab deb o‘ylash mumkin, ammo aslida bu metropolitendan foydalanish juda qulay. Har bir stansiyaning kiraverishida metro xaritasi bor. U ingliz va yapon tillarida yozilgan. Stansiyalar raqamlar bilan belgilangan va alohida rang bilan bo‘yalgan. 

Qayerga borishingizni bilsangiz, aslo adashib ketmaysiz. Ko‘p qavatli bekatlarning har birida turli yo‘nalishlar bo‘yicha metroga chiqish mumkin. Agar Yaponiyada Skytree minorasiga bormoqchi bo‘lsangiz, «Oshigae» stansiyasini toping. Shundoq chiqishingiz bilan qarshingizda mahobatli Tokio minorasi ko‘rinadi. Uning atrofidagi ko‘chalarda Skytree qayerda ekanini ko‘rsatadigan belgilar juda ko‘p. 

Tokio metrosi poyezdlarning tez kelmasligi bilan Toshkent metrosiga o‘xshab ketadi (masalan, Moskva metrosida kunduzlari poyezdni odatda bir daqiqa ham kutmaysiz). Metro narxi bir xil emas, qaysi bekatga borishingizga qarab turli narxlar belgilangan. Skytree`gacha 10 ta stansiya yurish kerak bo‘ldi va bu uchun 250 iyenaga chipta sotib oldim. Bu taxminan 2,2 AQSh dollari degani. Bu o‘rtacha narx, qimmatroq va arzonroq yo‘nalishlar ham bor. 

Safarimiz davomida Tokio ko‘chalarida O‘zbekiston bayroqlari osig‘liq turganini ko‘rish yoqimli bo‘ldi. Chunki o‘sha vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgandi. 

Samolyotga chiqqanda esa Yaratganning qudratiga yana bir bor guvoh bo‘lishingiz mumkin... Tokio tubsiz va cheksiz Tinch okeani sohilida joylashgan. Uchoq osmonga ko‘tarilishi bilan quruqlikning oxirida ekaningizni ko‘rasiz. Sayyoramiz chindan dumaloq ekani bilinadi. Ko‘z o‘ngingizda ummon sirti dumaloq Yerda muallaq turganini ko‘rib, hayratda qolasiz. Yerdan qaraganda osmonga tutashib ketgandek ko‘rinadigan Tokioning osmono‘par binolari ko‘zingizga kichkina bo‘lib ko‘rinadi. Masha shunday ajoyib shahar Tokio. Agar u yerga borish imkoni tug‘ilsa, aslo o‘tkazib yubormang. Darvoqe, kelasi yil yozda Tokioda yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tkaziladi... 

 O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: