Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro G‘.H. muqaddam uch marotaba o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan. Oxirgi marta ozodlikdan mahrum etilganidan so‘ng unga yana bir bor imkoniyat berilib, o‘talmay qolgan jazo muddati axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.
Postda.uz’ning yozishicha, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan G‘.H. ozodlikka chiqqanidan so‘ng yana «eski hunari»ni boshladi. Spirtli ichimlik iste'mol qilgach, oldindan ko‘zlab yurgan amakisining uyiga o‘g‘rilikka kirishga qaror qildi. Shundan so‘ng odamlarga o‘zini biror yumush bilan yurgandek ko‘rsatib, Konchilar mahallasidagi amakisinikiga bordi. Uyning darvozasi ochiq edi. U yoq-bu yoqqa yurib, atrofni kuzatdi. Keyin amakisining ismini aytib chaqirgancha hovliga kirib bordi. Biror kishi ko‘rinmagach, uy ichiga kirdi. Dastlab yotoqxonadagi shkaf ichidan 158 000 so‘m pul, tokchadan bir dona «Samsung» rusumli uyali telefon apparati va boshqa maishiy buyumlarni oldi. Shu payt ko‘cha tomondan xonadon egalarining ovozi eshitildi. Derazadan sakrab qochishni mo‘ljalladi-yu, fikridan qaytdi. Javon ortiga yashirinib, qochish uchun qulay fursatni kuta boshladi.
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Xonadonga ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelishdi. Chunki G‘.H. uyga kirayotgan paytda oyoq kiyimini dahlizga yechib qo‘ygan edi. Begona oyoq kiyimini ko‘rgan uy egalari buni allaqachon payqagan, o‘zlarini sezmagandek ko‘rsatib, ichki ishlar organlariga xabar bergandi.
Qilmish – qidirmish deganlaridek, G‘.H. ham qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, o‘margan narsalarini egasiga qaytardi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining hukmi bilan unga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.