Joriy yilning 22 dekabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sayloviga barcha siyosiy partiyalar qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Albatta, bugun yurtimizda bir nechta siyosiy kuchlarning faoliyat ko‘rsatayotgani jamiyatimizda sog‘lom raqobatni vujudga keltirib, ularni chinakamiga kurashga chorlayapti. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham bu jarayonda faol ishtirok etib el nazarida bo‘lishga, chin ma'noda xalq partiyasiga aylanishga astoydil harakat qilmoqda. Bunga erishish uchun avvalo partiyalar davr shiddatiga va bugungi kun talabiga mos holda ish olib borishlari lozim. Tabiiyki, bu jarayonda puxta va mukammal ishlab chiqilgan dastur alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham shu nuqtai nazardan Saylovoldi platformasini o‘zining ezgu g‘oya va maqsadlari asosida yangiladi. Buning uchun joylarda debatlar tashkil etilib partiya deputatlarining, faollarining, elektoratning takliflari o‘rganildi.
Butun Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan Debatlarda bildirilgan fikrlar, takliflar, tavsiyalar asosida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi ishlab chiqildi va partiyaning 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi S'yezdida tasdiqlandi.
Dastur oldingidan farqli o‘laroq 7 ta emas balki 8 ta muhim ustuvor vazifalarni qamrab oldi.
I. Davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, yuksak ma'naviyatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari
II. Mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etishning ustuvor yo‘nalishlari
III. Milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari
IV. Ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, mamlakatda ta'lim-tarbiyani isloh etishning ustuvor yo‘nalishlari
V. Tashqi siyosat, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlashning ustuvor yo‘nalishlari
VI. Ma'naviy-ma'rifiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlar
VII. Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish hamda turizmni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari
VIII. Milliy axborot makonini rivojlantirish va axborot ta'minoti sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar Partiya dasturini tashkil etadi.
E'tiborlisi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hamda deputatlari tomonidan 2020-2024 yillarda ishlab chiqish va tashabbus qilish rejalashtirilgan qonunlar, konsepsiyalar, strategiyalar va dasturlar loyihalari, ularning o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan jamoatchilik, deputatlik va parlament nazoratini amalga oshirish rejasi ham Dasturga ilova qilingan. Ular bilan yaqindan tanishgan kishida partiya haqida iliq tasavvur va taassurotlar uyg‘onib, ezgu g‘oya va maqsadlarni qo‘llab-quvvatlash istagi paydo bo‘ladi.
Partiya o‘z dasturi bilan aholini yaqindan tanishtirish, xayrixoh va tarafdorlari sonini yanada oshirish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini olib bordi. Bu yilgi targ‘ibot tadbirlarining miting ya'ni namoyish ko‘rinishida tashkil etilishi uning samaradorligini yanada oshirdi. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan «Birmiz! Qo‘lni qo‘lga beramiz!» shiori ostida boshlangan targ‘ibot tadbirlari Miting ko‘rinishida butun Respublikamizni qamrab oldi. Viloyat, tuman va shahar markazlarida ommaviy tadbir, mitinglar o‘tkazildi.
Samarqand shahridagi mahobatli Registon maydonida o‘tkazilgan Mitingda partiya Markaziy, viloyat, shahar va tuman kengashlari faollari, mahalliy kengash deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari va partiyaga xayrixoh bo‘lgan faol yoshlar hamda OAVlari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda asosiy e'tibor shu yilning 22 dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi oldidan partiya xayrixohlarini bir maqsad yo‘lida yanada jipslashtirishga hamda partiya g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratildi.
«Birmiz! Qo‘lni qo‘lga beramiz!» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov so‘zga chiqib, bu yilgi saylov kampaniyasi «Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar» shiori ostida tashkil etilayotganini ma'lum qildi. Saylov bu, eng avvalo xalqimizning davlat hokimiyati organlari faoliyatida o‘z vakillari orqali ishtirok etishdek Konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish hamda mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning yorqin ko‘zgusi ekanligini alohida ta'kidladi. Siyosiy jarayonning mamlakatimizda ilk bora yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkazilayotgani uning yanada ochiq, oshkora va shaffof kechishini ta'minlashiga ishonch bildirdi. Saylovda faol ishtirok etib, g‘alaba qozonish O‘zMTDPning bosh maqsadi ekanligini ta'kidlab partiyaning ilgari surayotgan g‘oyasi, ustuvor vazifalari bilan to‘planganlarni yaqindan tanishtirdi.
Shu kabi mitinglar partiya viloyat Kengashi tomonidan barcha tuman va shaharlar markazlarida tashkil etildi. Ularda partiya viloyat, tuman va shahar kengashlari faollari, mahalliy kengashlar deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari va partiyaga xayrixoh bo‘lgan fuqarolar hamda faol yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirlarda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining g‘oya va maqsadlari, Saylovoldi dasturi keng targ‘ib qilindi. Saylovda faol ishtirok etib, eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lish O‘zMTDP ning asosiy maqsadi ekanligi alohida ta'kidlandi hamda barcha fuqarolar qo‘lni qo‘lga berib yangi O‘zbekistonni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bilan birga qurishga da'vat etildi.
Partiya g‘oyalarini yanada kengroq yoyishga qaratilgan tadbirlarning ahamiyati shunda bo‘ldiki, mitinglar joriy yilning 22 dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi oldidan partiya xayrixohlarini bir nuqtada birlashtirib, ularni ezgu maqsad yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Hozirda joylarda partiyaning saylovoldi targ‘iboti va nomzodlarning saylovoldi tashviqoti qizg‘in davom etmoqda.
Yolqin Oqbo‘tayev,
O‘zMTDP Samarqand viloyat
Kengashi Matbuot kotibi