Pulning qadri qolmadi, qanchalik ko‘p daromad topsak ham, ro‘zg‘orga yetmayapti, deydiganlar oz emas oramizda. Chindan ham so‘nggi yillarda tovar va xizmat narxlari keskin oshib ketdi. Natijada pul qadrsizlandi. Buning juda ko‘p omillari bor.
Oddiy misol: non narxi erkinlashtirildi. O‘z-o‘zidan narx ham yuqorilashdi. Yana bir necha omillar pul qadrsizlanishiga olib keldi. Ushbu holat iqtisodiyotda «inflatsiya» tushunchasi bilan izohlanadi va uning darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, aholining xarid qobiliyati shuncha pasayadi. Aslida, inflatsiya eng rivojlangan davlatlar iqtisodiyotida bor, agar u normal (4 foiz) holatda bo‘lsa, xavf tug‘dirmaydi. Ammo O‘zbekiston sharoitida o‘rtacha 13-14 foiz bo‘lgan inflatsiya yirik muammo hisoblanadi. Umuman olganda, inflatsiya darajasini pasaytirish imkoni bormi? Unga qanday omillar ta'sir ko‘rsatadi?
«Inflatsiyaning oshishi aholiga soliq yukini oshiradi»
Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasi vaqtida inflatsiya darajasi, uning yuqoriligiga sabab bo‘lgan omillar bo‘yicha quyidagi ma'lumotni taqdim etgandi.
«Iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan holatda joriy yilda inflatsiya darajasi nisbatan baland bo‘lishi va u 15,5 foizni tashkil etilishi kutilyapti. Inflatsiyani keyingi yilda 12,5-13 foizgacha pasaytirish, 2022 yil yakuni bilan esa 9-9,5 foizgacha pasaytirish lozim bo‘ladi. Buning uchun monetar va fiskal sohada muvofiqlashtirilgan holda qilinadigan choralar, raqobatbardosh iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishning aniq yo‘nalishlari amalga oshiriladi. Umumiy fiskal taqchillikni 2022 yilgacha YaIMga nisbatan 1,5 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.
Yaqinda Xalqaro valuta jamg‘armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy prognozlari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi inflatsiya MDHdagi eng yuqori ko‘rsatkich, deb qayd etildi. Bunga bir necha omil sabab bo‘lgan. Birinchidan, investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoj. Yillar davomida bu muammo yig‘ilib qolgan. Ehtiyojni qoplash uchun ichki va tashqi moliyaviy manbalar ishga solindi. Kreditlar hajmi yil yakunlari bilan 40 foizdan ortiq bo‘lishi kutilyapti.
Ikkinchidan, tariflar. Non va un narxi erkinlashtirildi. Mana, yaqinda deputatlar fermerlar murojaatini ko‘rib berishdi. Shu kabi masalalar inflatsiyaga o‘z ta'sirini o‘tkazyapti. Savol tug‘ilishi mumkin: nega inflatsiya darajasini keskin tushirishga harakat qilinmayapti? Avvalo, iqtisodiyotda moliyaviy manbalarga bo‘lgan ehtiyoj qondirilmay qoladi, iqtisodiy o‘sish darajasi pasayib ketadi. Shuning uchun buni bosqichma-bosqich hal qilishimiz kerak.
Uchinchidan, xalqaro valuta bozoridagi va O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor mamlakatlari yirik valuta kurslari almashinuvi sababli milliy valutaning ma'lum darajada devalvatsiyasi sodir bo‘ldi.
Inflatsiya 2 yildan beri o‘sib kelyapti. Kelgusi yildan kredit, budjet xarajatlari, tashqi qarzlarni kamaytirish, oqilona tarif siyosatini yuritish orqali inflatsiyani pasayishiga erishmoqchimiz. Inflatsiya eng muhim kategoriya, chunki uning ortidan tadbirkorlar, fuqarolar daromadi kelib chiqadi. Inflatsiya darajasi oshaversa, aholiga soliq yuki ham ortib boraveradi».
«Inflatsiyani yaratayotgan sabablardan biri davlatning iqtisodiyotga haddan ziyod aralashuvidir»
Otabek Bakirov (Telegramdagi bakiroo kanali muallifi):
So‘nggi 3 yil davomida inflatsiyaning yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilayotgani sabablari Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan «Monetar siyosatning 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»da aniq-ravshan sanab o‘tilgan. Qaysi omil eng asosiylari ekani borasida turlicha qarashlar mavjud, bu borada soatlab bahslashish mumkin. Mening nazarimda, yangi davrda inflatsiya yaratayotgan asosiy sabablar davlatning iqtisodiyotga haddan ziyod ortiqcha aralashuvi (samarasiz loyihalarga: investitsiyalardan tortib arzon kreditlargacha kirib ketadi), iqtisodiyotning asosiy zanjirlarida monopol holat saqlanib qolayotgani va kuchayib borayotgani hamda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarida ertangi kunga ishonch yuqori emasligi natijasida shakllanayotgan salbiy kutilmalar hisoblanadi. Inflatsiya aslida qo‘rqinchli jarayon emas, iqtisodiyot bor joyda inflatsiya, albatta, bo‘ladi, bu qay masalada xato yo‘ldan ketayotganimiz bo‘yicha asosiy signaldir. Asosiysi bu signalni to‘g‘ri o‘qiy va baholay olishimizda.
Inflatsiyani bir xonali raqamga tushirish hukumatning emas, Markaziy bankning vazifasi hisoblanadi. Ayni shu vazifani bajarish uchun ham kelasi yildan inflyatsion targetlash rejimiga o‘tilmoqda. Agar o‘zimiz belgilayotgan qoidalarga o‘zimiz amal qila olsak, istisnolar boshlanib ketmasa, vazifani uddalash mumkin albatta. Vazifani bajarishda va maqsadga yetishda jamoatchilik bilan ishlash katta ahamiyatga ega. Shu o‘rinda 1930-yillardagi bo‘hrondan chiqishda va «Yangi yo‘l» siyosatini amalga oshirishda Amerikaning 32-prezidenti Ruzveltning shaxsan o‘zi olib borgan «Kamin oldidagi suhbatlar» radiodasturi esga tushadi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga ishonchni yaratish uchun jamoatchilik bilan ko‘proq ishlash kerak, jamoatchilik qo‘llovi va fikrisiz ishonch defitsitini bartaraf etish juda qiyin.
Inflatsiya ko‘rsatkichi bo‘yicha hukumat (16 foiz) va Markaziy bank (13,5-15,5 foiz) o‘lchovlari va prognozlari turlicha bo‘lishi tabiiy, butun dunyoda shunday. Hukumat va Markaziy bankning vazifa va maqsadlari hamisha ham kesishavermaydi. Hukumat oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish, ayniqsa o‘tish davrida, bugun natija talab qilinayotgan sharoitda ko‘pincha pul-kredit siyosati maqsadlariga muqoyasa bo‘lavermaydi.
«Yaqin yillar ichida import hajmi oshgani ham inflatsiyaga o‘z ta'sirini o‘tkazdi»
Baxtishod Hamidov (ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida tadqiqotlar sektori bosh ilmiy xodimi)
Nazariy jihatdan inflatsiyaga taklif, talab va import omillari guruhi ta'sir qiladi. Hammaga ma'lumki, inflatsiya bu umumiy iste'mol mahsulotlari va xizmatlar narxlari oshishi. Agar ishlab chiqarish xarajatlari oshsa, mahsulotlar narxi oshadi va bu taklif inflatsiyasini keltirib chiqaradi. Boshqa tarafdan, aholi daromadlarining oshishi bozordagi mahsulot va xizmatlarga talabni oshiradi, bu esa talab inflatsiyasiga sabab bo‘ladi. Undan tashqari, milliy valutaning qadrsizlanishi import qilinadigan iste'mol tovarlari narxining oshishiga sabab bo‘ladi va bu import inflatsiyasini keltirib chiqaradi. O‘zbekiston sharoitida har uch omil guruhi inflatsiya darajasiga o‘z ta'sirini ko‘rsatib kelmoqda. Lekin alohida omillar guruhining sof ta'sir kuchi haqida tahlilchilarning fikrlari turli xil.
Taklif omillari ichida oxirgi yillardagi soliq siyosati, xususan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi tadbirkorlik sub'yektlarining qamrovi kengayganini alohida aytish mumkin. Bu o‘z navbatida, mahsulotlar narxi oshishiga olib keldi. Boshqa tomondan, narxlar davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar va xizmatlarning ko‘pchiligi uchun bozor narx shakllanish tizimiga o‘tildi. Bu tovar va xizmatlar uchun bozor narxlari ancha balandligi sababli iqtisodiyotdagi umumiy narxlar darajasida ta'sir ko‘rsatdi. Yaqinda Prezident ta'kidlagan davlat korxonalarining samarasiz ishlashi ham, bu korxonalar monopol statusga ega bo‘lgan sharoitda ularning mahsulot va xizmatlari narxi oshishga olib keladi va inflatsiyani keltirib chiqaradi.
Inflatsiyaga kreditlash ko‘lamining ta'siri katta, deb qarash keng tarqalgan. So‘nggi yillarda kreditlash ko‘lami oshgani rost. Jumladan, aholi uchun «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida kreditlar berilmoqda. Bu o‘z navbatida bozorda qo‘shimcha talab keltirib chiqarish orqali narxlarning oshishiga ta'sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, davlat sektorida ish haqi o‘rtacha 30-40 foizga oshgani va daromad solig‘i tushirilgani ham bozordagi narxlarga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Import inflatsiyasi omillari ichida valuta liberalizatsiyasi (erkinlashtirilishi) siyosati omilining roli katta. Bu milliy valuta so‘mning qadrsizlanishiga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Valuta kursi o‘zgarishi import narxlariga ta'siri orqali ichki inflatsiyaga bevosita ta'sir qiladi. Bu ta'sir odatda rivojlangan davlatlarga qaraganda rivojlanayotgan davlatlarda kattaroq bo‘ladi. Buning sababi iste'mol savatida xalqaro bozorda oldi-sotdi qilinuvchi, xususan oziq-ovqat tovarlarning ulushi katta. So‘nggi yillarda import ko‘lamining eksport ko‘lamiga nisbatan oshib ketishi ham devalvatsiyaga ta'sir qilmoqda. Natijada, import qimmatlashmoqda, narxlarning umumiy darajasi oshmoqda. Ba'zilar import aslida oshmadi, liberallashuv siyosati natijasida «rasmiylashdi» deyishi mumkin. Lekin liberallashuv siyosatining iqtisodiyotning ba'zi tarmoqlaridagi ishlab chiqarishning kamayishi bilan to‘g‘ri kelishi, haqiqatan ham import oshganini bildiradi.
Oxirgi yillarda inflatsiyani jilovlashga siyosiy xohish borligi ko‘rinib turibdi. Jumladan, inflyatsion targetlashga o‘tish va budjet qonun ko‘rinishida qabul qilinishi bir tarafdan siyosiy tartibni ta'minlaydi va davlat pul-kredit va fiskal siyosati borasidagi ishlarning aniqligi oshishi hisobiga inflyatsion kutilmalarni jilovlanishiga xizmat qiladi.
Inflatsiya so‘zi aslida nazariy tushuncha bo‘lib, uni baholovchi ko‘rsatkichlar odatda iste'mol narxlar indeksi (INI) hisoblanadi. Bu indeksni hisoblash uchun aholi farovonligini ta'minlovchi tovar va xizmatlar ro‘yxati, ularning ahamiyatlilik darajasi va narxlaridagi o‘zgarishlar bo‘yicha ma'lumotlar kerak bo‘ladi. Bu ro‘yxatni shakllantirishda turli davlat idoralari bir-biriga o‘xshamagan hisob-qitoblar qiladi. Shu sababli hukumat va Markaziy bank inflatsiya darajasini ikki xil raqamda aytadi.
Xulosa
Har bir o‘tish davrida qiyinchiliklar bo‘ladi, busiz imkoni yo‘q. 3 yil oldin boshlangan iqtisodiy o‘zgarishlar ham mavjud shart-sharoitlarga moslashib olishi uchun yo‘qotishlar bo‘lishi kutilgan holat, albatta. Sohada markazlashuvning biroz chekinishi narxlar oshishiga, natijada, narxlar oshishiga, inflatsiyaga olib keldi. Yuqorida aytilganlar asosiy omillar bo‘ldi. Har dardning davosi bo‘lganidek, narxlarni ham barqarorlashtirish imkoni mavjud. Hech kimga sir emas: iqtisodiyotda to‘g‘ri mexanizmlar qo‘llansa, fuqarolarning to‘lov qobiliyati barqarorlashadi. Yuqori inflatsiyani vaqtinchalik holat sifatida qabul qilib, biroz muddatdan so‘ng vaziyat yaxshilanishiga umid qilamiz.
Muhabbat Ma'mirova