Moliya vazirligiga yangi funksiyalar yuklatiladi

Iqtisodiyot 09:42 / 14.12.2019 8923

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishning qo‘shimcha chora-tadbirlari qabul qilinadi. Prezidentning tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 3 martdagi PQ-4265-son “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4124-son “Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan yillik moliyaviy hisobotning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS)ga muvofiq e'lon qilinishi va uni Auditning xalqaro standartlari (AXS) asosida tashqi auditdan o‘tkazilishi nazarda tutilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan ASSA (Association of Chartered Certified Accountans) o‘rtasida hisob, audit va biznesni boshqarish sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar bo‘yicha kasbiy o‘qitishga, shuningdek nodavlat ta'lim muassasalarini va oliy ta'lim muassasalarining o‘quv dasturlarini bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash uchun ishlar olib borilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi MHXSni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanadi va unga quyidagi funksiyalar yuklatiladi:

MHXSni joriy etish jarayonini, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan moliyaviy hisobotni MHXSga muvofiq o‘z vaqtida e'lon qilishini monitoring qilish va ushbu qarorda nazarda tutilgan talablarning bajarilish natijadorligini tahlil qilish;

MHXS sohasida mutaxassislarni tayyorlashda jahonning ilg‘or tajribasini ommalashtirish va O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari va o‘quv markazlarini bosqichma-bosqich akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish;

o‘quv jarayonining, imtihonlarni o‘tkazish va ular natijalarini baholashning hamda sertifikat berishning shaffofligini ta'minlovchi jahonning ilg‘or tajribasini va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda MHXS bo‘yicha sertifikatlashning samarali tizimini tashkil etish;

o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni o‘qitish va oliy ta'lim muassasalari ilmiy-pedagogik kadrlarining malakasini oshirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni o‘tkazishda har taraflama ko‘maklashish;

MHXSni joriy etishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish.

Belgilanishicha:

a) 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXSga muvofiq tayyorlovchi tadbirkorlik sub'yektlari buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo‘yicha moliyaviy hisobotni taqdim etishdan ozod etiladi;

b) aksiyadorlik jamiyatlari, banklar, sug‘urta tashkilotlari, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar:

MHXS asosida 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab buxgalteriya hisobining yuritilishini tashkil etadi va 2021 yilning yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni tayyorlaydi;

2021 yilning yakuniga qadar buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida MHXS bo‘yicha “Moliyaviy hisob” yoki “Moliyaviy hisobot” fanlarini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga (ASSA va uning diplomlari, SRA, CIPA) ega bo‘lgan uch nafar mutaxassisdan kam bo‘lmagan miqdorda MHXSni sifatli qo‘llash uchun yetarli bo‘lgan xodimlar soni bilan ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi belgilangan tartibda:

a) 2020 yilning 1 avgustiga qadar bakalavriat va magistratura ta'lim yo‘nalishlarining “buxgalteriya hisobi” va “audit” mutaxassisliklari bo‘yicha MHXSni chuqurroq o‘rganishni nazarda tutuvchi yangilangan o‘quv dasturini tasdiqlaydi va belgilangan tartibda o‘quv jarayoniga joriy etadi;

b) 2020 yildan boshlab tajriba oliy ta'lim muassasalarining o‘quv dasturlarini buxgalteriya hisobi sohasida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va keyinchalik mazkur tajriba loyihasini bosqichma-bosqich respublikadagi boshqa oliy ta'lim muassasalariga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qiladi.

Belgilanishicha:

oliy ta'lim muassasalarida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab buxgalteriya hisobi va audit fanlarini o‘qitish faqat MHXS bo‘yicha “Moliyaviy hisob” yoki “Moliyaviy hisobot” fanlarini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga (ASSA va uning diplomlari, SRA, CIPA) ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi;

“buxgalteriya hisobi” va “audit” yo‘nalishi bo‘yicha pedagog kadrlarni o‘quv markazlarida o‘qitish xarajatlari oliy ta'lim muassasalarining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida moliyalashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: