«Birdaniga 2000ta hujjat o‘z kuchini yo‘qotadi». Adliya vaziri qonunchilik bazasidagi «tozalashlar» haqida gapirdi

O‘zbekiston 20:41 / 14.12.2019 12287

Vazirga ko‘ra, idoraviy hujjatlar soni juda ham ko‘payib ketgan bo‘lib, ular iqtisodiyotni, ijtimoiy munosabatlarni “bo‘g‘ib qo‘yyapti”. Hujjatlar sonini qisqartirish orqali “havo olib kirish” kerak.

“Gilotina mexanizmi ko‘plab davlatlarda qo‘llaniladigan tendensiya. U qonun hujjatlari juda ko‘payib ketganda joriy etiladi. Ya'ni hujjatlar birdaniga o‘z kuchini yo‘qotadi. Biz buning uchun 2000ta hujjatni tayyorlab qo‘yganmiz”, ─ dedi adliya vaziri.

Vazir axborotiga ko‘ra, 1991-2015 yillarda 60 mingta huquqiy-normativ hujjat qabul qilingan. Oxirgi uch yilda esa bu ko‘rsatkich 15 mingtani tashkil etadi. 

Vazir qonunchilik bazasi bunday katta bo‘lganida o‘rtaga chiqadigan uchta masalani sanab o‘tdi.

“Qonunchilik bazasi kengaygan, lekin bunda boshqa masalalar ham o‘rtaga chiqadi. Birinchidan, sifat. Ular qay darajada kuchga ega? Ikkinchidan, barqarorlik. Qonunlar tez-tez o‘zgarib turishi yaxshi emas. Biz investitsiya jalb qilishga harakat qilyapmiz, xalqni ham shunga undayapmiz. Tez o‘zgaradigan qonunlarga ishonch bo‘lmaydi. Uchinchidan, ijro masalasi. Qonun qabul qilinyapti, lekin uning ijrosi qay ahvolda?” ─ dedi u. 

Ma'lum qilinishicha, qonunchilik bazasining 97 foizini qonunosti hujjatlari tashkil etadi. Bular idoraviy hujjatlardir.

“Bir yilning o‘zida noqonuniy qabul qilingan idoraviy hujjatlarni ham aniqladik. Umummajburiy bo‘lgan, xalq manfaatlariga daxldor hujjatlarni o‘zining ichki buyrug‘i bilan qabul qilib qo‘ygan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan. Shu yilning o‘zida umumiy bazaning 10 foizi ─ 300ta idoraviy hujjatni bekor qilishni maqsad qilgan edik, 11 foizi ─ 400tasi bekor qilindi”, ─ deya qo‘shimcha qildi Ruslanbek Davletov.

Ko‘proq yangiliklar: