Ukrainada italyan mo‘jizasi va pley-offda faqat «kuchli beshlik» jamoalari

Sport 12:43 / 12.12.2019 17679

Chorshanba oqshomida Chempionlar ligasining guruh bosqichi yakunlandi. So‘nggi ikki yo‘llanmaga «Atalanta» va «Atletiko» ega chiqdi.

Pley-offga chiqqan barcha jamoalar:
«Yuventus» (D guruhi, 1-o‘rin)
«Atletiko» (D guruhi, 2-o‘rin)
«Leypsig» (G, 1-o‘rin)
«Lion» (G, 2-o‘rin)
«PSJ» (A, 1-o‘rin)
«Real» (A, 2-o‘rin)
«Bavariya» (B, 1-o‘rin)
«Tottenhem» (B, 2-o‘rin)
«Manchester Siti» (C, 1-o‘rin)
«Atalanta» (S, 2-o‘rin)
«Liverpul» (Ye, 1-o‘rin)
«Napoli» (Ye, 2-o‘rin)
«Barselona» (F, 1-o‘rin)
«Borussiya» D (F, 2-o‘rin)
«Valensiya» (H, 1-o‘rin)
«Chelsi» (H, 2-o‘rin)

Chempionlar ligasining 1/8 finaliga qur'a tashlash marosimi 16 dekabr kuni o‘tkaziladi. Guruhlarida birinchi o‘rinni egallagan jamoalar va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar alohida savatchalarda bo‘lishadi.

Nimchorak finalning ilk uchrashuvlari 2020 yilning 18/19 va 25/26 fevral kunlarida, javob bahslari — 10/11 va 17/18 mart kunlarida o‘tkaziladi.

S guruhi
«Shaxtyor»da fiasko

«Shaxtyor» — «Atalanta» — 0:3 (Kastan, 66. Pashalich, 80. Gosens, 90+4).

«Konchilar» o‘z taqdirlarining xo‘jayini edi. Uy uchrashuvidagi g‘alaba jamoaga guruhda ikkinchi o‘rinni egallashni kafolatlardi, Zagrebda parallel kechgan uchrashuvda kerakli hisob qayd etilsa, durang ham yetarli bo‘lardi. Ammo «Shaxtyor»ning birinchi bo‘limda qilgan bor ishi ofsayd tufayli hisobga olinmagan gol bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa Jan Pero Gasperinining yaxshi shakllangan jamoasi haqiqiy qahramonlik ko‘rsatib, 1/8 finalga chiqa oldi. Holbuki italyanlar guruhdagi dastlabki uch uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrashgan va to‘rtinchi o‘yinda durang o‘ynashgandi.

Bu, albatta, rekord emas, bunday jasorat 2002 yilda «Nyukasl» tomonidan ham ko‘rsatilgandi. O‘shanda, inglizlar o‘sha vaqtdagi tartibga ko‘ra ikkinchi bosqichdagi guruhga o‘tishgandi. Lekin «Atalanta» — Chempionlar ligasi debyutanti ekanini ham hisobga olish kerak. Balki bu jamoa ayni vaqtida, videotakrorlar qo‘llana boshlangach turnirga chiqqani ayni muddao bo‘lgandir. Agar VAR bo‘lmaganida Feliks Tsvayyer va uning jamoasi o‘yin taqdirini hal qilgan birinchi golni hisoblamagan bo‘lardi. Ammo texnika bu gol muallifi Kastanga pas uzatgan Gomes ofsaydda bo‘lmaganini ko‘rsatib berdi.

Mezbonlar uchun yana bir hal qiluvchi zarba Dodoning raqib futbolchisining yuziga urgani uchun maydondan chetlatilishi bo‘ldi. Bir necha daqiqa o‘tib raqiblar safidagi ukrainalik futbolchi, «Shaxtyor» tarbiyalanuvchisi Malinovskiyning jarima zarbasidan bergan uzatmasini Pashalich golga aylantirdi. O‘yin oxirida mehmonlarning to‘purar himoyachisi Gosens mezbon himoyachilari xatosidan foydalanib o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi va «Atalanta» 7 ochko bilan ham guruhda ikkinchi bo‘ldi. Shu tariqa, Chempionlar ligasi tarixida ilk marta 1/8 finalda Yevropaning faqat beshta kuchli chempionati vakillari ishtirok etadigan bo‘ldi.

«Dinamo» Z — «Manchester Siti» — 1:4 (Olmo, 10 — Gabriel Jyezus, 34, 50, 54. Foden, 84).

Zagreb ham 1/8 finalga chiqishdan umid uzmagandi va yaqinda Ispaniya termasida debyut qilgan Olmo hisobni ochganida jamoa bunga yaqinlashgandi - onlayn jadvalda xorvatiyaliklarda 8 ochko jamg‘arilgandi.

Ammo o‘yinning qolgan qismi Gabriel Jyezusga bag‘ishlandi, u avvaliga Mahrezning uzatmasiga bir teginish bilan Chempionlar ligasidagi 10-golini urdi. 22 yoshu 252 kunligida u ko‘hna qit'aning asosiy turnirida eng tez ikki raqam bilan ifodalanadigan gol urgan ilk braziliyalikka aylandi. Avvalgi rekordchi Neymar turnirdagi 10-golini urganida 23 yoshdan oshgandi.

Jyezus esa bu bilan to‘xtab qolmadi va ikkinchi bo‘lim boshida raqib himoyachilarini osonlik bilan dog‘da qoldirib ikkinchi golini urdi. Bu chiroyli gol uning professional faoliyatidagi 100-gol bo‘ldi. U het-trikni nishonlaganida, bu gol Gvardiola davridagi «Siti»ning 500-goli bo‘ldi. Buning uchun «shaharliklar» 199 o‘yin o‘tkazishi kifoya qildi.

D guruhi
Buffon qutqardi, Ronaldu gol urdi

«Bayyer» — «Yuventus» — 0:2 (Krishtianu Ronaldu, 75. Iguain, 90+2).

Leverkuzendagi o‘yinda «Keksa sinora» darvozasini Buffon egalladi. Endi Jiji Chempionlar ligasida ishtirok etgan eng keksa ikkinchi futbolchi - 41 yoshu 317 kun (U faqat yana bir italiyalik darvozabon Marko Balottadan ortda). Qolaversa u yevrokubokda 51-marta «quruq» o‘yin o‘tkazdi. Bu borada undan faqat Kasilyas (57) oldinda.

Leverkuzenliklar esa o‘z o‘yinida g‘alaba qozonishdan tashqari «Lokomotiv» Madridda mo‘jiza ko‘rsatishiga umid qilishi kerak edi.  «Yuventus»da esa darvozasidagi tajribali futbolchidan tashqari hujumida ham har qanday o‘yin taqdirini hal qila oladigan futbolchi bor edi. O‘yinning 75-daqiqasida Krishtianu Ronaldu kerak vaqtda kerak joyda paydo bo‘ldi va Dibalaning uzatmasini golga aylantirdi. Qo‘shimcha vaqtlarda esa argentinalik yosh hujumchi boshqa bir argentinalik tajribali hujumchi Iguainga gol urishda yordam berdi, nemislar esa Yevropa Ligasi bilan ovunadigan bo‘lishdi.

V guruhi
«Bavariya»ning rekordi va «Olimpiakos»da yo‘llanma

«Bavariya» — «Tottenhem» — 3:1 (Koman, 14. Myuller, 45. Filippe Koutino, 64 — Sessenon, 20).

Joze Mourinoni o‘tmish qiziqtirmaydi. «Shporlar» muxlislari Myunxenga safarda birinchi davradagi yirik hisobdagi mag‘lubiyat (2:7) uchun qasos olinishini istashgan bo‘lsada, portugaliyalik mutaxassis faqat kelajakdagi o‘yinlarni o‘yladi. U natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan o‘yinga Alli va Keynni olib ketmadi, Son Xin Min — o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi.

Natijada muxlislar tomoshabop o‘yin guvohi bo‘lishdi, «Bavariya» ko‘proq hujum qildi. Lekin mezbonlar 19 yoshli Sessenonga «Tottenhem»ning YeChLda gol urgan eng yosh futbolchisi bo‘lishiga to‘sqinlik qila olishmadi. Tenglik birinchi bo‘lim yakuniga qadar saqlanib qoldi, Myuller jarima maydonidagi tartibsizlikdan keyin bo‘sh darvoza qarshisida qoldi va turnirdagi gollari sonini 44taga yetkazib, Drogbani quvib o‘tdi hamda turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 11-o‘ringa ko‘tarildi.

Filippe Koutinoning o‘ziga xos zarbasi jamoaga turnirning guruh bosqichida tarixiy natija ko‘rsatishiga olib keldi, «Bavariya» guruh bosqichini 100 foizlik natija va gollar nisbatiga ko‘ra «+19» bilan yakunladi. Sakkiz yil muqaddam «Real» ham guruhda 18 ochko to‘plagan va gollar nisbatiga ko‘ra «+17» natijasini qayd etgan edi.

«Olimpiakos» P — «Tsrvena Zvezda» — 1:0 (El-Arabi, 87, penalti).

Valbuenasiz o‘ynagan greklarga Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun faqat g‘alaba zarur edi, ammo ularning birinchi bo‘limdagi hujumlari belgradliklarning mudofaasidan o‘tmadi, o‘tsa ham darvozabon qutqarib turdi. Bo‘lim oxirida «Tsrvena Zvezda» qarshi hujum uyushtirdi va Marinni jarima maydoni ichida yiqitishdi. Ammo Tomane 11-metrlik nuqtadan kuchli zarba yo‘llab darvoza to‘rini yirtmoqchi bo‘lganida bu zarba faqat ustunni titratdi.

Ikkinchi bo‘limda El-Arabining zarbasi ham shu ustunga tegdi. Boshqa vaziyatlarda esa serblar darvozasini shu kuni fantastik o‘yin ko‘rsatgan Boryan qahramonlik ko‘rsatdi. Ammo u El-Arabi penaltidan bergan zarba qarshisida ojiz edi. Pireyliklar Yevropa Ligasiga yo‘l olishdi.

A guruhi
Parijdagi mashg‘ulot-o‘yin

«PSJ» — «Galatasaroy» — 5:0 (Ikardi, 32. Sarabiya, 35. Neymar, 46. Mbappe, 63. Kavani, 84, penalti).

Yana bir guruhda pley-off yo‘llanmasi avvalgi turlara hal bo‘lgandi va so‘nggi tur faqat uchinchi o‘rin egasini aniqlab berishi kerak edi. Avvalboshdan «Galatasaroy»ning imkoniyatlari juda past baholanayotgandi. Birinchi bo‘limda Neymar yorqin o‘yin ko‘rsatdi. U boshlagan hujumni Mbappe davom ettirib, Ikardi yakunladi. Keyingi hujumlardan birida braziliyalik futbolchi Sarabiyaga golli pas berdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Neymar tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Diskvalifikatsiya tufayli guruh bosqichining birinchi qismini o‘tkazib yuborgan futbolchi uchun bu turnirning joriy mavsumidagi ilk gol bo‘ldi, bu golni u Mbappening tovoni bilan bergan qoyilmaqom pasi evaziga amalga oshirdi. Parijliklar hujum uchligi to‘la tarkibda gol muallifi bo‘lishi uchun endi Kilianning o‘zi ham gol urishi kerak edi va bu muammo tezda bartaraf etildi. To‘rtinchi golga Neymar pas berib qarzini qaytardi. O‘yin oxirida esa u mavsumning birinchi qismini jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan va yaqinda tuzalib safga qaytgan, bu o‘yinda zaxiradan maydonga tushgan Kavaniga penalti tepish huquqini berib, olqishlarga sazovor bo‘ldi.

«Bryugge» — «Real» — 1:3 (Fanaken, 55 — Rodrigu, 53. Vinisius Junior, 64. Modrich, 90+1).

«Real» esa Yevropa Ligasi yo‘llanmasini hali hal  qilmagan «Bryugge»ni ko‘p qiynab o‘tirmadi. Madridliklar bu mavsumda hali biror o‘yinda birinchi bo‘limda atigi uchta zarba yo‘llash bilan kifoyalanmagandi. Lekin bu zarbalardan biri Minolening reaksiyasi bo‘lmaganida golga aylanishi ham mumkin edi, o‘z navbatida Areola ham chiroyli seyv amalga oshirdi, u juda yaqin masofadan berilgan kuchli zarbani to‘sishga erishdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Rodrigo Modrichning qanotdan tashlab bergan to‘pini kuchsiz, lekin aylanma zarbasi bilan darvoza to‘riga joyladi. Lekin ko‘p o‘tmay mehmonlar hujumchisi Fanaken ham unikidan kam bo‘lmagan chiroyli gol urib hisobni tenglashtirdi. Vinisius Junior esa bu o‘yin brazillarga atalganini ko‘rsatib jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi, Valensiyaga qarshi safar o‘yini va keyingi haftadagi klasiko oldidan o‘z yetakchilarini asrashga qaror qilgan «Real» bu o‘yinda yoshlarga imkon bergandi.

O‘yinga yakuniy nuqtani yana bir chiroyli golga mualliflik qilgan Modrich qo‘yib berdi. Uning goli madridliklar jamoasining Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi 308 goli bo‘ldi va bu rekord ko‘rsatkichdir.

Ko‘proq yangiliklar: