Eron O‘zbekiston dengizga chiqishiga yo‘l ochmoqchi

Iqtisodiyot 18:10 / 12.12.2019 66549

Rizo Rahmoniy chorshanba kuni Toshkentda O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov bilan uchrashgan, deb yozadi IRNA.

Foto: irna.ir

Eron savdo vazirining ta'kidlashicha, «Shimol-Janub» yo‘lagining savdo-iqtisodiy salohiyati to‘liq amalga oshirilishi Eron shimolida joylashgan davlatlar, jumladan, O‘zbekistonni Fors ko‘rfazidan janubda joylashgan davlatlar, shuningdek Shimoliy Afrika mintaqasidagi mamlakatlar bilan bog‘laydi, bu esa davlatlar o‘rtasida savdo hamkorligini yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

«Eron bu mamlakatlardan O‘zbekistonga tovarlarni transportirovka qilish uchun hech qanday cheklovlarsiz tranzit yo‘nalishi ochib berishga tayyor», — degan Rahmoniy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikni yanada kengaytirish uchun noyob imkoniyatlar mavjud va Eron hamda O‘zbekistonning hamkorligiga bag‘ishlangan 13-sammit o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun burilish nuqtasi bo‘ladi.

Rahmoniyga ko‘ra, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish uchun yo‘l ochiq-ravshan ko‘rinib turibdi, imtiyozli savdo tariflari bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangani hamkorlikni kelgusida yanada yaxshilash uchun xizmat qiladi.

«Biz doimiy asosda Eron va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishni rejalashtirmoqdamiz va moliyaviy operatsiyalarda milliy valutalarimizdan foydalanmoqchimiz», — dedi u.

Ma'lumot uchun, «Shimol-Janub» transport yo‘lagi — Hindiston, Rossiya, Eron, Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasini yengillashtiruvchi va tezlashtiruvchi dengiz, temiryo‘l va avtomobil yo‘nalishlaridir.

Ko‘proq yangiliklar: