Afg‘oniston. Geosiyosiy o‘yinlar va ichki urushlar girdobida xarob ahvolga kelgan bu davlat haqida eshitganimizda ko‘z oldimizda butun bir millatni qoloqlikka mahkum qiladigan muammolar gavdalanadi: notinchlik, qashshoqlik, ilmdan mahrumlik. Oddiygina misol – bugungi kunda Afg‘onistonda deyarli Toshkent aholisiga teng odam – 2,5 million kishi giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan.
Keling, endi bir tasavvurga berilaylik. Oradan 25-30 yil vaqt o‘tdi. Siz bir paytlar xaroba ko‘chalarida yurishga qo‘rqadigan Kobul shahriga sayohat uchun otlandingiz. Shaharni kezar ekansiz, ko‘zlaringizga ishonmaysiz – Kobul endi batamom boshqa dunyo. Kashandalik qurbonlari endilikda shaharning o‘sha mashhur «o‘lim ko‘prigi» ostida jon saqlash bilan emas, balki Zara va Uniqlo kabi dunyoga mashhur kiyim-kechak brendlari uchun teri mahsulotlari va IKEA kabi uy-jihoz brendi uchun milliy kulolchilik va gilam namunalarini yetkazib berish bilan ovora. Kompaniyalardagi atrof-muhit ifloslanishining oldini olish uchun o‘rnatilgan barqaror texnologiyalar sizni hayratda qoldiradi. Uylar oldida ot arava emas, balki kamida bir dona Toyota rusumli avtomobil turibdi.
Sayohat tugadi. Uyga qaytish uchun Kobuldagi Markaziy Osiyoning mashhur aeroportida keyingi parvozni kutar ekansiz, «Made in Afganistan» mahsulotlariga ko‘zingiz tushadi, sovg‘alar sotib ola boshlaysiz, qancha pul ishlatganingizni bilmay ham qolasiz.
Parvoz eshigi oldiga qaytib kelib, katta qilib osib qo‘yilgan «Living University in Qabul For Sustainable Development» - «Kobul Jonli Universiteti - Barqaror Rivojlanish Uchun!» degan katta reklamaga ko‘zingiz tushdi. Qisqa muddatda erishilgan bu muvaffaqiyatga sabab bo‘lgan tajribalarni ulashish maqsadida Kobul hukumati nodavlat tashkilot ham ochgani, u yerga yiliga o‘nlab mashhur universitetlar va xalqaro tashkilotlar afg‘on tajribasini o‘rganish uchun tashrif buyurayotganini bilib, parvozni esdan chiqarishingizga bir baxya qoldi.
«Muddaoga o‘t!» deyayotgan bo‘lsangiz kerak. Nima demoqchiman? Bu maqolani yozishdan maqsadim siz bilan puch xayollarimni baham ko‘rish emas. Balki natijalarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim – Tailand tajribasi haqida gapirib berish.
Doi Tung qishlog‘i
Tailand deganda ko‘pchilikning ko‘z oldida tiniq dengiz, chiroyli sohillar gavdalanadi. Universitetimiz tomonidan tashkil qilangan Tailand sayohatiga otlanar ekanman, mening ham xayolimdan shunga o‘xshash manzara o‘tdi.
Tog‘li hududda joylashgan Doi Tung qishlog‘i. Bu qishloqning 30 yillik tarixini o‘rganar ekansiz, sal avval u bugungi Afg‘oniston qishloqlaridan farq qilmaganiga amin bo‘lasiz. Xitoyda yillab davom etgan ayovsiz afyun urushi natijasida afyun yetishtirish Tailandning shimoliy hududi – Chiang Rai viloyatiga siljiydi. Afyun Doi Tung qishlog‘i aholisi uchun asosiy daromad manbaiga aylanadi. Bu hududda afyun balosi yoyilishiga hissa qo‘shgan bir jihat – tog‘lik aholining tili, dini va yashash tarzi turlicha bo‘lgan etnik guruhlardan tashkil topganida bo‘lgan. Xitoydagi sotsializm inqilobi va sovuq urush natijasida siyosiy beqarorlikdan qochgan bu etnik guruhlar hozirgi uchta davlat – Tailand, Myanmar va Laosning o‘zaro tutashgan chegaralarida qo‘nim topishgan va tashqi dunyodan uzoq yillar davomida uzilib qolishgan. Natijada ichimlik suvi, elektr energiyasi va yo‘l kabi infrastruktura, ma'lum davlat fuqoroligi, qonuniy mol-mulk egasi bo‘lish yoki ta'lim olish kabi qulayliklardan bebahra qolishgan. Bunday muhitda o‘sgan yosh bolalar kasalliklarga, ishga yaroqli erkaklar giyohvandlik balosiga, ayollar esa jinsiy qullikka duchor bo‘lishgan. Afyun, qashshoqlik insonlarni, oilalarni va atrof-muhitni xarob ahvolga olib kelgan.
Bugun esa Doi Tung xuddi biz tasavvur etgan kelajakdagi Kobul shahriga o‘xshaydi. Uni endi «qishloq» deb ham bo‘lmaydi – avvalgi Doi Tung o‘tmishda qoldi.
Bir paytlar afyun yetishtirilgan adir-u tog‘lar endi asl navli qahva va makadamiya yong‘oq daraxtlari bilan yam-yashil holga kelgan. Bir paytlar jinsiy qullikka mubtalo bo‘lgan ayollar endi hozirda Tokioda sotilayotgan Doi Tung qahva brendini qadoqlash, IKeA kompaniyasi uchun kulolchilik namunalari va gilamlar to‘qish, Doi Tung yong‘og‘idan qilingan murabbo tayyorlash yoki yong‘oq daraxti po‘stidan qilingan asl Tailand qog‘ozini taxlash bilan mashg‘ul. Giyohvandlik dardidan xalos bo‘lgan oila boshliqlari esa demokratik usulda boshqariladigan qishloq ma'muriyati ajratgan yerlarda qahva parvarishlaydi. Ularning farzandlari bir paytlar maktab yuzini ko‘rolmay, kasalliklardan nobud bo‘lishardi. Endi esa yoshlar poytaxt Bankokdagi turli universitetlarda tahsil olishadi.
Daraxt qoldiqlari va fabrika chiqindilarini yoqib energiya olish, ishlatilgan chiqindi suvlarni maxsus kimyoviy moddalar orqali qayta ishlovchi texnologiyalar, har bir uy oldida Yaponiyada ishlab chiqarilgan mashinalar, Sharm-ash-Shayxdagidan qolishmaydigan mehmonxonalar – bular Doi Tungning bugungi kuni. Xayolimda esa faqat bir savol: qanday qilib 25 yil ichida bunday barqaror rivojlanishga erishildi? Katta investitsiyalar kiritildimi yoki tay xalqining xarakteri sababmi?...
Doi Tung – rivojlanish ko‘rgazmasi
Xo‘sh, Doi Tung qishlog‘i qanday rivojlandi?
Sayohatimizning qolgan qismini yuqoridagi savolga javob izlash bilan o‘tkazar ekanman, muvaffaqiyat siri Doi Tung loyihasiga tamal toshi qo‘ygan Tailand qiroli volidasi Srinagarindraning bitta jumlasida jamlanganini angladim:
«Aslida hech kim yomon bo‘lishni xohlamaydi, faqat ko‘pchilikda yaxshilik qilish uchun imkoniyat yo‘q, xolos».
Tushunib yetdimki, har qanday iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, u qayerda yuz berishidan qat'i nazar, insonni har doim yaxshilik qilishga moyil deb bilish prinsipi va bu prinsipga qurilgan bir nechta omil orqaligina vujudga kelar ekan. Bu omillarning bir nechtasini sanab o‘taman.
Birinchidan, muammoni anglash va uni yechishga qaratilgan siyosiy iroda va sidqidillik, uzoq muddatli maqsad. Doi Tung misoliga qaraydigan bo‘lsak, ishlar avvalo qishloq aholisining turmush tarzidagi muammolar jiddiyligini anglab yetgan ona Srinagarindra tashabbusidan boshlangan. Bu yoshi ulug‘ kishi tashabbuslar uning vafotidan keyin ham davom etishi uchun Maye Fah Luang tashkilotiga asos soldi. Qirollik homiyligiga olgan va bir necha vazirliklar bilan bevosita hamkorlikda ishlaydigan bu tashkilotning xolis va fidoyi rahbarlari yillar davomida nafaqat Doi Tungni, balki boshqa hududlarni ham aql bovar qilmas natijalarga olib chiqishdi. Hozirda Yaponiya va boshqa davlatlardan yiliga yuzlab mehmonlar qabul qilib, seminarlar o‘tkazadigan Maye Fah Luang tashkilotini bejiz «Living University» - «Tirik universitet» deyishmaydi.
Ikkinchidan, muammolarga nisbatan pastdan yuqoriga qarash prinsipi orqali yondashish va aholi bilan o‘zaro ishonchni barpo qilish. Yuqorida aytilganidek, Doi Tung qishlog‘ining muammolari juda chigal, bir biriga bog‘lanib ketgan edi. Pastdan yuqoriga qarash yondashuvi «rahbariyat hamma narsani yaxshi biladi» degan fikrdan voz kechishni, muammolarga tashxis qo‘yishda, haqiqiy ijtimoiy-iqtisodiy holatni aniqlashda qishloq aholisi bilan bevosita muloqotlar, turli so‘rovnomalar olib borishni taqozo qildi. Shuningdek, yillar davomida davlatga nisbatan ishonchsizlik ruhini yo‘qotish, qishloq aholisini rivojlanish harakatiga jalb etish maqsadida rahbariyat ishni xolis niyat va ishonch namunasi sifatida giyohvandlikka qarshi tibbiy reabilitatsiya xizmatlarni tashkil qilishdan boshladi. Natijada muvaffaqiyatli hamkorlik vujudga keladi.
Uchinchidan, uzoq muddatli «maqsadlar xaritasi», turli manzillarga eltadigan va sistematik ketma-ketlikka asoslangan bosqichma-boshqich rejaga ega bo‘lish. Bunda rejalar amaliy, mantiqiy va sodda bo‘lishi lozim. Doi Tung misolida bular: qisqa muddatli reja – jon saqlash, o‘rta muddatli reja – o‘ziga to‘qlik va uzoq muddatli reja – barqaror hayot.
Birinchi bosqichdagi amaliy harakat – eng avvalo aholining salomatligini tiklash, oziq-ovqat bilan ta'minlash, yashash uchun kerak bo‘lgan elektr energiyasi, ichimlik suvi va yo‘l kabi muhim infrastrukturani barpo qilishdan iborat bo‘lgan.
Ikkinchi bosqich – turli hunar va kasblar o‘rgatish, bu kasblarni yuritish uchun sharoit yaratish orqali aholining moliyaviy barqarorligini oshirish. Buning uchun qishloqning tog‘li sharoitiga mos qahva va makadamiya yong‘oqlarini ekish, mahalliy kulolchilik va tekstil sanoatini shakllantirish, turizm salohiyatidan unumli foydalanish ko‘zlangan. Bir kilogramm qahva loviyasi bor yo‘g‘i 1 dollarga baholanishi, lekin qadoqlab sotilsa 200 dollardan qimmat turishini anglagan jamoa qahvani qadoqlab sotishni yo‘lga qo‘yadi. Bunday topqirlik, harakatchanlik uzoq muddat davom etishi uchun qishloq aholisida egalik hissi shakllanishi lozim edi. Shu bois qahva va yong‘oq dalalari uzoq muddatli ijara shartnomasi bilan qishloq aholisiga topshirildi.
Uchinchi bosqichda esa e'tibor uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlash niyatida daromadi oshgan aholiga turli ijtimoiy yo‘naltirilgan tadbirkorlik turlari bilan shug‘ullanish va ta'lim olish uchun imkoniyatlar yaratish asosiy maqsad qilingan.
To‘rtinchidan, aholi farovonligini ko‘zlagan davlat + aholi + xususiy sektor – uch taraflama tenglik hamkorlik moslashuvchan tuzilmasi. Moslashuvchanlik barcha muammoning oldindan belgilangan aniq yechimi mavjud degan fikrdan uzoqlashishni va rivojlanish jarayoni «qilib ko‘rish orqali o‘rganish» yoki «sinab ko‘rish va xatodan xulosa chiqarish» kabi prinsiplar orqali mustahkamlanishi mumkinligini anglatadi. Bunday tuzilmaga ega Doi Tung loyihasi uch tarafning o‘zaro kuchidan samarali foydalanib, mashaqqatlarni imkoniyatga aylantira olgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Doi Tung tajribasi «iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot o‘zi nima», «u kim uchun va unga qanday erishish mumkin» degan savollarni o‘rtaga tashlaydi. Agar tilga olganimiz misoldan dars oladigan bo‘lsak, rivojlanayotgan davlatlar, shu qatorda O‘zbekistonning ham rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi faqatgina ma'lum hududlarga katta miqdorda investitsiya kiritish bilangina hal bo‘lmasligini, balki har qanday ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot markazida inson omili, uning ishtiroki va manfaatlari turishini, bosqichma-bosqich rejaga asoslangan harakat kerakligini anglaymiz. Bunga bugun tajribasini butun dunyo o‘rganayotgan Doi Tung yaqqol misol bo‘la oladi.
Bekzod Zakirov, PhD kandidati, Tokio universiteti