O‘zbekistonda uch yil ichida kamida uchta loukoster aviakompaniya ochiladi – Behruz Hamzayev

O‘zbekiston 11:30 / 10.12.2019 15711

Keyingi uch yil ichida O‘zbekistonda uchta yoki undan ko‘p mahalliy loukoster paydo bo‘ladi. 2020 yili mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik aviakonferensiyalar natijasida esa sohadagi deyarli 90 foiz muammolar hal bo‘ladi.

Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev «Ular» loyihasiga bergan intervyusida ma'lum qildi. Suhbat davomida Hamzayev loukosterlar ochilishi masalasiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

«Yevropadan Avstraliyaga bir haftalik«all inclusive» sayohat, ya'ni aviachiptadan tortib, mehmonxona va ovqatlanishgacha bo‘lgan hamma xarajatlar miqdori – Yevropadan O‘zbekistonga xuddi shunday sayohatdan yuz dollarga arzonroq.

Aslida bir necha barobar arzonroq bo‘lishi kerak, chunki masofa uch barobar qisqa; Avstraliya – dunyoning butunlay boshqa burchagida.

Xuddi shu kabi Rossiyani ham misol keltirish mumkin. Rossiyadan Turkiyaga bir haftalik «all inclusive» tur O‘zbekistonga kelib ketishdan 4-5 arzonroq. Vaholanki, Turkiyada yaxshiroq mehmonxonalar, yaxshiroq oziq-ovqat va bizda yo‘q bo‘lgan dengiz ham bor.

Buning eng asosiy sababi – aviaqatnovning arzonligi. Arzonligining boisi esa raqobat. O‘zbekistonda nechta aviakompaniya bor? Rossiyada 19dan ortiq.

Qolaversa, narx belgilash strategiyasi. Men uchun samolyotda uchish – hashamat emas, ish – mashina yoki metroda ketgandek, 5-6 soat chidab ketaveraman; har doim iqtisod klassda uchaman. Parvoz – ishlarimni bitirib kelish uchun vosita xolos. Ko‘pchilikda ham shunaqa. Lekin qimmat to‘lashga majbursiz, chunki boshqa imkoniyatingiz yo‘q.

Loukoster sizga shu imkoniyatni beradi: ovqati yo‘q, 30 daqiqada tez samolyotga chiqib olishingiz kerak, noqulayroq boshqa aeroportga qo‘nadi... Avtobusdek gap. O‘zi aslida loukosterda bir marta uchsangiz, ikkinchi marta uchgingiz kelmaydi.

Loukost deganda aviatashuvchining strategiyasi tushuniladi. Ya'ni ular imkon qadar barcha narsalarda pul tejaydi. Bir xil rusumdagi samolyotlardan foydalanishadi, chunki bir xil mexanik yollash kifoya – Boeing va Airbus mexaniklari har xil mutaxassislar.

Loukosterlar samolyoti salonida ekrani ham yo‘q, ovqat ham bermaydi, chetroq aeroportga qo‘nadi... Har bir davlatda bir nechta aeroportlar bo‘ladi, katta aeroportlarga qo‘nish va ulardan uchib ketish qimmat turadi. «Ground handling operation» (aeroport terminalidagi samolyotga xizmat ko‘rsatish) degan tushuncha bor, bu ham pul turadi. Kichikroq aeroportlarda esa bu arzonroqqa tushadi. Loukosterlar hamma joydan iqtisod qilib, oxiri sizga chiptani arzonroq qilib beradi.

O‘zbekistonda shu kungacha har bir strategiya, qabul qilinayotgan har bir qaror «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyamizni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan edi. Bu sir emas va yomon ham emas. Chunki bu – bizning aviakompaniya; dunyoda juda ko‘p davlatlar o‘z aviakompaniyasini nafaqat hurmat qiladi, balki qandaydir preferensiyalar ham beradi. Lekin bizdagi bu preferensiyalar bora-bora kamayish o‘rniga, har doim monopoliya qo‘llab-quvvatlab borildi. Boshida «mayli, bola qiynalib qolmasin» degandek yordam bo‘lishi kerak va ma'lum vaqt davomida imtiyozlar qisqarib, qolganlar bilan raqobatga kirisha olishi zarur.

Har doim tanganing ikki tarafi bor. Tanqid qilayotganda bu tarafini ham bilish kerak. «Shu narsalarni hamma biladi, nimaga qilmaydi?» deb odamlarning jahli chiqadi, chunki ular «backstory» (avvaljarayon)ni bilishmaydi. Misol uchun, bilasiz, bizda dollar olib keladigan sohalarimiz uncha ko‘p emas. Har biriga davlat juda ehtiyotkorona yondashadi.

Hozir demonopolizatsiya ishlari amalga oshirilgan: aeroportlar alohida, aviakompaniya alohida, fuqaro aviatsiyasi alohida tashkilotlarga aylandi. O‘zlari xohlagancha tender o‘tkazib, ish olib borishga imkoniyati bor.

Keyingi bosqichimiz qanday bo‘ladi. Men yaqin 3-4 yil ichida «ochiq osmon» tushunchasi, ya'ni hammaning uchishiga imkoniyat yaratib berilishini xohlardim. Hozir ham yopiq emas, ochiq, lekin paritet tariqasida – ya'ni biz qaysidir davlatga nechta parvozni amalga oshirsak, u davlat ham bizga faqatgina shuncha marta ucha oladi xolos.

«Ochiq osmon»da esa xohlaganicha uchaverishlari mumkin. Hozir esa, masalan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlari Rossiyaga 54 marta uchsa, Rossiyadan ham bizga 54 martagina parvoz bo‘ladi xolos. Vaholanki, O‘zbekistonda 28ta samolyot, birgina «Aeroflot»ning o‘zida 124tadan ko‘p samolyot bor. Ular O‘zbekistonga minimum besh marotaba ko‘proq uchish imkoniyatiga ega. Nafaqat «Aeroflot», balki barcha Rossiya aviakompaniyalari, jumladan loukosterlari ham.

«Ochiq osmon» rejimi bizga nima beradi? Birinchidan, turistlar soni. Ikkinchidan, aviatashuv deganda faqatgina odamlarning borish-kelishini tushunmasligimiz emas. Dunyoda faqatgina biz va Lixtenshteyn okeanga chiqish uchun minimum ikkita davlatdan o‘tishi kerak, ya'ni hatto qo‘shnilarimiz ham to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga chiqa olishmaydi. Bu bizning imkoniyatimizni chegaralaydigan holat bo‘lgani uchun ham, agar avialogistikani rivojlantirsak, tovar ayirboshlash salohiyatimiz juda oshadi.

Lekin buning teskari effekti ham bor-da: chetda ham yaxshi mahsulotlar bor – biz olib chiqyapmizmi, olib kirishga ham zamin yaratib berasiz. To‘la ketgan samolyot bo‘sh qaytib kelmaydi-ku. Buyoqqa ham biror narsa bilan qaytadi.

Shuning uchun bu turizmga zo‘r yordamdir, lekin qaysidir tomondan bizni chegaralab qo‘yish imkoniyati. Shu bois kompleks muammo. Uning boshqa juda ko‘plab sabablari bor va bir kunda hal bo‘ladigan narsa emas. 

Keyingi uch yil ichida O‘zbekistonda uchtadan ko‘p mahalliy loukoster paydo bo‘ladi – yuz foiz. Bu mening prognozimmi? Yo‘q, buni insayder ma'lumot deya qolaylik.

Mahalliy loukosterlar ochilishidan tashqari, biz qabul qilib bo‘lgan «ochiq osmon» rejimining bosqichlari bor. Afsus, har bir aeroportimiz ham tayyor emas. Hozir modernizatsiya ketyapti. Qo‘pol qilib aytganda, sharoitimiz yo‘q. Sharoitimiz bor joyda esa shoshib qaror qabul qilmasligimiz kerak. Misol uchun, O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan aviakompaniyalardan biri – Turkiyaning «AtlasGlobal» aviakompaniyasi bir necha kun oldin bankrot bo‘ldi.

Shoshib ularga ruxsat berib qo‘yib, hamma harakat qilinsa-yu, qanaqadir mudhish voqea bo‘lib qolsa, yana noldan boshlash kerak bo‘ladi. Shuning strategik nuqtayi nazardan bizga qaysi davlatlar bilan ishlash qulay bo‘lishini o‘rganish kerak.

Bilasizmi, buning administrativ cheklovlari bor edi. Siyosiy iroda muammosi bor edi. Texnologik masalalar ham bor edi. Muammoning har xil elementlari bo‘ladi-ku. Eng asosiy masala – siyosiy iroda; ya'ni prezident bu narsaga qarshi emas. Bu – eng qiyini, qolgan texnik muammolarga yechim topsa bo‘ladi.

Ma'lumot tariqasida aytib o‘taman, keyingi yil O‘zbekistonda kamita ikkita juda katta aviatsiya konferensiyasi bo‘ladi. Bu aviakonferensiyalar natijasida 2020 yilda bu sohada deyarli 90 foiz muammolarimiz hal bo‘ladi.

O‘zbekistonda avialiniyalarni joriy etish birgina imzo bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Ertaga ochib qo‘yilgani bilan, muammolari – kerosin yetkazib berish, terminalda samolyotlarga xizmat ko‘rsatish... Loukosterlar haqida bekorga tushuntirib o‘tmadim. O‘zbekistonda operatsion xarajatlar qimmat bo‘lsa, siz «Ryanair» bilan uchasizmi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» bilanmi – bir xilda qimmat bo‘ladi. Chunki tannarx qimmat. Qimmatga olgan narsangizni arzonga sotmaysiz-ku.

Loukost biznes modelini to‘laqonli amalga oshirish, darhaqiqat Rossiyaga borishni yuz dollardan arzonroq qilish uchun O‘zbekistonda zamin bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, o‘sha 300-500 dollarni to‘laysiz. Ruxsat berib qo‘ygan bilan chipta narxi tushishini kutadiganlar – populistlar va holatga juda yuzaki qaraydigan insonlardir.

Bu narsa haqiqatan ham odamlarga foydali bo‘lib, yuz foiz integratsiya bo‘lishini xohlasak, biz oldin zamin yaratib berishimiz kerak va zamin yaratilmoqda», – deydi Behruz Hamzayev.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil yanvardagi hukumat qaroriga asosan, 2018 yil oxirigacha milliy loukosterni tashkil etish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilishi kerak edi. Ammo bu vazifa bajarilmay qoldi. 2019 yil noyabriga kelib, O‘zbekistonda mavjud samolyotlar parki bilan loukoster biznes modelini amalga oshirib bo‘lmasligi, shu bois gibrid aviatashuvlar yo‘lga qo‘yilishi ma'lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: