AQShning Federal qidiruvlar byurosi «aqlli televizorlar» - Smart TV egalarini ushbu qurilmalarga buzib kirish osonligi va xakerlar ular yordamida odamlar ortidan kuzatishlari mumkinligidan ogohlantirdi. Bundan tashqari, shaxsiy ma'lumotlar yirik kompaniyalarga yuboriladi, kompaniyalar esa ulardan foydalanadi. Bu haqda NBC News telekanali syujyetida ma'lum qilingan.
Jinoyatchilar televizoringizga ulanib, eng kamida kanallarni o‘zgartirishlari, televizor ovozini baland-past qilishlari va farzandlaringizga behayo videolar namoyish qilishlari mumkin. Eng yomon vaziyatda esa ular televizor kamerasi va mikrofoniga ulanib, ortingizdan kuzatishlari mumkin.
«Aqlli televizorlar» odatda boshqarish pultiga o‘rnatilgan mikrofon bilan jihozlangan bo‘ladi. Bu mikrofon televizorni ovoz yordamida boshqarishga imkon beradi. Mutaxassislar mikrofon har doim ishchi holatda bo‘lishi va buyruqlarni bajarishga shay turishidan ogohlantirishgan.
«Ko‘plab foydalanuvchilar ushbu yangi qurilmalar orqali begonalarga o‘zlari haqida qancha ma'lumot taqdim qilishlarini xayollariga ham keltirmaydilar», deb aytgan Sophos xavfsizlik kompaniyasi vakili Jyeyms Laym.
2018 yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, millionlab «aqlli televizorlar» xavfsizlik tizimida zaif joyga ega ekanligini aniqlangan. Ta'kidlanishicha, ma'lumotlaringiz ortidan nafaqat xakerlar “ov qiladi”. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot davomida ko‘plab qurilmalar avtomatik ravishda Amazon, Facebook va Netflix’ga ma'lumotlar jo‘natishi aniqlangan.
Mutaxassislarning tavsiya qilishicha, agar bu holat sizga yoqmasa, televizor sozlanmalarini tekshirib ko‘ring. Ba'zi modellarda foydalanuvchi haqidagi ma'lumotlarni to‘plash va mikrofon funksiyalarini o‘chirib qo‘yish imkoni mavjud. FQB xodimlari, shuningdek, shaxsiy ma'lumotlarni himoyalash uchun televizor kamerasi ustidan qora skotch yopishtirib qo‘yishni tavsiya qilishgan.