Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori, Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov rasmiy tashrif bilan Buyuk Britaniyada bo‘lib turibdi.
Senat axborot xizmatiga ko‘ra, tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad britaniyalik hamkorlar va London shahrida joylashgan xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan yangi bosqichdagi islohotlarning mazmun-mohiyati va natijalarini, bu yilgi saylovning ahamiyatini xalqaro jamoatchilik vakillariga yetkazishdan iborat.
Delegatsiya a'zolari tashrif doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ayniqsa, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, kichik biznes sub'yektlari, xususiy tadbirkorlik va xususiy mulkchilikni faol qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, mustahkamlanayotgan tashkiliy-huquqiy asoslar haqida YeTTB rahbariga batafsil so‘zlab berildi.
O‘z navbatida, Suma Chakrabarti mehmonlarni o‘z shtab-kvartirasida qutlar ekan, mamlakatda kechayotgan bugungi jarayonlarni qiziqish bilan kuzatib borayotganini e'tirof etib, O‘zbekiston prezidentining yangi yo‘nalishdagi siyosati va islohotlarini yuqori baholadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston YeTTB tomonidan moliyalashtirilayotgan 40ga yaqin davlat orasida 7-o‘ringa ko‘tarildi. Prezident topshirig‘i bilan yaqinda YeTTBning Andijonda vakolatxonasi ochilgani, yaqin kelajakda Urganch va boshqa yirik shaharlarda ham shunday vakolatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani mintaqalarning ham jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
YeTTB rahbari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bundan buyon ham alohida e'tibor qaratilishini ma'lum qildi.
2017 yilning noyabr oyida YeTTB vakolatxonasi Toshkentdagi faoliyatini tiklaganidan so‘ng o‘zaro munosabatlarning mutlaqo yangi davri boshlandi. 2018 yilda bank tomonidan mamlakatga qariyb 400 mln. yevro miqdorida mablag‘ ajratildi. Bugungi kunga kelib esa YeTTB tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyot sektorlarida 70 ta loyihaga 1,3 mlrd dollar investitsiya kiritildi. Bular mazkur bank va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixida maksimal darajadagi yillik mablag‘dir.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar YeTTB bilan O‘zbekiston Respublikasining hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirish xususida kelishib oldilar.