Ota-onalarning 45,2 foizi bolalarni jismoniy jazolash mumkin deb hisoblaydi – «Oila» markazi tadqiqoti

Jamiyat 19:18 / 05.12.2019 8662

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, markaz tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari 44,4 foiz sinf rahbari, 39,5 foiz fan o‘qituvchisi, maktab psixologi va 45,2 foiz ota-ona bolani jismoniy jazolash mumkin deb hisoblashini ko‘rsatdi.

Mazkur tadqiqot Toshkent shahri va Namangan, Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan. 

Tadqiqot ishtirokchilaridan o‘z fikrlariga  izoh so‘ralganda, jismoniy jazolash orqali gapga quloq solmaydigan bolani tarbiyalash jamiyatda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini oladi, deb ta'kidlagan.

Bundan tashqari, bolaga nisbatan oilada beshafqat munosabatning sabablari sifatida respondentlarning 46,8 foizi ota-onalarning nosog‘lom turmush tarzi hamda ulardagi pedagogik, psixologik va huquqiy bilimlar pastligi, 26,5 foiz ota-ona va farzand munosabatlarida nizoli vaziyatlarning paydo bo‘lishi, 6,6 foiz oilaning moddiy ahvoli deb aytgan bo‘lsa, 20,1 foiz ishtirokchi  bolalarning o‘zini sababchi qilib ko‘rsatgan.

«Bundan tashqari, jismoniy jazolash bilan tarbiyalangan bolalarda salbiy psixologik oqibatlar paydo bo‘la boshlaydi, ishonchsizlik, qo‘rquv va ruhiy tushkunlik komplekslari rivojlanadi, jumladan, ularda birovlar fikriga tobe bo‘lib qolish yuzaga keladi va ularda mustaqil fikrlash yo‘qola boradi.

Natijada, bunday bolalar jamiyatda o‘ziga munosib o‘rinni egallash borasida qiyinchiliklarga duch keladi», - deya ma'lumot beradi «Oila» markazi.  

Jumladan, markaz olim va mutaxassislari ana shunday jazolash tufayli bolalarning jamiyatda tan olinishida qiyinchilikka uchrashlari va oqibatda tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalar safiga kirib qolishlaridan xavotirda ekanliklarini bildirishdi. 

Ko‘proq yangiliklar: