Issiqlik ta'minoti uchun to‘lov yangi tizimga o‘tkaziladi - Prezident qarori 

O‘zbekiston 07:49 / 03.12.2019 57627

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Issiqlik ta'minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta'minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) 2020-2021 yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti xizmatlari uchun iste'molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkaziladi;

b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

iste'molchilar uchun issiqlik ta'minoti xizmatlariga tariflarni shakllantirish va belgilashda ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish hamda issiqlik ta'minoti tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni qisqartirish hisobiga issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi, shuningdek, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tannarxini qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi;

aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida ko‘riladigan zararlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining 2020 yilgi parametrlarini shakllantirishda aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun muvofiq zarur mablag‘larni nazarda tutadi;

issiqlik ta'minoti sohasiga ajratilayotgan budjet mablag‘larining maqsadli va oqilona ishlatilishini ta'minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari tomonidan tegishli yil uchun tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi bo‘yicha choralar ko‘radi.

Belgilanishicha, issiqlik ta'minoti xizmatlarini ko‘rsatish sohasida:

a) O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda quyidagilar uchun javobgardir:

issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan xizmatlar tuziladigan shartnomalarga muvofiq ko‘rsatilishini, shuningdek, iste'molchilarga issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash;

issiqlik energiyasi va issiq suv uchun to‘lovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlari, iste'molning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni o‘lchami asosida o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta'minlashni, shuningdek, iste'molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini nazorat qilish;

issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmlari haqidagi hisobot va axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik to‘g‘risidagi ma'lumotlarning haqqoniyligi, shuningdek, issiqlik energiyasi hamda issiq suvni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

issiqlik ta'minoti tizimi obektlarining holati, foydalanilishi va ularga ta'mirlash xizmati ko‘rsatilishi ustidan nazoratni ta'minlash;
issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va o‘rnatilishini, shuningdek, issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;

issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

b) Toshkent shahar hokimligi ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tadbirlarning Toshkent shahrida amalga oshirilishi uchun javobgardir.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Issiqlik ta'minoti tizimlaridan foydalanish boshqarmasini tugatgan holda, issiqlik ta'minoti tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish, shuningdek, ularning obektlaridan ishonchli va samarali foydalanishni ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan Issiqlik ta'minoti tizimlarini kompleks rivojlantirish boshqarmasi hamda Issiqlik ta'minoti tizimlarini saqlash va ulardan foydalanish boshqarmasini tashkil etish;

resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda iste'mol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni inobatga olgan holda, markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini 2019-2024 yillarda bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazish;

aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni issiqlik ta'minoti korxonalari, iste'molchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida, ko‘p kvartirali uylar bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilgan taqdirda esa ikki tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: