Bugun, 29 noyabr O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi oldidan Oliy Majlis Senati qo‘mitalari majlislari bo‘lib o‘tdi.
Senatorlar parlament yuqori palatasining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishdi.
Jumladan, «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. Davlat budjeti ilk bor qonun bilan mustahkamlanayotgani, mazkur hujjat aholi turmush sifatini yanada yaxshilashi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi o‘rni borasida so‘z yuritildi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov o‘z ma'ruzasida 2020 yil budjetining sohalar kesimidagi prognoz ko‘rsatkichlarini keltirib o‘tdi.
«Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 2020 yilda 159 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 24 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Soliqlar bo‘yicha tushumlar 2020 yilda 40,4 trln so‘mni tashkil qilgan holda, 2019 yilga nisbatan 28 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda», deya Ahadbek Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir o‘rinbosari davlat byujdetining jami xarajatlariga oid ma'lumotlarga ham to‘xtaldi.
«Keyingi yilda [davlat byujdetining jami xarajatlari] 131,1 trln so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda ijtimoiy soha xarajatlari 66 trln so‘mni tashkil etadi. Investitsiya dasturi asosida ijtimoiy soha obektlariga qilinadigan kapital xarajatlarni hisobga olgan holda ijtimoiy sohaga ajratiladigan umumiy mablag‘lar ulushi 55 foizga yetadi.
Geologiya-qidiruv ishlarini bajarish uchun 2,3 trln so‘mga yaqin mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda 2020 yildan boshlab neft-gaz sohasidagi geologiya-qidiruv ishlari uchun ham budjetdan 1,5 trln so‘mga yaqin mablag‘lar ajratilmoqda. Bu o‘tgan yilgi davlat budjetida yo‘q edi.
Investitsiya xarajatlari uchun kelgusi yilda 13,9 trln so‘m miqdorida yoki 2019 yilga tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 11,2 foiz ko‘p mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
2020 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida davlat budjeti daromadlari 128 trln 460 mlrd so‘mni, xarajatlar 131 trln 104 mlrd so‘m va YaIMga nisbatan 0,4 foiz miqdorida taqchillik bilan prognoz qilinyapti», - dedi Moliya vazir o‘rinbosari.
Qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini, shuningdek, tumanlar va shaharlar budjetlarini ko‘rib chiqish va qabul qilish, 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining daromadlarini taqsimlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetining, Toshkent shahri shahar budjetining hamda tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish tartibi, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari xarajatlarini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari tartibga solinishi qayd etilgan.
Mamlakat budjeti shakllanishi va ijrosi shaffofligini ta'minlash maqsadida «Openbudget» informatsion portalining yaratilishi boshqaruv tizimining zamonaviylashgani ko‘rsatkichi ekani ta'kidlandi.