27 noyabrdan kommunal xizmatlar bo‘yicha majburiy to‘lovlar uchun qarzdor iste'molchilarning bank kartalariga xizmat ko‘rsatiladigan bank hisobraqamlaridan nizosiz tartibda hisobdan chiqarish va taqiq qo‘yish bekor bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabarnomasida ma'lum qilingan.
«Fuqarolardan, ularning bank depozit hisobvaraqlaridagi (shu jumladan bank kartalaridagi) mablag‘lar Majburiy ijro byurosining talabnomalariga asosan xatlanganligi yuzasidan shikoyat va e'tirozlar kelib tushishi holatlari oshganligi sababli, hozirgi paytda fuqarolarning hisobvaraqlariga taqiq qo‘yish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Bank xizmatlari iste'molchilarining omonatlari va jamg‘armalariga nisbatan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy va noto‘g‘ri harakatlardan himoya qilinishini ta'minlash maqsadida, fuqarolarning bank hisobvaraqlariga va bank kartalariga taqiq qo‘yilishi to‘xtatilmoqda.
Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosining barcha hududiy boshqarmalari hamda tijorat banklari mazkur qaror haqida, shuningdek Byuro tomonidan jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlariga nisbatan qo‘yilgan barcha talabnomalarni ijrosiz qaytarish yuzasidan xabardor etildi», deyiladi Markaziy bank xabarida.