GAFA – AQShning «katta to‘rtligi»

Fan-texnika 10:50 / 24.11.2019 10230

Yirik texnologik kompaniyalarning rivoj topishini ko‘plab omillar, jumladan, globallashuv, raqamlashtirish va texnologik innovatsiyalarning o‘sishi bilan izohlash mumkin. Amerika Qo‘shma Shtatlarida Google, Amazon, Facebook va Apple texnologik kompaniyalarning «Katta to‘rtligi» hisoblanadi va birgalikda GAFA deb ataladi. Bundan tashqari, ko‘pincha ushbu ro‘yxatga Microsoft  ham kiritib o‘tiladi, shu sababli «Katta beshlik» yoki GAFAM nomlariga ham duch kelish mumkin. 

Google

Google — onlayn mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etadigan Amerikaning ko‘pmillatli texnologik korporatsiyasi. Google bulutli hisobga olish, qidiruv tizimlari, apparat va dasturiy ta'minot, shuningdek onlayn reklama sohasiga ixtisoslashgan. Sho‘ba korxonalariga YouTube, Google.org, Google Nest, Google AdMob, Waymo, Google Japan va Double Click kiradi. 

Kompaniyaga Larri Peyj va Sergey Brin asos solgan, ikkisi ham Stenford universitetining sobiq talabalari hisoblanadi. Kompaniyada ayni vaqtda taxminan 12 ming kishi ishlaydi va hozirgi bosh direktor Pichai Sundar hisoblanadi. 

Korporatsiya qulay mehnat sharoitlari tufayli mehnat bozorida mashhurlikka erishgan va texnologiya sohasidagi eng yaxshi mutaxassislarni jalb qila olgani bilan g‘ururlanadi. 

Amazon

Amazon AQShda joylashgan xalqaro kompaniya. U 1994 yilda Jyeff Bezos tomonidan onlayn kitob do‘koni sifatida tashkil etilgan, ammo keyinchalik ko‘lamini zargarlik buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, elektronika, kiyim-kechak, dasturiy ta'minot, videoo‘yinlar va mebellar savdosini o‘z ichiga olish hisobiga kengaytirgan. 

Amazon 40ga yaqin sho‘ba korxonalariga egalik qiladi, jumladan Audible, Zappos, AbeBooks, Whole Foods Market, AmazonFresh, PillPack, Alexa, Amazon Books va Amazon Studios. 2018 yil holatiga ko‘ra, 647 ming 500 nafar kishi ushbu kompaniya xodimi sifatida qayd etilgan. Bosh ofislar Arlington va Sietlda joylashgan.

Facebook

Dastlab FaceMash deb nomlangan Facebook kompaniyasi va ijtimoiy tarmog‘i 2003 yil iyul oyida tashkil etilgan bo‘lib, unga Harvard universitetining sobiq talabalari - Mark Tsukerberg, Endryu Makkollum, Eduardo Saverin, Dastin Moskovits va Kris Hyuz tomonidan asos solingan. 2019 yil iyun holatiga ko‘ra, Facebook'da 39 651 nafar xodim ish bilan ta'minlangan. Bosh ofis Menlo Parkda (Kaliforniya) joylashgan. 

Apple

Apple 1976 yil aprel oyida Stiv Jobs va Stiv Voznyak tomonidan asos solingan korporatsiya. U tashkil etilgan paytda asoschilar mos ravishda 21 va 26 yoshda edi. Jobs ham, Voznyak ham kollej bitiruvchisi bo‘lishgan va elektronikaga qiziqishgan. Voznyak muhandislikni mustaqil o‘rgangan edi va ilk Apple kompyuterini yaratishda o‘z bilimlaridan foydalangan.

Bugungi kunda kompaniya shaxsiy kompyuterlar, smartfonlar, maishiy elektronika va kompyuter dasturlarini sotadi. Shuningdek, korporatsiya Apple Stores deb nomlanuvchi chakana savdo do‘konlariga ega va bundan tashqari, media-kontent tarqatish bilan shug‘ullanadi. Bosh ofis Kaliforniya shtatida joylashgan. Apple kompaniyasining hozirgi rahbari - Tim Kuk. 

Tanqidiy mulohazalar

«Katta to‘rtlik» potensial raqobatchilarni sotib olish orqali bozor ulushini egallashda ayblanmoqda. Masalan, Google Double Click (reklama kompaniyasi) va Waze (xarita xizmati)ni sotib oldi. Ular shuningdek, raqobatga zid harakatlarda ayblanib tanqid qilindi, jumladan, Amazon raqobatchilarning Amazon platformasi orqali sotilgan mahsulotlaridan nusxa ko‘chirishda ayblandi. Shunday qilib, GAFA qo‘shma shtatlar uchun potensial tahdid sifatida ko‘rilmoqda, chunki ular iqtisodiyot, demokratiya va jamiyat ustidan haddan tashqari katta kuchga egalik qilmoqda.

Hozirda ushbu korporatsiyalarni kichik qismlarga bo‘lish kerak yoki yo‘qligi bo‘yicha munozaralar olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: