Farg‘onada fuqaro o‘z uyida 1,1 kilogramm giyohvandlik vositasini saqlagan 

Jamiyat 11:40 / 23.11.2019 4901

Farg‘onalik fuqaro uyida 1,1 kg. giyohvandlik vositasini saqlagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Joriy yilning 12 noyabr kuni soat 12:45da Farg‘ona viloyat Quva tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida 34 yoshli muqaddam sudlangan K.M. o‘zining yashash xonadonida qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositasi saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida uyning yotoqxonasidagi gaz pechi yonida polietilen paketga solingan yashil rangli, o‘tkir hidli o‘simliksimon modda borligi aniqlanib, tegishli tartibda xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, polietilen paketga o‘ralgan holda K.M.ning uyidan olingan modda 1,100 gramm og‘irlikdagi «marixuana» giyohvandlik vositasi ekanligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan K.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi «a» bandi (o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda tayyorlash, egallash saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: