Maxsus avtomobillarga o‘rnatilgan fotoradar kompleksi sinovdan o‘tkaziladi. U soatiga 250 kilometr tezlikni aniqlaydi

O‘zbekiston 15:53 / 20.11.2019 32626

Prezidentning “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto-video qayd etishning avtomatlashtirilgan tizimini dastlab Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hududida joriy etish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, qaror talablari asosida 10ta “Neksiya” rusumli avtomashinalar Germaniyaning JENOPNIK Robot GmbH firmasida ishlab chiqarilgan zamonaviy tezlik o‘lchash moslamalari bilan jihozlandi. Tez kunlarda maxsus avtomobillarga o‘rnatilgan fotoradar moslamalarini sinovdan o‘tkazish ishlari boshlanadi. Buning uchun esa ushbu moslamani ishlatishga jalb etiladigan yo‘l patrul xizmati inspektorlari maxsus o‘quv kurslarida tayyorgarlikdan o‘tishadi hamda sinov imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirganlar yangi texnologiya bilan ishlashga jalb etiladi.

Avtomobilning tashqi oldi qismiga harakatda, shuningdek, statsionar tartibda ishlashga moslashtirilgan fotoradar kompleksi o‘rnatilgan. Avtomobil saloniga esa 16 megapikselli foto kamera o‘rnatilgan. Bu kompleks 1 tadan 6 tagacha harakat bo‘laklari bo‘lgan yo‘llarda yo‘nalish bo‘ylab, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan va belgilangan tezlik talablarini buzgan transport vositalarining qoidabuzarligini avtomatik tarzda qayd etadi. Kompleks tarkibiga kiruvchi va avtomobilning oldi qismiga o‘rnatilgan maxsus chiroq qorong‘i va yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida avtomobil davlat raqam belgilarini tanib olishga yordam beradi.

Radar kompleksi soatiga 10 kilometrdan boshlab 250 kilometrgacha bo‘lgan tezlik qoidabuzarligini 100 metr masofadan qayd etish imkoniyatiga ega. 

Avtomobil saloniga o‘rnatilgan monitor yordamida radar kompleksining ishi uni boshqarayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektori tomonidan kuzatib boriladi.

Ushbu radar kompleksi dastlab sinov tariqasida, mavjud qonun va qoidalar talablari asosida tezlik talablarini buzish bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni aniqlashga jalb etiladi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan mobil kompleks avtotransport vositalari uchun turargoh hamda tegishli texnik inshootlarni tayyorlash va ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha mobil kompleks, statsionar uskunalar, ma'lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi qurilmalari keltirilishi hamda test rejimida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: