Hozir respublikada 16 va undan ko‘p qavatli uylar qurishga urg‘u berilmoqda – Qurilish vaziri o‘rinbosari

O‘zbekiston 14:55 / 19.11.2019 9334

12 noyabr kuni Qurilish vazirligida 2019 yilda sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Vazirlik rahbariyati, hamkor tashkilot va idoralarning mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda joriy yilning 10 oyi mobaynida qilingan ishlar, galdagi rejalar va kutilayotgan yangiliklar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Jurnalistlar shahar va qishloqlarda qurilayotgan uylarni loyihalashda qanday metodlardan foydalanilayotgani, uylar bir-biriga o‘xshab qolmasligi uchun nimalar qilinayotgani, bu borada xorij tajribasidan qay tarzda foydalanilayotgani bilan qiziqishdi.

Qurilish vazirining o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimovning aytishicha, qurilayotgan obektlarning arxitekturaviy va konstruktiv yechimlari ilg‘or xorijiy tajriba asosida qaytadan ko‘rib chiqilgan.

«Uylarni qurishda energosamarador va resurstejaydigan texnologiyalarni qo‘llayapmiz. Umuman, loyihalashtirishda hozir bosqichma-bosqich bint texnologiyalari asosida shu uylarning loyihalarini qilyapmiz. Misol tariqasida aytishim mumkin, biz an'anaviy g‘ishtdan binolarni qurishga o‘rganib qolganmiz, mana bugungi kunda qurilayotgan binolarga e'tibor beradigan bo‘lsak, prezidentimiz uy-joylarning narx-navosini arzonlashtirish bo‘yicha vazifa bergan. Binolarning devorlarini penobeton, gazobetondan ko‘tarib, uning issiqlik izolyatsiyasini materiallar bilan qoplash orqali bugungi kunda poydevorning parametrlarini kamaytirishga erishyapmiz.

Bu degani beton kam ketadi, armatura ham shunga yarasha kam sarf bo‘ladi, Demak, binoning yuqori qismi umuman ustuvor konstruksiyalari bo‘yicha bu sarf-xarajatni kamaytiradi, binoning ichida ishlatilayotgan energoresurslarni ham tejashga erishiladi», degan Hoshimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuhratxo‘ja Hoshimov

Qurilish vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda binolarning balandligini ko‘tarish ustida ish olib borilmoqda. Uy-joylarni qurishda urbanizatsiya jarayoni hisobga olinmoqda, ya'ni bugungi kunda respublikadagi yer resurslaridan unumli foydalanish uchun kerakli muhandislik infrastukturasi bor joylarda 16 va undan ko‘p qavatli uy-joylarni qurish, ularni komleks ravishda rivojlantirish (bolalar bog‘chasi, maktab, poliklinika va boshqa obektlarni ham birga )ga urg‘u berilmoqda.

Tadbirda Shuhratxo‘ja Hoshimov jurnalistlarning savoliga javoban uy-joylarning narxini arzonlashtirish maqsadida qurilish mahsulotlarining, xususan, beton, armaturaning tejalishi uylarning mustahkamligiga qanday ta'sir qilishi haqidagi savolga ham javob berib o‘tdi.

«Loyihalarni ishlab chiqishda konstruksiyalarning hammasi tegishli hisob-kitob bo‘ladi. Ana shu «raschyot»lar amalga oshirilgandan keyin loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tadi. Davlat ekspertizasi bularning hammasini ko‘rib, tasdiqlab bergandan keyingina qurilish ishlari amalga oshiriladi», deydi vazir o‘rinbosari.

Matbuot anjumanida muammo – loyihada emas (loyihada binoning zilzilabardoshlik darajasi va hamma masalalar inobatga olingan bo‘ladi), smetada ko‘rsatilgan qurilish materiallari quruvchiga yetib borgandan keyin ular lozim darajada ishlatilmasligi yoki bir qismi o‘g‘rincha sotib yuborilishida ekani, bu masalalar vazirlik tomonidan qay tartibda nazorat qilinayotgani haqida savol berildi.

«Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Oybek Kamolovning ta'kidlashicha, bu masalani nazorat qilish uchun «Qishloq qurilish invest» IK MChJ texnik kuzatuvchi-nazoratchilari, Davlat arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasining hududlardagi mutaxassislari hamda Qishloq qurilish loyiha institutining mualliflik nazorati bo‘limi vakillari biriktirilgan bo‘lib, hamkorlikda bu kabi muammolarni bartaraf qilishga harakat qilinmoqda.

Oybek Kamolov

«Kompaniyamizning yuridik va nazorat-taftish bo‘limlari bilan birgalikda joyiga chiqib o‘rganib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan quruvchilarga nisbatan chora ko‘rish ishlari amalga oshirilib turibdi.

Masalan, quruvchilarda qo‘shib yozish holatlari uchrab turadi. Ularga nisbatan chora ko‘rish uchun to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oshirilib, sud orqali zararlarni undirish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, boshqa salohiyatli pudratchini biriktirib, kamchiliklarni joyida bartaraf qilgan holatlarimiz ham bor», dedi Oybek Kamolov.

Ko‘proq yangiliklar: