«Global tadbirkorlik haftaligi» O‘zbekiston tadbirkorlariga nima beradi? 

O‘zbekiston 17:06 / 18.11.2019 8088

Bugun, 18 noyabr kuni «Global tadbirkorlik haftaligi» (GEW) start oldi. Bir hafta davomida ta'lim, moliya, marketing, ayollar tadbirkorligi, biznesni kengaytirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm kabi sohalarni qamrab olishni mo‘ljallangan haftalik bu yil O‘zbekistonda uchinchi bor o‘tkazilmoqda.

Tashkilotchilarning ma'lumot berishicha, ayni paytda ushbu xalqaro tadbir bir vaqtning o‘zida jami 160 davlatda boshlandi. O‘zbekistonda bu yilgi haftalik «O‘rgan, sinab ko‘r va rivojlan» shiori ostida o‘tmoqda.

«Bu haftalik tadbirkorlar o‘rtasida muloqotni shakllantirib, muammolarni birgalikda yechish mumkinligini o‘z ishtirokida ko‘rsatib bera olish imkoniyati bilan ahamiyatli», - deya ta'kidladi YoI raisi Alisher Sa'dullayev.

Alisher Sa'dullayev

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ochilish marosimida so‘zga chiqib, haftalikning asosiy maqsadi ta'limni, tadbirkorlik sohasi bo‘yicha bilimni oshirish ekanligini alohida ta'kidladi.

«Hozir davlat rahbarini xavotirga solayotgan masala ham ta'lim-tarbiya bilan bog‘liq», - deya qayd etdi Adham Ikromov.

Adham Ikromov

Savdo-sanoat palatasi raisining bildirishicha, ayni paytda viloyatlarda o‘z biznes rejasini mustaqil ravishda tuza oladigan tadbirkorlar kamligi ham biznes boshlash bilan bog‘liq kamchiliklar sirasiga kiradi.

«Tadbirkor ba'zida ishini boshlashdan oldin bankka keladi va bank xodimi unga biznes reja tuzib beradi. Mana shu o‘rinda biznes ta'limi qanchalik kerakligi ko‘rinadi», - deya qo‘shimcha qildi Adham Ikromov.

Hikmat Abdurahmonov

Bundan tashqari, HUMO partners asoschisi, GEN Uzbekistan (Global Entrepreneurship Network) bosh direktori Hikmat Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, haftalik tadbirkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan ilk loyihadir.

«Hafta davomida 50ga yaqin turli sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi tadbirkorlarning o‘zi tomonidan tashkillashtirilishi mo‘ljallanyapti», - deydi Hikmat Abdurahmonov.

Ko‘proq yangiliklar: