Namanganda ona va bolalari is gazidan zaharlanib vafot etdi, ota shifoxonada

Jamiyat 16:40 / 17.11.2019 10427

Namangan viloyatining Uychi tumanida bir oilaning uch a'zosi is gazidan zaharlanib vafot etdi, yana bir kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«2019 yil 17 noyabr kuni soat 03:10larda Namangan viloyati Uychi tumani «Do‘stlik» MFY,  Mirishkor ko‘chasidagi uyda 4 nafar fuqaro is gazidan zaharlangan. Voqea joyida 3 nafar fuqaro vafot etgan (xonadon sohibining turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi), 1 nafar fuqaro (xonadon sohibi) tuman shifoxonasiga yotqizilgan. 

Mazkur mudhish voqea sabablari o‘rganilganda,  gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizligi talablariga rioya qilinmagani aniqlangan. Xonadonda qo‘lbola yasalgan isitish pechiga propan gaz balloni rezina shlang orqali ulanib uy ichida foydalanilgan, natijada is gazi hosil bo‘lib,  fuqarolar uxlab yotgan vaqtlarida zaharlangan», deyiladi xabarda. 

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Aziz hamyurtlar! Kirib kelayotgan isitish mavsumida gaz va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qiling. Qo‘lbola va sertifikatlanmagan isitish anjomlaridan foydalanmang. Is gazidan zaharlanishdan o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang», deyiladi FVV matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: