Adliya vazirligi jurnalistlarga tahdid aks etgan audioyozuv bo‘yicha Bosh prokuratura bilan hamkorlikda ishlamoqda

O‘zbekiston 18:00 / 17.11.2019 19951

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq audioyozuv bo‘yicha bayonot berdi. Ma'lum qilinishicha, vazirlik ushbu vaziyatni o‘rganish jarayonida Bosh prokuratura bilan hamkorlik qilmoqda.

«Internet nashrlarida va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuvlar bo‘yicha holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilayotganligi ma'lum qilindi. 

Adliya vazirligi ushbu o‘rganish jarayonida Bosh prokuratura bilan  hamkorlik qilmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma'lum qildi. Qo‘shimcha qilinishicha, o‘rganish natijalari qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi sifatida tarqatilgan audioyozuv masalasiga oydinlik kiritish va uni har tomonlama o‘rganish maqsadida mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilganini xabar qildi. Hokimlik ham o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berilishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: