O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi Moskva shahridagi L.A.Voroxobov nomli 67-son shahar klinik kasalxonasining reanimatsiya bo‘limida avgustdan buyon komada yotgan Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti talabasi, O‘zbekiston fuqarosi O‘lmasxon Baxronov vafot etgani to‘g‘risida tarqalgan xabarni tasdiqladi.
Elchixona O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumning yaqinlariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam berdi va 14 noyabr kuni hamyurtimizning jasadi vatanga yuborildi.
Mazkur vaziyat elchixonaning doimiy nazoratida bo‘lgan, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan, Bosh prokuraturaga tekshiruv o‘tkazishni so‘rab rasmiy so‘rov yuborilgan. Ayni paytda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan shifokorlarning xatti-harakatiga huquqiy baho berish maqsadida tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan hamda eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kostroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Orlov oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolar zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: : +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.