Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov voha tadbirkorlariga murojaatida nimalarga to‘xtaldi?

O‘zbekiston 00:30 / 15.11.2019 5187

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 7 noyabr kuni tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

Mazkur yig‘ilishida prezident: «Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin», degan fikrni ilgari surib, hokimlar, sektor rahbarlariga tadbirkorlarga murojaat bilan chiqish topshirig‘ini bergan edi.

Kun.uz Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning voha tadbirkorlariga qilgan murojaatining diqqatga sazovor qismlarini keltirib o‘tadi.

«Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Ikkita ish joyi yaratgan odamni yelkamda ko‘taraman!», «Agar tadbirkorga sharoit yaratmasak natija bo‘lmaydi», «Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!» degan ustuvor g‘oyalar bugun barcha darajadagi rahbarlarga dasturulamal bo‘lib xizmat qilishi lozim.

...Viloyatdagi tadbirkorlik sub'yektlari soni bugungi kunda 18 ming 705tani tashkil etib, band aholining 74 foizi, budjet daromadlarining esa 84 foizi aynan xususiy tadbirkorlik sub'yektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

...Kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda tadbirkorlarni qiynayotgan 2 ta muhim masala bor: bu yer ajratish va kredit berish masalasi.

...Viloyatimizda 2016 yilga qadar biznes yuritishda va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda juda katta to‘sqinliklar mavjud bo‘lganligi, bu holatlar tadbirkorlikni rivojlantirishga juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatib kelganligini ko‘pchilik yaxshi biladi.

...«INDeNIM» brendi ostida respublika bo‘yicha asosan mahalliy mahsulotlarni sotishga mo‘ljallangan 12ta yirik savdo majmuasi tashkil etildi. Korxona ta'sisichisi Sherzod Shaymardonov surxondaryolik bo‘lsa-da, viloyatda tadbirkorlik muhiti yaxshi bo‘lmaganligi sababli shu vaqtgacha respublikamizning boshqa viloyatlarida o‘z biznesini olib borgan.

...Bugun viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan qator vazifalarni belgilab olganmiz va bu vazifalarni Siz aziz tadbirkorlik sub'yektlari vakillari bilan birgalikda amalga oshirishimiz lozim.

  • Birinchidan, viloyatimizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni ko‘paytirishimiz;
  • ikkinchidan, yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlari sonini o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshirishimiz va bunda tadbirkorlik sub'yektlari soniga emas, sifatiga va doimiy ishlashiga e'tibor qaratishimiz;
  • uchinchidan, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini uchga – «Yaxshi», «O‘rta» va «Yordamga muhtoj» toifalariga ajratib, «Yordamga muhtoj» tadbirkorlik sub'yektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash orqali «Yaxshi» toifaga o‘tkazishimiz;
  • to‘rtinchidan, bo‘sh yer maydonlarini aniqlash, ularni «E-IJRO auksion» elektron savdo maydoniga chiqarish orqali tadbirkorlik sub'yektlariga berish va mazkur yer maydonlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etishimiz;
  • beshinchidan, viloyatda mavjud 1327ta bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etishimiz va yangi ish joylarini yaratishimiz;
  • oltinchidan, viloyatdagi 56ta bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini sotish orqali mazkur obektlar negizida zamonaviy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etishimiz;
  • yettinchidan, viloyatda faoliyat yuritmayotgan 3000ga yaqin tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tiklash choralarini ko‘rishimiz;
  • sakkizinchidan, korxona va tashkilotlarda norasmiy ishlayotgan xodimlar faoliyatini legallashtirishimiz lozim.

Shunday ekan, barchangizni muhtaram yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiraman!

O‘z faoliyatingizni yanada kengaytirishingizni, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solib, yangi loyihalarni amalga oshirishingizni, band bo‘lmagan aholini doimiy ish bilan ta'minlash yuzasidan zaruriy choralar ko‘rishingizni so‘rayman.

Bu ishlarni amalga oshirishda men viloyat hokimi sifatida Sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga, ko‘makchingiz bo‘lishga tayyorman.

Bu borada:

  • to‘laqonli faoliyat yuritishingiz uchun adolat va qonun ustuvorligining ta'minlanishiga;
  • hududlarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga;
  • tadbirkorlik faoliyatingiz yuzasidan noqonuniy tekshirishlarga barham berilishiga, soliq shaffofligining ta'minlanishiga kafolat beraman», — dedi viloyat hokimi To‘ra Bobolov.

Tadbirkorlarga murojaat qilish uchun viloyat hokimligi va barcha tashkilotlarning eshiklari hamisha ochiqligini ta'kidlagan Bobolov, ish kunining istalgan vaqtida murojaat qilish uchun telefon raqamlarni ham e'lon qildi: 

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov – 76 224-16-16;
viloyat prokurori Sadriddin Turdiyev – 76 223-10-07;
viloyat IIB boshlig‘i Abduvohid Ismoilov – 76 223-41-53;
viloyat DSB boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov – 76 221-74-39;
Bosh vazir qabulxonasi mudiri Abdumalik Allamurodov – 76 221-73-37.

Ko‘proq yangiliklar: