O‘zbekistonda zamonaviy markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etiladi

Jamiyat 18:30 / 15.11.2019 1875

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, dastlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatining oilaviy poliklinikalari bosqichma-bosqich markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari bilan qamrab olinadi.

Loyihaning birinchi bosqichida 9,5 million AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mablag‘ investitsiya qilinishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamda Rossiyaning «Yagona klinika-diagnostika laboratoriyasi» boshqaruv kompaniyasi» MChJ bosh direktori K.Rukin boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasidagi uchrashuvda aytib o‘tildi. Muloqot jarayonida O‘zbekistonda laboratoriya xizmatini markazlashtirishga oid konsessiya shartnomasi imzolandi.

«Mazkur shartnomaga asosan Toshkent shahrida yuqori texnologiyali, to‘liq avtomatlashtirilgan, innovatsion yirik laboratoriya markazi quriladi. Bundan tashqari, 2020 yil davomida 172ta tibbiyot muassasasida konsessiya obekti sifatida olingan biomateriallarni yig‘ib olish xonalari to‘liq ta'mirlanadi va jihozlanadi. Dastlab qishloq va oilaviy polikliniklardagi laboratoriya xizmatlari qamrab olinib, birlamchi bo‘g‘inda amalga oshirilayotgan laboratoriya tahlillari endilikda eng yuqori darajadagi uskunalarda bajariladi. Bunda qishloq va oilaviy poliklinikalarda bajarilayotgan 12 turdagi laboratoriya tahlillari budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Shu bilan birga, mahalliy aholida bepul topshiriladigan analizlardan tashqari, boshqa laboratoriya tahlillarini topshirish uchun o‘zga davolash muassasalariga ovora bo‘lib borishlariga ham chek qo‘yiladi», – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Farhod Rahimqulov.

Zamonaviy va yuqori texnologiyali uskunalar hisobiga amalga oshiriladigan tahlillarning sifati yuqori darajadagi aniqlikda bo‘lib, davolash jarayonini yanada to‘g‘ri belgilash imkoniyatini beradi. Shuningdek, mazkur markaz tibbiy laboratoriya bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganidan so‘ng referens laboratoriya maqomini olishi ham belgilanmoqda. 

«E'tiborli tomoni, yangi barpo etiladigan markazlashgan laboratoriyada 300 dan ziyod zamonaviy tibbiy laboratoriya tahlillari o‘tkazilib, ularning ma'lum qismi aholi uchun bepul, ya'ni budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: