«Barselona» o‘z uslubini yo‘qotdi. Valverde qachon iste'foga chiqariladi?

Sport 17:20 / 15.11.2019 19937

«Barselona»da barchasi joyida», - deya ishonch bilan gapirmoqda katalonlar grandi rahbari. «Barcha Ernesto Valverdening ishlaridan hayratda, u haqiqiy professional», — deya ta'kidlaydi «Barsa» direktori Gilermo Amor. 

Bir tarafdan qaraganda, ko‘k-anorranglilarda barchasi ajoyibdek: jamoa ichki chempionatda va Chempionlar ligasining F guruhida yetakchilik qilmoqda, so‘nggi o‘yinda «Selta» taslim etildi, barcha gollar klub tarbiyalanuvchilari tomonidan urildi — Messining het-trigi va Busketsning uzoq kutilgan goli, u bu o‘yinda «Barselona» safidagi 550-o‘yinini o‘tkazdi. Ammo aslida klubda xuddi Kataloniya ko‘chalarida bo‘layotgani kabi «yong‘in» boshlangan, «Selta»ning yirik hisobda tor-mor etilishi esa vabo vaqtidagi so‘nggi bazmga o‘xshaydi. Jamoa inqirozga tushib qolgan, buni klub rahbariyatidan boshqa tan olmoqda — xalqaro ekspertlar, futbolchilar, murabbiylar va muxlislar.

25 yillikdagi eng yomon start

Kataloniyaliklar Messining mavsum arafasidagi jarohati jamoani kuchsizlantirishini hisobga olishgan, lekin bu o‘ta jiddiy muammo bo‘lmasligiga umid qilishgandi. Amalda esa Leosiz ko‘k-anorranglilar 1994/95 yilgi mavsumdan buyon eng yomon startni qayd etishdi, jamoa YeChL doirasida «Signal Iduna Park»da kechgan birinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lishiga bir baxya qoldi, jamoa nemislar maydonida juda ojiz ko‘rindi. «Biz yanada yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin, — deya holatdan noroziligini ifodaladi de Yong. — Biz to‘pni yanayam tezroq harakatlantirishimiz va to‘pni yo‘qotganda ko‘proq pressing qilishimiz kerak».

Jamoadagi birinchi mavsumini o‘tkazayotgan futbolchi jamoa o‘yinini shunday tanqid qila olmoqdami, demak ishlar joyida emas.

Jamoa faxriysi Pike esa vahima qilishga shoshilmaydi: «Biz La ligada va Chempionlar ligasi guruhida yetakchimiz. O‘yinimizni va natijalarni yanada yaxshilashimiz mumkin, ammo ishlar unchalik ham yomon emas».

Fikrlarning bunday xilma-xilligi ko‘pchilikda jamoada eski gvardiyadagilar «hunar ko‘rsatayotgani» va jamoa rivojlanishiga yo‘l qo‘ymayotgani, Valverde esa «kiyim almashtirish xonasidagi nazoratni yo‘qotgani» va shunchaki voqealar rivojiga aralashishni istamayotgani haqida tasavvurlar paydo bo‘lmoqda. Pikening o‘zi so‘nggi 14 o‘yinida 9 marta sariq kartochka oldi — bu qoidabuzarlik bo‘yicha antirekord hisoblanadi — u «Barselona»ning hozirgi holatidan tashvishlanmayapti va ko‘proq kelajakdagi loyihalar haqida o‘ylayotgandek. Shu kunlarda Jyerar klub prezidenti bo‘lishi va klubga Xavi, Inesta hamda Subisarretani qaytarishini ma'lum qildi, ammo maydonga avvalgi Pikeni kim qaytarishi savol ostida qoldi. Messi maydonga qaytmagunicha katalonlar chempionat turnir jadvalida «ishonch bilan» oltinchi o‘rinda borishdi.

Messiga bog‘liqlik haddan tashqari

Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, jamoa hozirgi holatiga eng yaxshi futbolchisining sa'y-harakatlari bilangina erishdi. Agar «Barselona»ga g‘alabalar keltiruvchi Messi bo‘lmaganida klub rahbariyati allaqachon Valverdeni ishdan bo‘shatgan va yangisini taklif qilgan bo‘lardi (variantlar orasida Joze Mourino nomi ham tilga olindi). «Selta»ga qarshi o‘yin Valverde uchun so‘nggi imkon bo‘lishi ham aytildi, agar jamoa bu o‘yinda yutqazganida murabbiy chindan ham ishdan bo‘shatilishi mumkin edi. Ammo bu o‘yinda Messi uchta gol urdi va murabbiy boshi ustidagi bulutlar tarqala boshladi. Umuman, u o‘zining qo‘lidan kelgan ishni qilmoqda — shunchaki Lionelni maydonga tushirmoqda va uning qanday o‘ynashiga xalal bermayapti. Sardor jamoadagi ulkan muammolarni niqoblab bermoqda, ammo bu abadiy davom etishi mumkin emas — hatto Messi barchasiga qodir emas.

Eng sharmandali mag‘lubiyat

Valverde davrida jamoa ko‘p yillardan beri birinchi marta 4-3-3 sxemasidan voz kechdi va ikki forvard bilan o‘ynashga odatlandi. «Barsa» chempionatning o‘rtamiyona jamoalariga qarshi o‘yinlarda ham to‘pga ustunlik qilish borasida avvalgidek ustunlik qilmay qo‘ydi, pozitsion hujumlar kamaydi va raqib pressingidan qanday chiqib ketishni o‘rgana boshladi. Avvallari katalonlar o‘yinning 83 foiz qismida to‘pga egalik qilgan, lekin g‘alaba qozona olmagan holatlar bo‘lgan (2012 yil «Chelsi» bilan 2:2), hozir esa jamoa to‘pga egalik qilish borasida  (48ga 52) va zarbalar berishda (11ga 14) imkoniyatni boy bersa ham «Liverpul» 3:0 hisobida mag‘lub etilmoqda. «Barsa» bunday o‘yin bilan «Liverpul»ga javob bahsini boy berishi (0:4) va Chempionlar ligasini tark etishi hayron qolgulik emas. «Barsa»ning o‘z uslubini yo‘qotishi — barcha yillardagi eng asosiy mag‘lubiyatidir va jamoa o‘zi bilan kurashda yutqazdi.

Ko‘k-anorranglilar endi o‘yinni nazorat qilishga va to‘p nazoratiga urg‘u qaratmayapti. Bu uslubdan voz kechish 2014 yilda Tate Martino vaqtida boshlangan va Valverde davrida davom ettirildi, bask mutaxassis ko‘proq chidamli, Vidal kabi baquvvat va mehnatkash futbolchilarga e'tibor qarata boshladi. Hozirda klub rahbariyati ham yangi yulduzlar sotib olishga ko‘proq e'tibor qaratib, klub tarbiyalanuvchilariga jiddiy qaramayapti. Chempionatning so‘nggi o‘yinida maydonga «Barselona» akademiyasida o‘qigan 4 nafar futbolchi tushdi. Qachondir maydondagi barcha futbolchilar akademiya tarbiyalanuvchilari bo‘lardi.

Futbolchilar yugurmay qo‘yishdi

YeChL doirasida Chexiyaning «Slaviya»ga qarshi kechgan uy uchrashuvi (0:0) statistikasi mezbonlarning hozirgi ahvolini ifodalaydi: «Barsa» futbolchilari jami hisobda raqibdan 13 kilometr kamroq yugurgan. Bu raqam farqni ko‘rsatadi: «Slaviya» futbolchilari bilan taqqoslaganda kataloniyaliklar maydonni piyoda kezishgan. Guruh bosqichidagi to‘rtta o‘yin qo‘shib hisoblansa chexlar ko‘k-anorranglilardan jami 66 kilometr ko‘proq chopishgan. 

«Barsa» Chempionlar ligasida ikkita o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi, lekin na «Inter», na «Slaviya» mag‘lubiyatga loyiq emasdi; Valverde jamoasi esa ikkita golsiz durangda bundan ortig‘iga haqli emasdi. «Barsa» futbolchilari jismonan tayyor bo‘lishmayapti: na Buskets, na Artur maydonda 90 daqiqa davomida qolmayapti, holbuki avval Serxio almashtirib bo‘lmas futbolchi edi. Doimiy jarohatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, futbolchilar shunchaki yuklamani ko‘tara olishmayapti. «Barselona» charchagan. Va hali mavsum boshida turibmiz. Keyin nima bo‘ladi?

Valverde muammolarni maskirovka qilmoqda

Katalonlarda jahonning eng qimmatbaho tarkiblaridan biri yig‘ilgan, ammo ayrim pozitsiyalardagi kemtiklarni kosmosdan turib ham ko‘rish mumkin. Valverde chap qanotdagi muammolarni qanday hal qilishni bilmayapti: Albaga raqobatchi yo‘qligi tufayli barcha juda yomon o‘ynamoqda, qolaversa Alba doimiy ravishda jarohat olmoqda, unga o‘rinbosar bo‘lishi uchun sotib olingan Firpo esa ba'zi o‘yinlarda zayavkaga ham kiritilmayapti.  Valverde chap qanotda aslida o‘ng qanotga ixtisoslashgan Semeduni o‘ynatishga majbur bo‘lmoqda, o‘ng qanotdan aslida markazroqda o‘ynashi ko‘zda tutilgan Roberto joy olmoqda, murabbiy uni mavsumga tayyorgarlik jarayonida ham o‘ng qanotda o‘ynatib ko‘rmagandi. «Barsa» tarbiyalanuvchisi, ushbu pozitsiyada tushirilishi kerak bo‘lgan Mussa Vagega esa zaxira o‘rindig‘ida ham joy yo‘q. Qarshi hujumlarda kuchli o‘ynaydigan istalgan jamoa katalonlar himoyasini yorib o‘tishi mumkin: «Levante» o‘z maydonida buni ko‘rsatib berdi (3:1).

Suares yildan yilga tezligini yo‘qotib bormoqda, 120 million yevroga xarid qilingan Grizmann esa katta ehtimol bilan Koutinoning taqdirini takrorlaydi. Jahon chempioni yangi jamoaga qo‘shilib keta olmadi, u jamoa gollarida deyarli qatnashmayapti va haligacha Messi bilan til topisha olmayapti. Futbolchilar unga dushmanlik qilishmayapti, shu bilan birga u bilan do‘stlashmayapti ham, bu maydonda yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Eng yomon vaziyat esa Dembeleda: u jarohat olmagan vaqtlarida shunchaki foydasiz o‘ynamoqda, Valverde esa fransiyalik futbolchidan 5 yosh kichik bo‘lgan Fatini afzal ko‘rmoqda. Boshqacha aytganda, maktab o‘quvchisi ham 105 million yevrolik Dembeledan yaxshiroq o‘ynamoqda.

«River Pleyt» murabbiyi Valverde o‘rniga keladimi?

Matbuotda katalonlar klubining yangi murabbiyi haqida gaplar yuribdi. Argentinalik 43 yoshli Marselo Galyardo «River Pleyt» bilan 10ta sovrin yutishga ulgurdi, endi ko‘k-anorranglilar rahbariyati unga jiddiy e'tibor bilan qarashmoqda.

Ko‘plab muxlislar Galyardoda ikkinchi Tatu Martinoni ko‘rishmoqda: bu Messi uchun qulay bo‘lgan va u bilan hisoblashadigan yana bir argentinalik murabbiy ekani aytilmoqda. Muxlislar klub Chempionlar ligasini kurashsiz tark etgan va ichki chempionat g‘olibligini «Atletiko»ga «Kamp Nou»da topshirgan mavsumni yaxshi eslashadi. Shuningdek, muqobil variantlar sifatida Arsen Venger va Mourino nomlari tilga olinmoqda, ammo ular «Barselona» muxlislari nazdida nomsiz murabbiydan ko‘ra yomonroq variantlardir.

FIFA kunlaridagi tanaffus — «Barselona» uchun nafas rostlash va chempionat uchun qaytadan kuch yig‘ish vaqtidir. Matbuotda jamoa dekabr oyida «Real»ga yutqazadigan bo‘lsa Valverde ishdan bo‘shatilishi haqida gaplar yuribdi. Aslida ushbu murabbiyni avvalroq ham ishdan bo‘shatishga sharoit yuzaga kelishi ham mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: