Suv iste'molchilari har kuni olgan suvini nima maqsadda ishlatgani haqida ma'lumot berishga majbur bo‘ladi

O‘zbekiston 07:33 / 14.11.2019 23649

O‘zbekistonda suv resurslari hisobini yuritish hamda ulardan foydalanish tartibi yanada takomillashtiriladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Suv iste'moli va suvdan foydalanganlik bo‘yicha statistik kuzatuv olib borish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

2020 yil 1 iyulidan boshlab barcha toifadagi (kommunal suv ta'minoti tizimidan tashqari) suv iste'moli va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlar “Suvdan foydalanganlik to‘g‘risida” idoraviy statistik 2-TP (suv xo‘jaligi) shakli asosida qat'iy ravishda elektron tarzda yuritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha viloyat hokimliklari bilan birgalikda:

2020 yilning 1 apreligacha “Suvdan foydalanganlik to‘g‘risida” idoraviy statistik 2-TP (suv xo‘jaligi) hisobotni elektron tarzda yuritish uchun respublikaning barcha nuqtalarida (onlayn) dasturiy ta'minot hamda mazkur dasturiy ta'minotdan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqish;

2020 yilning 1 iyulidan ushbu dastur orqali suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilarning yagona elektron bazasi bilan bog‘lash hamda har bir iste'molchi kesimida to‘lanadigan soliq miqdorlarini hisobini yuritish vazifalari yuklatiladi.

Suv iste'moli va suvdan foydalanganlik bo‘yicha statistik kuzatuv olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, barcha suv manbalari hamda suv xo‘jaligi obektlarida suvning kundalik kuzatuvi, hisobi olib boriladi va hisoboti yuritiladi.

Suv resurslari ustidan kuzatuv, hisob olib borish hamda hisobot yuritish ishlari:

tabiiy suv manbalari bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet);

yer osti suv manbalari bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;

yer usti suvlaridan foydalanish bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari;

xo‘jalik ichki suv obektlari bo‘yicha – suv iste'molchilari uyushmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Suv iste'molchilari – har kuni soat 18:00 gacha olgan suvini nima maqsadda ishlatgani, qanday ekinni qancha gektar sug‘organi hamda suvni boshqa maqsadda ishlatgani to‘g‘risida suv iste'molchilari uyushmasiga ma'lumot beradi.

Suv iste'molchilari uyushmalari har kuni kechqurun soat 18:30 gacha qaysi manbadan qancha suv olgani, uni qaysi suv iste'molchilariga qanchadan taqsimlab bergani hamda bu suv qaysi maqsadlar uchun, qanday foydalanilganligi, suvdan foydalanish koeffitsiyenti haqida tuman irrigatsiya bo‘limiga axborot berib boradi.

Har o‘n besh kunda tuman irrigatsiya bo‘limi bilan olingan suv miqdori va undan qanday foydalanilganligi to‘g‘risida o‘zaro dalolatnomalar tuzadi.

Har chorak yakuni bo‘yicha 10 kun ichida tuman irrigatsiya bo‘limiga ular bilan kelishilgan tarzda belgilangan shaklda hisobot beradi.

Tuman (shahar) irrigatsiya bo‘limlari har kuni kechqurun soat 19:00 gacha har bir suv manbasidan olgan suvi, iqtisodiyot tarmog‘iga, suv iste'molchilari uyushmasiga qanchadan bergani va ular suvni qanday maqsadda ishlatganlari, suvdan foydalanish koeffitsiyenti haqida ma'lumotlarni irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga, nusxasini tegishli Irrigatsiya tizimi boshqarmasiga taqdim etadi.

Irrigatsiya tizimi boshqarmasi – har kuni kechqurun soat 20:30 gacha har bir suv manbaidan olgan suvi, uni qaysi tumanga, iqtisodiyot tarmog‘iga, suv iste'molchilari uyushmasiga qanchadan bergani va ular suvni qanday maqsadda ishlatganlari, qancha suv qaysi suv obektiga tashlanganligi, suvdan foydalanish koeffitsiyenti haqida ma'lumotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga taqdim etadi.

Har o‘n kunda tegishli magistral kanal (tizim) va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bilan olgan suvlari va ulardan qanday foydalanganligi to‘g‘risida o‘zaro dalolatnomalar tuzadi.

Har chorak yakuni bo‘yicha 10 ish kuni davomida irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga belgilangan tartib va shaklda hisobot beradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi- O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga har kuni kechqurun soat 21:00 ga qadar har bir suv manbaidan olgan jami suvi, uni qaysi magistral kanalga, irrigatsiya tizimi boshqarmasiga, viloyatga, tumanga, iqtisodiyot tarmog‘iga qanchadan bergani va ular tomonidan suv qanday maqsadlar uchun ishlatilgani to‘g‘risida, qancha suv qaysi suv havzasiga tashlangani, suvdan foydalanish koeffitsiyenti haqida yozma ravishda kunlik axborot berib boradi.

Har chorak yakuni bo‘yicha 10 ish kun davomida Suv xo‘jaligi vazirligiga belgilangan tartib va shaklda hisobot taqdim qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, alohida ahamiyatga ega bo‘lgan barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari har kuni ertalab soat 7 da va kechqurun soat 22 da suv xo‘jaligi tizimi va obektlarining joriy holati to‘g‘risida tezkor ma'lumotlarni telefon orqali O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Markaziy dispetcherlik xizmatiga yetkazib turadi.

Suv resurslarining hisobi va balansini yuritish tuzish uchun suv xo‘jaligi tashkilotlari, suv iste'molchilari uyushmalari va suv iste'molchilari o‘zaro suvning kundalik oldi-berdi munosabatlarini yuritadi.

Suv yetkazib beruvchilar va suv iste'molchilari o‘rtasida suvning oldi berdisi bir sutkada kamida ikki marta ertalab soat 7-8 va kechqurun soat 18-19 o‘rtasida olib boriladi.

Faoliyat yuritishi jarayonida suvdan foydalanayotgan barcha yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, fuqarolar o‘z korxona va tashkilotlarida suvdan foydalanish va iste'mol qilish, oqava (drenaj) suvlarni chiqarib tashlash bo‘yicha kuzatuvni yo‘lga qo‘yadilar.

Suvdan foydalanish va suv chiqarishda quyida keltirilgan shartlarga (cheklovlarga) mos (to‘g‘ri) keluvchi barcha respondentlar suvdan foydalanganlik va suv chiqarib tashlaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni 2-tp shakli bo‘yicha taqdim etadilar:

suv obektlaridan (qishloq xo‘jaligi obektlaridan tashqari) sutkasiga 5 m3 yoki undan ortiq suv oluvchilar;

suv ta'minoti tizimlaridan (suv bilan ta'minlovchi - respondentlardan) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tashqari suv iste'molining barcha turlari uchun sutkasiga 5 m3 va undan ortiq suv oluvchilar;

qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun suv ta'minoti tizimlaridan suv oluvchilar, suv obektlaridan sutkasiga 5 m3 va undan ortiq miqdorda suv oluvchilar;

olinayotgan suvning miqdori qancha bo‘lishidan qat'iy nazar umumiy quvvati 500 m3 yoki undan ortiq bo‘lgan aylanma suv ta'minoti tizimi bo‘lganlar;

oqava (chiqit, drenaj) suvlarni chiqarib tashlovchilar.

Suvlar miqdorlari bo‘yicha ko‘rsatilgan chegaralar hududning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan kamaytirilishi ham mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan suvdan foydalanayotgan va hisobot berishlari lozim bo‘lgan respondentlarning ro‘yxati yuritiladi va respondentlarni ma'lumotlarni taqdim qilishning belgilangan shakli to‘g‘risida xabardor qilinadilar.

Respondentlar hisobot yili uchun ma'lumotlarni o‘zlari faoliyat yuritadigan hududda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalariga hisobot yilidan so‘ng 20 yanvarga qadar taqdim etadilar.

Suv resurslaridan foydalanganlik va oqava suvlarni tashlanganligi to‘g‘risidagi hisobotlardagi shakllar aniq va tushunarli qilib to‘ldirish talab qilinadi.

Agar respondent yoki qabul qiluvchi tomonidan shaklni to‘ldirilishida xatoliklar aniqlansa, respondent yangi shaklni to‘ldirib, hisobotni qaytadan taqdim qiladi.

Respondentning tarkibida alohida yuridik shaxs sifatida faoliyat yurituvchi hududiy bo‘linmalari bo‘lsa, uning har bir bo‘linmasi ma'lumotlarni va idoraviy statistik hisobot shakllarini alohida taqdim etadi.

Yuridik shaxs rahbari yuridik shaxs nomidan shakl bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etish uchun mas'ul shaxsni tayinlaydi.

Issiqlik ta'minotini amalga oshiruvchi respondentlar isitish tizimlarida aylanayotgan suvni shaklga asosan hisobga olmaydilar.

Yer osti suv manbalaridan suv olayotgan respondentlar olinayotgan suvning miqdori qancha bo‘lishidan qat'iy nazar ma'lumotlarda suvning umumlashtirilgan miqdorini ko‘rsatadilar.

Yer osti suvlari qatlami bosimini saqlash uchun foydalanilgan suv respondent tomonidan qayta ishlatilgan suv sifatida qayd etilishi lozim.

Barcha respondentlar suvdan foydalanishni dastlabki hisobini yuritish uchun suv obektlaridan olinayotgan suv resurslari, chiqarib tashlanayotgan oqava (drenaj) suvlar miqdori va sifati bo‘yicha 2 – TP (suv xo‘jaligi) shaklida hisobot yuritadilar. Suv xo‘jaligi tashkilotlari esa 1 – suv xo‘jaligi shaklida umumlashtiruvchi hisobotlarni yuritadilar.

Bir vaqtning o‘zida bir necha faoliyatni yuritayotgan va bunda suvdan foydalanayotgan respondentlar har bir faoliyati (har bir IFTUT) bo‘yicha ma'lumotlarni alohida ko‘rinishda taqdim qiladilar.

Ko‘proq yangiliklar: