Marhum jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning oilasiga yordam ko‘rsatildi

O‘zbekiston 17:40 / 14.11.2019 41878

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlari fojiali ravishda halok bo‘lgan jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning xonadonida bo‘lib, marhumning oilasiga moddiy yordam ko‘rsatdi.

«Kuni kecha Agentlikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida marhum jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning professional faoliyati, kamtarona va xokisor hayoti yodga olib o‘tilgan edi. Agentlik rahbari Komil Allamjonov marhumning oilasiga moddiy yordam ko‘rsatish masalasida tashabbus bildirgan edi.

Bugun Agentlik xodimlari ayni shu masala bo‘yicha Xorazm viloyatida bo‘ldi. Davlatnazar Ro‘zmetovning oila a'zolariga Agentlik tomonidan o‘quv qurollari, badiiy adabiyotlar hamda moliyaviy mablag‘ taqdim etildi», deyiladi agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, shu hafta boshida o‘tkazilgan maxsus matbuot anjumanida xorazmlik jurnalistning fojiali o‘limi yuzasidan batafsil ma'lumot berilgan edi.

Unga ko‘ra, Davlatnazar Ro‘zmetovni 2019 yilning 6 noyabr kuni taxminan soat 23:00-23:30 oralig‘ida, Urganch-Xiva yo‘lida harakatlanib ketayotgan «GAZel» avtomobili urib yuborgan. Jurnalist voqea joyida vafot etgan.

Marhumning o‘sha kundagi harakatlari kuzatuv kameralarida muhrlangan. Kun.uz bu haqda Ichki ishlar vazirligi ochiqlagan ma'lumotlarga tayanib, batafsil maqola va videoreportaj e'lon qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: