Andijonda «erka shoir»ga avtomobil sovg‘a qilindi. U viloyat paxta rejasini bajarmagunicha Toshkentga ketmasligini aytib she'r yozgandi

Jamiyat 13:47 / 13.11.2019 51868

«Andijonning erka shoir o‘g‘li, vatan kuychisi Sharofiddin Boltaboyevga yurtni madh etuvchi she'rlari uchun viloyat hokimining qimmatbaho sovg‘asi, yengil avtomashina topshirildi», deyiladi Andijon viloyat matbuot xizmati xabarida.

Shoir bu yilgi paxta mavsumining ilk kunlaridan o‘zi tug‘ilgan Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani dalalarida terimchilar bilan birga paxta tergan.

Foto: Sharofiddin Boltaboyevning Facebook sahifasi

Qo‘rg‘ontepa hokimligi matbuot xizmatining feysbukdagi sahifasida yozilishicha, shoir tashrifining ilk bosqichini Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Avazbek Ergashev bilan bo‘lgan uchrashuvdan boshlab, butun Andijon viloyati bo‘ylab ham she'rlari orqali, ham amaliy ko‘magi bilan hasharchilarga qo‘llab-quvvatlash uchun, dastlab o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘rg‘ontepa tumanidan safarini boshlash istagi borligini, Andijon viloyatining paxta sotish rejasi bajarilmagunicha Toshkentga qaytmasligini suhbat jarayonida va she'riy satrlarida bayon qilgan edi.

Foto: Sharofiddin Boltaboyevning Facebook sahifasi

«Shoir paxta dalalarida tushlik payti bo‘lgan vaqtlarda, hasharchi paxtakorlar nomidan yozilgan,

Shahdi o‘tkir qilichdan,

Shuhrat Qo‘shaqboyevichdan,

«Ravon» olgim kelyapti,

Paxta tergim kelyapti!

kabi misralarni o‘z ichiga olgan yangi she'rlarini o‘qib eshittirish bilan birga, paxta dalasiga kirib tumanimiz hamda viloyatimiz xirmoniga amalda hissa qo‘shishga ham ulgurdi», deyiladi tuman hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Foto: Sharofiddin Boltaboyevning Facebook sahifasi
Foto: Sharofiddin Boltaboyevning Facebook sahifasi

Shoir viloyat hokimining ilg‘or terimchilarga avtomobil sovg‘a qilayotganidan, viloyat paxta topshirish rejasini tez kunda bajarishidan ruhlanib, «Yuksak marra, dovon muborak!» va «Paxta tergim kelyapti» she'rlarini yozib ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qildi.  

Dovon muborak

Andijonim! Yuksak marra, dovon muborak,

Oq oltindan bo‘y cho‘zgan tog‘ - xirmon muborak,

Joriy qilding yangi tizim KLASTeRlarni

INNOVATsIYa g‘oyalaring, imkon muborak!

Yurtboshimiz faxr bilan e'zozlagan yurt,

Har onlaring quvonch bo‘lsin, g‘amlarni unut,

Gar yo‘qlasang, o‘pkam to‘lib shod kunlaringda

Poytaxtlardan uchib kelay, shoiringni kut!

Sharobiddin har satrida sen sharaf, shonim,

Yuragimning ardog‘isan, jon Andijonim!!!

Paxta tergim kelyapti

Qarsillatib she'r o‘qib,

Yangi misralar to‘qib,

Kuch olaman mehrli

Ko‘zlaringizga boqib.

Paxta - oq oltin tillo,

Dur, chaman sochar jilo,

Mayli, bellarim qotsin

Kunda terib 100 kilo.

Ko‘krak kergim kelyapti,

Paxta tergim kelyapti.

Kelib hol so‘ramasam,

Yozda suv taramasam,

Aytgin, qanday bolangman

Koringga yaramasam.

Aylanay, zabtingizdan,

Isindim taftingizdan,

Chanoq tilgan, yorilgan

Qadoq qo‘l kaftingizdan.

Duo olgim kelyapti,

Yurtda qolgim kelyapti.

Ma'lumotlarga ko‘ra, avtomobil shoirga homiylar tomonidan taqdim qilingan.

Foto: Sharofiddin Boltaboyevning Facebook sahifasi
Foto: Sharofiddin Boltaboyevning Facebook sahifasi

Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: