Shuhrat Sodiqov: «Advokat mijozi bilan uchrashadigan xonalarga kamera qo‘yilgan edi, endi ular yo‘q»

O‘zbekiston 23:31 / 12.11.2019 10894

12 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Advokatlar palatasi va Adliya vazirligi vakillari bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Advokatlar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Sodiqov sohadagi ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Tergov hibsxonalarida yaxshi sharoitlar yaratilgan. Bu bo‘yicha muammolar haqiqatda bor edi. Bu avvalo Toshturmadan boshlandi. Hamma joyga jar solib chiqdik. «Bu nima degan gap?» dedik. Mijoz bilan advokat uchrashadigan xonada kamera qo‘yilgandi. U ham video yozadi, ham audio yozadi. Advokatlar hattoki, o‘sha kamerani qobiliyati qanaqaligi haqida modifikatsiyasini ham ko‘tarib kelishdi. Shundan so‘ng tartibga solindi. Endi bunday xonalarda kameralar yo‘q, audio-video yozuvlar bo‘lmaydi. Bunday tizimli muammolarning ko‘pi o‘z yechimini topgan.

To‘g‘ri, ayrim hollarda advokatlar bizga yetkazib turishadi. Telefoni olib qo‘yilgani yoki mijozning oldiga qo‘ymagani haqida aytib qolishadi. Bu saviyasi past xodimga bog‘liq bo‘lgan bo‘lib qoladi.

Advokatlar palatasi raisi Bosh prokuror bilan, Oliy sud raisi bilan ham uchrashdi. Muammolar tushuntirilgan, maslahatlashilgan. To‘g‘risini aytish kerak, hamma sudlarda ham yetarli sharoit yo‘q. Sudyalarning o‘ziga joy yo‘q, shu sabab advokatga joy qilib bera olmaydi. Ayrim sudlarda mana advokatlar xonasi deb ertasi kuni olib qo‘yilgan joylar ham bor. Yaqin kunlarda masalalar umumlashtirilyapti va palata raisi Oliy sud raisi bilan uchrashadi. Oliy sud barcha sudlar bilan videoselektor tarzida ko‘rsatiladi deyilgan. Biz bunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», – deydi Sodiqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Advokatlar palatasi qoshida advokatlarni himoya qilish departamenti tashkil qilinmoqda.

«Advokatlarning faoliyatiga xalaqit qiladigan holatlar bo‘yicha kerak bo‘lsa Bosh prokurorga ham, Oliy sud raisiga ham chiqyapmiz», – dedi Advokatlar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: