Tanqidiy maqolaga munosabat: Izboskan tumani «Besh-Terak» mahallasiga yangi transformator o‘rnatildi

Jamiyat 14:06 / 09.11.2019 5305

Joriy yilning 6 noyabr kuni Kun.uz saytida “Besh-Terakka – transformator kerak!”: Izboskan tumanidagi mahalla muammosi haqida” sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingandi.  

Maqolada Andijon viloyat Izboskan tumani “Besh-Terak” mahallasida mavjud elektr energiyasi ta'minotidagi kamchiliklar tanqid qilingan bo‘lib, mahallada tok kuchining ozligi oqibatida aholi xira chiroqda o‘tirgani va maishiy texnika jihozlaridan foydalana olmayotgani yoritilgan. “Besh-terak” aholisi hududdagi elektr sohasi mutasaddilaridan transformator o‘rnatib berishlarini so‘ragan bo‘lsa-da, murojaatlari ijobiy hal bo‘lmayotgani haqida arz qilishgan.

Ushbu maqola bo‘yicha Andijon “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan javob oldik. Korxona “Besh-terak” mahallasidagi muammolar hal etilganligi haqida ma'lumot bergan.

Qayd etilishicha, “Besh-Terak” mahallasida yashovchi aholining murojaatiga ko‘ra elektr energiyasi quvvatini oshirish maqsadida quvvati 160 kVA bo‘lgan transformator o‘rnatildi.

Shuningdek, mahalla ko‘chalaridagi 1,5 km uzunlikda 0,4 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i rekonstruksiya qilinib, hududdagi elektr simlariga tegib turgan daraxt shoxlari tozalangan.

Bildirilishicha, “Besh-Terak” mahallasida elektr ta'minotidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: