Auksionda sotilgan ferma mashmashasi. Tadbirkor hozir nega qamoqda?

Jamiyat 21:00 / 08.11.2019 66373

Ijtimoiy tarmoqlarda elektron-onlayn auksion orqali 320 million so‘mga mulk sotib olib, mulkning avvalgi egasi va huquq-tartibot idoralari tomonidan qarshilikka uchrayotgani haqida arz qilgan tadbirkor Shavkatjon Yusupovning chiqishlari tarqaldi.

U o‘z chiqishlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar auksionda sotib olingan mulkni undan olib qo‘yish maqsadida asossiz ravishda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, uni qamoqqa olmoqchiligi, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i va'da bergan bo‘lsa-da, jinoyat ishi bo‘yicha tergov Andijon viloyat prokuraturasidan Namangan viloyat prokuraturasiga o‘tkazilmagani haqida gapirgan.   

Bosh prokuratura ushbu tadbirkorning prezidentga yo‘llagan videomurojaati yuzasidan rasmiy bayonot berib, u tergov harakatlariga jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangani haqida ma'lumot berdi.

Shavkatjon Yusupovning o‘zi nima deydi?

Sentabr oyida elektron-onlayn auksionda 326 million so‘mga mulk sotib olgan tadbirkor Shavkatjon Yusupov bilan prokuratura tomonidan gumonlanuvchi sifatida ushlanishidan oldin suhbatlashgan edik.

«Men tadbirkorlik qilish niyatida edim. Iyun oyida onlayn auksion savdoga qo‘yilgan mulklar bilan tanishib, obektlar orasida Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani, «Uzunko‘cha» qishlog‘idagi sut-tovar fermasiga qiziqdim. Savdodan oldin borib ferma bilan tanishib keldim. Fermada 43 bosh qoramol, isssiqxona, boshqa inshootlar, 16ta bino bor ekan. Menga ma'qul keldi (suratlarni ko‘rsatdi).

Ferma egasi Ahmadillo Hamroqulov ekan. 3 iyun kuni onlayn savdoda qatnashdim. O‘zbekiston bo‘yicha 30 kishi savdoda ishtirok etdi. Boshlang‘ich bahosi 200 million so‘m bo‘lgan ferma narxi ko‘tarilib bordi va men eng yuqori narx - 326 million so‘mga sotib oldim.

Pulni to‘ladim. 5 iyun kuni Oltinko‘l tuman MIBga bordim. Fermani xatlagan MIB xodimi o‘sha fermaga men bilan borib, oldingi egalariga ko‘chmas mulkni sotib olganimni aytdi va ular fermani bo‘shatib chiqib ketishdi. Meni va ishchilarimni fermaga kiritib qo‘yishdi. Biroq o‘sha kuni fermani dalolatnoma bilan qabul qilib olmadim. MIB xodimi Maqsudjon Mirpayzullayev dalolatnomani keyinroq qilib berishini aytdi.

2019 yil 30 iyun kuni dalolatnomani topshirishdi. Lekin bungacha fermadagi mulklarning asosiy qismi olib chiqib ketilgan edi. Ikki qorovulim bor edi. 27 iyun kuni fermaning sobiq egasi Ahmadillo Hamroqulovning odamlari 7 kishi bo‘lib qo‘lida pichoq, bolta va teshalar bilan bosqinchilik qilgani kelib, mendan 10 ming AQSh dollari talab qilishdi. O‘sha kunning o‘zida IIVga murojaat qilganman. Ertasiga tuman ichki ishlar bo‘limidan xodimlar kelishdi. Bosqinchilik qilganlardan uch nafarini ushlashdi. Lekin mening bosqinchilik haqidagi arizamni olishmadi. Tuman IIB rahbarining birinchi o‘rinbosari Farhod aka «ular bosqinchilik qilishmagani, hazillashishgani» haqida gapirdi. Qorovullarimning ko‘karmagan joyi qolmagan edi. Bittasi ko‘proq kaltak yegan ekan, ikki haftadan keyin olamdan o‘tdi. Yoshi ulug‘ bo‘lsa ham sog‘lom odam edi. «16 iyun kuni Oltinko‘l tumani hokimi sektor rahbarlari bilan fermaga keldi. Shaxsiy mulkimga kelib menga tazyiq o‘tkazishdi. Tuman hokimi Nazirjon O‘rinboyev meni bu yerdan chiqarib fermani berkitib qo‘yish uchun tuman ma'muriy sudi ajrimini chiqarish uchun sudyaga telefon qildi.

O‘sha kunning o‘zida ma'muriy sud sotib olgan mulkimning oldini to‘sib tashlash haqida ajrim chiqarib berdi. Meni eshitmasdan ajrim chiqarishganiga hayron bo‘ldim. 1 avgust kuni Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga murojaat qildim. Bu jarayon «Mahalla» telekanali orqali efirga uzatildi. Men viloyat hokimiga tuman IIB birinchi o‘rinbosari Farhod akaning ustidan arz qilganman.

14 iyun kuni IIB xodimi kelib menga Andijon viloyati iqtisodiy sudining ajrimini berib ketdi. Sudya bilan gaplashdim. Unga yuridik shaxsligim, qonunchilikda ishni yuridik shaxs qayerda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha joyning iqtisodiy sudi ko‘rishi kerakligi yozilgani»ni aytdim. Ishim Ye-auksion Toshkentda yoki mening manzilim Namanganda bo‘lgani uchun shu yerdagi sudda ko‘rilishi kerakligini ta'kidladim. Sudya bunga ko‘nmadi. Sud mening g‘oliblik bayonnomamni bekor qilib yubordi. 22 iyun kuni men ma'muriy sud ajrimi ustidan apellyatsiya berdim. Chunki, 14 avgustdagi sud qarori kuchga kirmasdan turib, keyingi sud ajrim chiqarishi mumkin emas edi. Ular bu hujjatlarni yo‘q qilib yuborishdi. Apellyatsiyaga chaqiramiz deb turishibdi.

Bu orada uyimga ham o‘t qo‘yib ketishdi. Gumonim Ahmadillo Hamroqulovdan.

Men bir kvartiramni, mashinamni sotib pul qilib, mulkni sotib olgandim. Sudlar avval oldingi sudlarning ijro hujjatini bekor qilib, so‘ng g‘olibligimni olib qo‘yishi kerak emasmi? Prezident tomonidan chiqarilgan qonunlarga ishonib, tadbirkorlik qilish uchun o‘z pulimga elektron savdoda mulk sotib oldim. Pulimni qaytarib berishmoqchi. Kundan-kunga pulning qadri tushib boryapti. Qancha tashvishlar bo‘ldi. Bunga kim javob beradi?», degandi u.

Bu suhbatda tadbirkordan qorovulning o‘lim varaqasidagi sabablar ko‘rsatilgan ma'lumotnomani, uyidagi yong‘inning sabablari bo‘yicha Yong‘in xavfsizligi dalolatnomasini so‘raganmiz. Tadbirkor bunday hujjatlarni taqdim etmagandi.

«Arg‘umon Oltinko‘l» fermer xo‘jaligida

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi «Arg‘umon Oltinko‘l» fermer xo‘jaligining 2019 yil 3 iyun kuni elektron-onlayn auksion orqali «YUKSAK BROK INVEST» jamiyatiga sotilgan chorva fermasiga bordik.

Chorvachilik fermasi «Uzunko‘cha» mahallasining bir chetida joylashgan ekan. Qoramollar boqilgan, ko‘plab binolari bo‘lgan, issiqxonalar ishlab turgan ferma hududi bugun xarobazorga aylanibdi. Ferma hovlisida «Ag‘rumon Oltinko‘l» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Bekzodbek Abdullayevning so‘zlarini tingladik.

«Arg‘umon Oltinko‘l» fermer xo‘jaligi 2014 yili intensiv bog‘ tashkil etish va unga ikkilamchi uskunalarni sotib olish uchun «Hamkorbank»dan chet el valutasida 499 ming AQSh dollar kredit olgandi. 2017 yil 5 sentyabrda valuta kursi konvertatsiyasi oqibatida fermer xo‘jaligimizning kreditni muntazam to‘lab borish imkoniyati cheklanib qoldi. Valuta kursi o‘zgargach qiynalib qoldik. «Hamkorbank»ga murojaat qilib, kreditlarimiz muddati uzaytirib berilishini iltimos qildik. Ular rad javobini berishdi va «Hamkorbank» Andijon viloyat iqtisodiy sudiga da'vo arizasi topshirdi. Biz ko‘mak so‘rab Respublika Savdo-sanoat palatasiga, Adliya vazirligiga bordik. Yordam bo‘lmadi. Fermamiz auksion savdoga chiqib ketgan ekan.

2019 yilning 3 iyunida fermamiz onlayn-elektron auksion savdoda sotilganini bildik. Sotib olgan firma nomi «YUKSAK BROK INVEST» edi. Rahbari Shavkatbek Yusupovga uchrab, «Fermamiz biz bilmagan holda savdoga chiqibdi. O‘zimizga sotasizmi?», degan edik, rozi bo‘ldi. 18 iyun kuni esa Shavkatbek Yusupov kelib, fermani bizga sotmasligini aytdi.

Biz unga ferma hududida garovga olinmagan mulklarimiz borligi va ularni olib chiqib ketishimizni bildirdik. U o‘sha yerning o‘zida prezident portaliga murojaat qilib, «Meni o‘ldirishga kelishdi. Darvozani buzib kirib, mulkimni talon-toroj qilishyapti», dedi. Qarshilik ko‘rsatishni boshladi. Keyin biz MIB va ichki ishlar xodimlarini chaqirdik. Organ xodimlari kelib hech qanday janjal bo‘lmayotganini ko‘rishdi. MIB xodimlari «Shavkatbek Yusupovning qo‘lida «Bayonnoma»si bor. Bu yerdan chiqib ketinglar» deyishdi. Biz MIB va IIB xodimlariga bu yerda garovga olinmagan mulklar, umuman boshqa shaxslarga tegishli narsalar borligini tushuntirdik.

Bu yerda issiqxonalar, konteynerlar, katta hajmdagi suv idishlari, GAZ-53 mashinasi bor edi.

MIB xodimlari biz bu yerdan chiqib ketishimiz kerakligi, garovga olinmagan mulklarimizni sud orqali olishimiz mumkinligi» haqida xulosa qilishdi. Qarangki, MIB xodimlari o‘zlari kelib, mol-mulkni xatlagan, auksionga qo‘ygan, o‘zlari qaysi mulk garovdan tashqari ekanligini bilgan bo‘lishsa ham olib bera olishmadi. Bu yerda bizning salkam 1,5 milliard so‘mlik mulkimiz bor edi. Hududni o‘rab turgan devorning o‘zi 300 million so‘mdan ortiq pulga qurilgan.

Shavkatbek Yusupov hatto topshirish-qabul qilish dalolatnomasini vaqtida olmagan. MIB xodimlari undan qabul qilishini so‘raganida, «Oltita bino buzilib ketgan ekan. Men olmayman. Binolarni joyiga qo‘yib berasizlar», degan. Tortishuvlardan so‘ng u garovdan tashqari mulklarni ham saqlovga olib qoldi. Bu jarayon videotasvirga olingan va biz uni sizga taqdim etamiz.

Shavkatbek Yusupov hali dalolatnoma topshirilmasdan avval shu yerdagi «naves»ni buzib olib chiqib keta boshladi. Biz 27 iyun kuni uni ogohlantirish uchun kelganmiz. Ikki qorovulga hech qanday adovatimiz yo‘qligi, faqat saqlovga berilgan mulklarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasini olmasdan buzib ketmaslik kerakligi, bu yerdagi mulklar nizoli holatdaligi haqida ogohlantirish uchun kelganimizni aytgandik.

Qorovullardan biri Yusupovga telefon qildi. U Namangan shahrida ekan. Tezda kelishini aytdi. U yo‘lda Bosh prokuraturaga, Ichki ishlar bo‘limiga va uchastka noziriga murojaat qilib, «Boltalar bilan kelishibdi. Maska taqib olishgan. Qorovullarni  o‘ldirishmoqchi», debdi. Shu kuni tuman IIBga borib, ancha vaqt qolib ketdik.

Ertasiga fermaga kelib, mulklarimizni olib chiqib ketmoqchi bo‘ldik. Shavkat Yusupov bilan o‘sha kuni yana tortishuv bo‘ldi.

27 iyun kuni biz MIB xodimlarini chaqirib, topshirish va qabul qilish dalolatnomasini tuzishni va bizning garovga olinmagan mulklarimizni olib chiqib ketishga yordam berilishini so‘radik. MIB va IIB xodimlari kelib, topshirish-qabul qilish dalolatnomasini tuzishdi. Mazkur jarayon to‘liq videotasvirga olingan. Barcha mol-mulk Shavkat Yusupovga saqlov uchun qoldirildi. Biz ma'muriy sudga ariza berdik.

2019 yil 16 iyul kuni hokimiyatdan telefon bo‘lib, fermaga borishimizni aytishdi.

Kelsak fermadan nom-nishon qolmabdi. 28 iyundan 16 iyulgacha barcha narsani buzib olib chiqib ketishibdi. Xalq to‘planib turgan ekan. Oltinko‘l tumani hokimi ham shu yerda edi. Keyin Shavkatbek Yusupov keldi. Hokim unga «Transformatorni sotib yuboribsiz. U garovdagi mulk edimi yoki garovdan tashqari edimi?», deb savol berdi. U «transformator ishlamas edi, shuning uchun sotib yubordim», dedi. MIB xodimlari garovdan tashqari mulk ekanligini aytishdi. O‘tgan kunlar davomida tadbirkor va aholi o‘rtasida rosa ko‘p tortishuvlar bo‘lganini aytishdi.

Shu kuni Oltinko‘l tuman ma'muriy sudi tomonidan «dastlabki chora sifatida ferma hududidagi inshootlar va mol-mulklar tashib chiqib ketilishi taqiqqa olinsin» degan qarorni berishdi.

Ertasi kuni Shavkatbek Yusupov Andijon viloyat hokimi qabuliga borib, auksionda sotib olingan fermadagi qoramollar va oltita bino berilmagani, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va biz tomonimizdan tazyiq o‘tkazilganini ta'kidladi.

Ferma hududida 1,5-2 milliard so‘mlik mol-mulk bor edi. MIB keldi, o‘rgandi. Ko‘rib turibdiki, 6ta bino buzilgan. Yangi inshootlar qurilgan. Mojaroli holat sifatida iqtisodiy sudga qaytarib yuborishi mumkin edi-ku? Obekt qayta baholanishi kerak edi! Bu bilan biz kreditning katta qismini to‘lagan bo‘lardik, bank ham kredit yopilishidan manfaatdor bo‘lardi.

Asosiy aybdor esa Andijon viloyati iqtisodiy sudi, deb bilaman. Ular hal qiluv qarorini chiqarishdan oldin mulkni ko‘zdan kechirib, o‘rganishlari kerak edi. 3,5 gektar yeri bilan sotuvga qo‘yilyapti. 200 million so‘mga baholanyapti. Bir sotix yer 10 ming so‘m bo‘ladimi? Tushunmadik, tezlik bilan auksionga chiqarib yuborishdan maqsad nima edi?

MIB xodimi Maqsudbek Mirpayzullayev ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Fermaning ichida o‘zga shaxs - Bobur Ergashevning 300 million so‘mlik mulki bor edi. Shavkatbek Yusupov bu mulklarni ham olib chiqib ketgan.

Biz Shavkatbek Yusupovga «326 million so‘mga sotib olingan mulkni o‘zimizga 500 million so‘mga soting», degan taklif bilan chiqdik. U unamadi. «Baholataman. Shunga qarab olasizlar», dedi. Agar qayta baholatsa, mulk kamida 2 milliard so‘mga baholanar edi. Uning ishi mulkni olib, «so‘yib, sotish» ekan.

Mana shu fermaning avvalgi holatini ko‘rsangiz, xuddi jannatdek joy edi. Endi bo‘lsa xarobaga aylandi.

Shundan so‘ng «Ag‘rumon Oltinko‘l» fermer xo‘jaligi paxta dalasiga mas'ul bo‘lib ishlayotgan Qobuljon Rustamov fermani sotib olgan tadbirkor birinchi kundanoq binolarni buzishni boshlagani, yer maydonini uy qurishni xohlaganlar uchun sotixini 5 million so‘mdan sotishga uringanini aytdi.

Shu yerlik aholi buzilgan binolardan chiqqan qurilish materiallarini sotib olgan ekan. Ulardan biri Turg‘unboy ota Umurzoqov ham uyi oldida turgan g‘ishtlarni Shavkatbek Yusupovning qorovulidan sotib olganini aytdi.

«Uzunko‘cha» mahallasida yashovchi Ominaxon Rustamova mahalla ichimlik suvsiz qolganini gapirib berdi.

«Shavkatbek Yusupov aholini yig‘di. Agar aholi 20 million so‘m berib suv minorasini sotib olsa, minora joyida qolishini aytdi», deydi u.

MFY raisi ham mahalla ahli aytgan gaplarni tasdiqladi.

«Tadbirkor degani bunyodkor bo‘lardi, Shavkatbek Yusupov esa chiroyli joyda vayronkorlik qilib ketdi», deydi Dilfuza Akbarova.  

Oltinko‘l MIBda

Oltinko‘l tuman Majburiy ijro byurosiga bordik va auksionda «YUKSAK BROK INVEST» MChJ tomonidan sotib olingan mulklarni ko‘zdan kechirish, xatlash va sotuvga chiqarishga mas'ul bo‘lgan xodim Maqsudbek Mirpayzullayev bilan suhbatlashdik.

«Mazkur ish bo‘yicha ijro hujjati Oltinko‘l MIB ish yurituviga 2018 yil 11 dekabr kuni kelib tushgan. Yuqoridagi hujjatlarga asosan chorva fermasiga borganmiz va obektdagi mulklarni tegishli tartibda ko‘zdan kechirish jarayonlari o‘tkazilib xatlangan va suratlarga olingan.

Ijro harakatlari davomida u yerda chorva fermasiga tegishli bo‘lmagan mol-mulklar ya'ni – transformator, suv minorasi, qoramollar va issiqxonalar mavjud bo‘lib, ushbu mulklarni olib chiqib ketishning iloji bo‘lmagani sababli ular ham suratga tushib qolgan. Ushbu suratlar elektron-onlayn auksionga qo‘yilgan. Muammolar auksion savdoda mulkni yutib olgan «YUKSAK BROK INVEST» bilan o‘sha joyga borib, topshirish va qabul qilish dalolatnomasini tuzish paytida paydo bo‘ldi. Dalolatnomani tuzish jarayonida jamiyat rahbari Shavkatbek Yusupovni sudda hal bo‘lmagunicha, bino va inshootlarni buzib chiqib ketmaslik haqida ogohlantirganmiz va bu holatlar bevosita videotasvirga olingan. Biz bu materailni sizga taqdim qilamiz», dedi u.

Shavkat Yusupov ishi sudda ko‘rilmoqda

22 oktabr kuni Shavkatbek Yusupov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir necha moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Bundan tashqari, «Arg‘umon Oltinko‘l» fermer xo‘jaligi rahbari Hamraqulovga, Majburiy ijro byurosi Oltinko‘l tumani bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan Bektemirovga Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayb e'lon qilinib, ularga nisbatan garov ehtiyot choralari qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tamomlanib, ish sudga chiqarilgan.

Elmurod Ermatov,

Sarvarbek Nazarov, Kun.uz muxbirlari

tasvirchi, Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: