Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Microsoft Japan har juma kuni «Work-Life Choice Challenge Summer 2019» deb nomlangan aksiya doirasida o‘z ofislarini yopgan. Kompaniyaning doimiy ishchilari ushbu dam olish kunlari uchun maosh olishgan.
Ushbu tadbirlar 2280 nafar xodimning 90 foiziga taalluqli bo‘lgan. Ularga yarim soatdan ko‘p vaqt talab etadigan yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlangan va ishga oid barcha masalalarni yuzma-yuz uchrashuvlarda emas, messenjer orqali hal etish tavsiyasi berilgan.
Natijada samaradorlik, ya'ni bir xodimga to‘g‘ri keladigan sotuv hajmi deyarli 40 foizga oshgan.
«Kamroq ishlang, yaxshilab dam oling va ko‘p bilim egallang. Insonga hayot maqsadini anglashga va ishda yanada yuqori marralarga erishishga imkon beruvchi muhit kerak. Men xodimlarimning bo‘sh vaqti 20 foizga kamroq bo‘lganda ham xuddi shunday muvaffaqiyatlarga erishishlarini xohlayman», — deydi Yaponiyadagi Microsoft prezidenti Tukuyya Xirano.
Qayd etish kerakki, bu yapon korporatsiyasi uchun g‘ayrioddiy falsafa. U yerda ko‘p yillardan beri me'yoridan ortiq ishlash va og‘ir, ba'zida halokatli ish stressi mavjud.
«Aqlli hordiq»
2017 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Yaponiya kompaniyalarining deyarli chorak qismida xodimlar oylik me'yordan o‘rtacha 80 soat ko‘p ishlashadi. Aksariyat hollarda ushbu qo‘shimcha ish vaqtiga haq to‘lanmaydi.
Yapon tilida «karosi» atamasi ham mavjud bo‘lib, bu keragidan ortiq ishlashdan vafot etishni anglatadi. Yaponiyaliklar yilda o‘rtacha 1713 soat vaqtini ishda o‘tkazadi.
Shu sababli, Microsoft tajribasidan keyin o‘tkazilgan so‘rovda xodimlarning 92 foizi ushbu aksiya o‘zlariga ma'qul bo‘lganini aytishgani bejiz emas.
Bundan tashqari, ofisda qo‘shimcha dam olish kunli o‘tgan bir oylik ish vaqti davomida elektr energiyasi iste'moli 2018 yilning avgustiga taqqoslaganda 23 foizga, qog‘oz sarfi esa 59 foizga kamaygan.
Microsoft o‘z tajribasini qishda ham takrorlab ko‘rmoqchi. Bu safar xodimlarga qo‘shimcha ta'til kunlari o‘z-o‘zidan berilmaydi. Ular yana bir hordiq kuni olishga va «aqlli dam olish»ga ruhlantiriladi.
Olti kun
Alibaba asoschisi Jyek Ma esa aksincha, avvaldan 12 soatlik ish kuni joriy etish tarafdori bo‘lgan. 2019 yilning aprel oyida «966» nomli o‘z sxemasini taqdim qildi, unda ishchilar ertalab soat 9:00dan kechki soat 21:00gacha ishlashadi, uning ikkinchi nomi «baraka».
Britaniya Mehnat partiyasi tomonidan buyurtma qilingan to‘rt kunlik ish haftasini joriy etishga doir o‘tkazilgan tadqiqotlarda bu amaliyot ilojsiz deb topildi.