Yangi texnikalar Samarqand shahridagi mahallalardan kuniga ikki marta chiqindi olib chiqish imkonini beradi

Jamiyat 23:25 / 05.11.2019 4320

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, korxona tomonidan xarid qilingan HOWO va DONGFENG rusumli maxsus chiqindi tashuvchi avtotransportlar taqdimotda namoyish etildi va rasman foydalanishga yo‘naltirildi.

Endi Samarqand shahri aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtotransport vositalari 80taga ko‘paydi. Ularning yarmi 7 metr kub sig‘imli, 30tasi 13 metr kub, 10tasi 4 metr kub sig‘imga ega.

Yil boshida korxona tomonidan 10 dona ISUZU rusumli maxsus avtotransportlar ham xarid qilingan edi.

2018 yilda tashkil etilgan mazkur korxonada 130 nafar ishchi-xodim faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugungi kunda ishchi-xodimlar soni 262 nafarga yetgan. Mehnatga haq to‘lash ham 2018 yilda 600–900 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ishchi-xodimlarning oylik ish haqlari 1,5 million so‘mdan 4 million so‘mgacha yetgan.

Bugungi kunda korxona tomonidan Samarqand shahar hududidagi 400dan ziyod eski tipdagi konteynerlarni zamonaviy 4 g‘ildirakli konteynerlarga almashtirish, ushbu konteynerlarni tashqi omillardan himoya qilish maqsadida mo‘'jaz uychalarga joylashtirish, shaharning turistik hududlarida yer osti qutilarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

«Clean City» elektron bazasi asosida faoliyat olib borayotgan mazkur korxona tomonidan hozirgi kungacha 210ta mahalladan kuniga bir martadan chiqindi olib ketilar edi. Endilikda yangi xarid qilingan texnikalar Samarqand shahridagi barcha mahallalardan kuniga 2 marotaba chiqindilarni olib chiqish imkonini beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: