«Manbashunosligimiz dostonlarga tayanib tarix bitadigan darajada qashshoq emas» - Axsikent tarixi munozarasi

Jamiyat 14:30 / 03.11.2019 14926

«Tarixida hali yozib tugatilmagan sahifalari mavjud bo‘lgan xalq baxtlidir», degan edi shotlandiyalik tarixchi va faylasuf Tomas Karleyl. Xalqimiz o‘zining boy va faxrlansa arzigulik tarixiga ega. O‘tmishimizni xolisona o‘rganish uchun ilmiy manbalarimiz esa, yanada yetarli.

Vatan tarixchilari oldida turgan galdagi vazifalardan biri birlamchi mo‘tabar manbalarimiz asosida yurtimizning haqqoniy tarixini yoritishdir. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 24 mayda qabul qilingan «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2995-sonli qarori bu sohadagi ishlarni jonlantirish uchun muhim omil bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi kundagi asosiy vazifalardan biri sifatida «Tariximiz, madaniyatimiz, dinimizga aloqador bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, ularni to‘plab, xalqimizni, yoshlarimizni tanishtirish, bizning qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, farzandlarimizni shu ulug‘ merosga munosib etib tarbiyalash» ekanligini ko‘rsatib o‘tdi (Mirziyoyev Sh. «Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz». Toshkent: «O‘zbekiston», 2017. 471-bet.).

O‘zbekiston insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan hisoblanadi. Bunga Vatanimiz hududidan topib o‘rganilgan qadimiy shaharlarimiz yaqqol guvohlik qilib turibdi.

Farg‘ona vodiysi xususan, Namangan viloyatida o‘zining yuksak tarixiy qiymatiga ega bo‘lgan ko‘plab yodgorliklar mavjud. Bularning ichida Axsikent alohida o‘rin tutadi. Qadimshunos olimlar tomonidan «Farg‘ona Afrosiyobi», deya ta'rif berilgan Axsikent Farg‘ona vodiysidagi eng yirik arxeologik yodgorlik hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 2 noyabrida Namangan viloyati saylovchilar vakillari bilan bilan uchrashuvdagi nutqida viloyatdagi arxeologik va me'moriy yodgorliklar haqida o‘zlarining quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan edi: «...Bu diyordagi mashhur Axsikent, Munchoqtepa, Ayritom, Mug‘tepa kabi me'moriy yodgorliklar o‘tmishda ushbu hududda o‘ziga xos sivilizatsiya va boy madaniyat rivojlanganidan dalolat beradi».

Manzilgohni qazib o‘rgangan qadimshunos olimlar manbalarga tayangan holda shaharning paydo bo‘lishini taxminan miloddan avvalgi III asrlarga to‘g‘ri kelishi ma'lumotini berishgan.

Axsikent - yozma manbalarining guvohlik berishicha, Farg‘ona vodiysidagi eng qadimgi poytaxt va shahar hisoblanadi. Shahar o‘rta asrlarda o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutib, juda ko‘p saltanatlar uchun poytaxt vazifasini o‘tagan. 1621 yilgi kuchli zilzila oqibatida esa vayron bo‘lgan va qayta tiklanmagan.

Ayni paytda Axsikent yurtimizdan yetishib chiqqan ko‘plab allomalarning kindik qoni to‘kilgan zamin hamdir. Xususan, Abul Qosim Mahmud ibn Muhammad as-So‘fiy Axsikatiy, «Zul Fazoil» («Fazilatlar sohibi») laqabi bilan shuhrat qozongan Abu Rashod Axsikatiy, «Zul Manoqib» («Maqtovga sazovor xislatlar egasi») laqabini olgan Abul Vafo Muhammad ibn al-Qosim al-Axsikatiy, «Maliki shuaro» («Shoirlar podshosi») va «Amiri shuaro» («Shoirlar amiri») darajasiga erishgan Abdul Fazl Muhammad Tohir Asiriddin Axsikatiy, Tojuddin Abu Bakr bin Ahmad al-Axsikatiy al-Xo‘jandiy, Sayfiddin Axsikatiy, Mavlono Poyanda Oxun Axsikatiy, Muhammad Yusuf ibn Imomuddin Axsikatiy, Ibrohim ibn Yusuf bin Imomuddin Axsikatiy diniy va dunyoviy ilmlar sohasida shuhrat qozonganlar.

2017 yil 16 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida «Axsikent» arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida» 831-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida majmuani saqlash, uning ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida viloyat hokimligi muassisligida davlat unitar korxonasi shaklidagi «Axsikent» arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi tashkil etildi.

O‘tgan bir yil davomida direksiya tomonidan 3ta yirik anjuman tashkil etildi, kitoblar nashr etildi. Shaharning haqqoniy tarixini yaratish, uni xalqaro turizm go‘shasiga aylantirish borasida talay ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Shunisi e'tiborliki, direksiya ilmiy xodimlari Axsikent tarixini birlamchi ilmiy manbalarga tayangan holda yaratishga intilib, ayrim muammoli masalalarga oydinliklar kiritishdi.

Shulardan biri, XX asrning 60-yillarida paydo bo‘lgan Axsikentni «Eski» va «Yangi» Axsikentga ajratib o‘rganish masalasidir.

Axsikentni XIX asr oxiri XX asr boshlarida o‘rgangan rus sharqshunos va arxeolog olimlaridan, akademiklar A.Middendorf va V.V.Bartold, professorlardan N.I.Veselovskiy hamda A.N.Bernshtam, tadqiqotchi-sharqshunoslar I.A.Kastane, V.Nalivkin, N.P.Ostroumov, N.Pavlov va boshqalar Axsi, Axsikat yoki Axsikent, deganda faqatgina bitta makon — Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi joylashgan Eski Axsi yodgorligini nazarda tutishgan.

Aytish joizki, mo‘g‘ullar tomonidan Farg‘ona vodiysi qanday bosib olingani haqidagi ma'lumotlar manbalarda kam yoritilgan. Shunga qaramasdan, so‘nggi paytlarda shaharlar tarixiga oid chop etilgan deyarli barcha asarlarda vodiy shaharlari ham yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, 1220-1221 yillardagi mo‘g‘ullar istilosi davrida butunlay vayron etilgani ta'kidlanib yozildi.

Shuningdek, aksariyat olimlar Axsikent haqida ham shahar mo‘g‘ullar davrida vayron etilgach, temuriy Umar Shayx Mirzo davriga kelib aholi undan 5-6 kilometr g‘arbroqda yangi Axsi shahriga asos solganini qayd etishgan. Temuriylar davri Axsikenti yoki Umar Shayx Mirzo davlatining poytaxti Axsi bu — hozirgi Axsi qishlog‘i o‘rnida bo‘lganini e'tirof etishdi. Xo‘sh, buning uchun tarixiy manbaviy asos bormi? Umuman, bu xulosani olimlarimiz qayerdan olmoqdalar?

Biz o‘rgangan ma'lumotlarga ko‘ra, Axsi, Axsikat va Axsikent bu bitta makon. XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib Axsikent tadqiqoti bilan shug‘ullangan yevropalik sharqshunos va arxeolog olimlar Axsikent yoki Axsi, deganda faqatgina bitta obektni nazarda tutishgan. U ham bo‘lsa, bugungi Shahand-Jomasho‘y yo‘li yoqasida, Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Eski Axsi arxeologik yodgorligidir.

XX asrning 60-yillarigacha bo‘lgan tarixiy tadqiqotlar tahliliga nazar solinganda, Axsi qishlog‘i o‘rnida temuriylar shahar barpo etganligi masalasi o‘rtaga tashlangan biron bir asar uchramadi.

Axsikentda 1960 yilning 14 mayidan 20 iyunigacha ish olib borgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining maxsus arxeologlar otryadining ilmiy rahbari professor Ya.G‘ulomov bo‘lib, a'zolari I.Ahrorov va S.Rahimov edi.

Ushbu ekspeditsiya faoliyati natijalari to‘g‘risidagi xulosalarni I.Ahrorov «O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar» jurnalidagi maqolasida bayon etgan. Unga ko‘ra, Eski Axsi yodgorligi XVII asrdagi zilzila oqibatida vayronaga aylangan. Shuningdek, muallif Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarida ko‘rsatib o‘tgan Axsi qal'asi aynan bugungi kundagi Eski Axsi arxeologik yodgorligi ekanligini ham yozgan edi. Axsikent shahrining o‘rta asr rabot qismi esa XV asrdan e'tiboran undan 2 kilometr sharqda joylashgan Shahand qishlog‘iga ko‘chgani, bu yerda XVI asr va XVII asrning birinchi choragiga oid sopol buyumlar topilgani haqidagi ma'lumotlarni bergan edi. Ayni bu fikrni Boburning «Mahalloti qo‘rg‘ondin bir shar'iy yiroqroq tushubtur» iborasi tasdiqlashini ham keltirib o‘tgan edi (Axrorov I. «Arxeologicheskiye issledovaniya gorodishcha Axsikent v 1960 godu» // Obshchestvennyye nauki v Uzbekistane. 1962. №8. Str. 54, 58, 59.).

Ma'lumotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, «Yangi Axsi» yoki «temuriylar davri Axsikenti» haqidagi fikrlar ilk bor XX asrning 60-yillarida Namangan o‘lkashunoslik muzeyi xodimi Yu.G.Chulanov tomonidan «Sovetskaya arxeologiya» jurnalidagi «Gorodishche Axsyket» maqolasida bildirilgan (Chulanov Yu.G. «Gorodishche Axsyket» // Sovetskaya arxeologiya. 1963. №3. Str. 197-206.).

Yu.G.Chulanov maqolasida o‘z fikrini Eski Axsi yodgorligidagi qazishmalardagi topilmalar XIII asr boshlarigacha bo‘lgan davrgagina taalluqliligi, XV-XVII asrlarga oid ashyolar bu yerdan topilmagani bilan isbotlamoqchi bo‘lgan. Shu bilan birga, muallif yozma manbalarda Axsikent shahri keyingi davrlarda ham mavjud bo‘lganligi qayd etilgan bo‘lsa-da, biroq, shu davrga doir ashyoviy dalillar Eski Axsi manzilgohidan topilmagani uchun Axsi qo‘rg‘oni qayerda bo‘lganini aniqlash maqsadida Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab g‘arb sari arxeologik tekshiruvlar o‘tkazganini yozgan edi. Buning natijasida, Eski Axsi qo‘rg‘onidan 5–6 kilometr g‘arbroqda hozirgi Axsi qishlog‘i o‘rnida Umar Shayx Mirzo davrida poytaxt bo‘lgan Axsi qo‘rg‘oni joylashgan edi, degan xulosaga kelgan. Eski Axsini u Axsikent I, yangi Axsini esa Axsikent II, deb nomlaydi.

Yu.G.Chulanov shahar xarobalari Sirdaryo yoqalab bir kilometr uzunlikda yastanib yotganini, Axsikent I’dan farqli ravishda Axsikent II’da xom g‘ishtdan qurilgan mustahkam masofada devorlari yo‘qligi, shahar qismlarga ajratilmaganligi, shu bilan birga shaharning ilk loyiha shaklini tiklashning iloji bo‘lmaganini aytgan. Muallif shaharning markaziy qismi har tomondan jarlik va daryo bilan o‘ralgan qal'adan iborat bo‘lgan bo‘lishi kerak, degan taxminiy xulosaga kelgan. Shuningdek u, daryo bugungi kunda o‘z o‘zanidan 500–800 metrgacha surilib kelib, qal'a o‘rnashgan joylarni yuvib tashlagani, uning o‘rnida esa Axsi nomi bilan kichkina qishloq qolganini ta'kidlagan.

Yu.G.Chulanov «Boburnoma»dagi Axsi manzarasi tasvirlangan jumlalarni keltirish chog‘ida Asiriddin shoirni Axsikatdan bo‘lgani uchun ham Axsikatiy, deyishlari haqidagi jumlalarni tushirib qoldirgan. Agar bu jumla tarjima matnida keltirilganida Yu.G.Chulanovning Axsi arxeologiyasi borasidagi «ilmiy kashfiyoti» chippakka chiqqan bo‘lar edi.

Shuningdek, Axsikentga aloqador aholi maskanlari haqidagi ma'lumotlarga bir muncha aniqliklar kiritildi. Masalan, «Arxiyon» qo‘rg‘onining qayerda joylashgani masalasi. Sovet davri adabiyotlarida Arxiyon bu To‘raqo‘rg‘on tumani markazidagi G‘oyibnazar eshon madrasasi o‘rnida bo‘lgani yozilgan edi. Lekin birlamchi manbalar sinchiklab ko‘zdan kechirilganda, Arxiyon hozirgi Chortoq tumanidagi Oyqiron va Koroskon qishloqlari atrofida bo‘lgani ayonlashdi. Tarixiy manbalarda Axsidan Arxiyongacha bo‘lgan masofa 5 yig‘och yo‘l ekani, Adak va Qizilrabod qishloqlariga yaqinligi qayd etilgan. Vaholanki, Axsidan To‘raqo‘rg‘ongacha bo‘lgan masofa o‘sha davr o‘lchovi bilan 2 yig‘ochni tashkil etadi.

2018 yil «Andijonoma» gazetasining 28 noyabr sonida direksiya ilmiy xodimlari tomonidan chop etilgan kitoblarga nisbatan Zokirjon Mashrabov, Boqijon Matboboyev va Vahob Rahmonovning «Bobur qurdirgan maqbara topildi» nomi ostida tanqidiy maqolasi e'lon qilindi. Ushbu maqola deyarli o‘zgarmagan holda «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasining 2018 yil 7 va 21 dekabr sonlarida ham bosilib chiqdi.

Unda Axsikent direksiyasi ilmiy xodimlari tomonidan nashr etilgan «Axsi — Farg‘ona shaharlarining onasi» hamda «Turist va ziyoratchilar uchun yo‘lko‘rsatkich» kitoblari tanqid qilingan.

Biz ushbu tanqidiy maqolaning ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Birinchidan, maqola mualliflari tarixiy manba sifatida Shoh Hakim Xolisning «Safedbulon qissasi» (yoki «G‘azotnomai Shoh Jarir») dostonini (Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 1994) asos qilib olishgan. Unga sof tarixiy-ilmiy manba sifatida murojaat qilingan. Vaholanki, dostonni nashrga tayyorlovchilarning o‘zlari qissadagi voqealarga aniqlik kiritishda «birinchi galda tarixiy qo‘lyozma manbalarga tayanishlari» lozimligini ta'kidlab o‘tishgan (Shoh Ha­kim Xolis. «Safedbulon qissasi». Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 1994. 4-bet).

Xalqimiz tarixini haqqoniy yaratish uchun asl ilmiy manbalarimiz yetarli. Manbashunosligimiz tarixiy asarlar yo‘qligidan doston yoki qissaga tayanib tarix bitadigan darajada qashshoq emas.

Doston yoki qissalar badiiy asar hisoblanadi. Unda voqelik tarixiy haqiqatga yaqin bo‘lishi ham, mutlaqo yiroq bo‘lishi ham mumkin.

Maqolada Zahiriddin Muhammad Bobur Safedbulonga kelib, Shoh Fazl maqbarasiga gumbaz qurgani yozilgan. Buni esa ilmiy kashfiyot, deb baholashmoqda.

Ikkinchidan, «dostondagi badiiy haqiqat» haqida so‘z yuritilgan. Haqiqat badiiy bo‘lishi mumkinmi? Agar badiiy bo‘lsa, demak u o‘zgarishi mumkin ekan-da. Ilmiy asarda esa unday emas. Mualliflar tarix ilmi sohasida «kashfiyot» qilganliklarini ovoza qilishdan avval, ushbu doston sof ilmiy manba sifatida tan olinganmi, dostondagi voqealar yana qaysi tarixiy-ilmiy manbalarda aks etgan, degan savollarga javob berishsa, yaxshi bo‘lar edi. Buning uchun tarix ilmi borasida manbashunoslik va tarixshunoslik sohalari nima bilan shug‘ullanadi, degan savolga javob berish lozim. Ta'kidimiz shuki, haqiqat badiiy bo‘lmaydi, agar u badiiy bo‘lsa, uni o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Haqiqat esa o‘zgarmaydi.

Hazrati Boburning sha'ni hech bir isbot, talabsiz ulug‘dir. Buyuk bobomizning qilgan bunyodkorlik ishlari haqida tarixiy manbalarda ma'lumotlar keragicha yetarli. Uning buyukligini isbotlash uchun albatta badiiy asar, qissa yoki to‘qilgan dostonlardan foydalanishga ehtiyojimiz yo‘q.

Stefan Tsveyg «Haqiqat butun holatida yaxshidir. Chala haqiqat esa hech narsaga arzimaydi», deb bejiz aytmagan edi.

Mualliflar Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umar Shayx Mirzo ibn Abusaid Mirzoning qabr joyini aniqlashga harakat qilganliklarini yozishgan. Agar masalaga xolis yondashilsa, bu ham xayrli ish, albatta.

Tanqidchilar «Boburnoma»da Axsida otasining maqbarasi yonida Boburning harbiy kengash qilgani, Ahmad Tanbal ikki ming kishilik lashkar bilan Axsiga kirib, Boburni chekintirgani berilganini yozishgan. Shuningdek, «To‘raqo‘rg‘onlik buyuk adib Ishoqxon Ibratning mashhur «Farg‘ona tarixi» kitobini va Mirzo Boburning «Boburnoma» asarlarini ham ular o‘qishmagan, mabodo o‘qigan bo‘lishsa, tushunib yetmagan ko‘rinadi», qabilida mulohazalar yuritishgan.

Bobur 1502-1503 yillar voqealarini yoritar ekan, Axsida ko‘prik borligi, kechasiga unga qo‘riqchi qo‘yilmagani tufayli, Ahmad Tanbal ko‘prikdan o‘tib Axsiga kirib kelganini yozgan edi: «...Ko‘prukka kishi qo‘ymoq kerak edi, ko‘prukka ham kishi qo‘ymaduk. Betajribalikdin mundoq o‘sallar bo‘ldi. Tong boshida Tanbal yetti. Uch ming yarog‘liq kishi bila kelib ko‘prukdin o‘tub arkka kirdi...» (Zahiriddin Muhammad Bobur. «Boburnoma». Toshkent: «Yulduzcha», 1989. 100-101-betlar.).

Hurmatli olimlarimizga tanqid qilishdan avval, yuqoridagi asarlarni o‘zlari ham yaxshilab, sinchiklab o‘qib ko‘rishlarini maslahat bergan bo‘lar edik. Ahmad Tanbal ikki ming emas, uch ming kishi bilan Axsiga kirib kelgan edi.

Shu bilan birga, Axsi bilan Sang orasidagi masofani «Andijonnoma» gazetasidagi maqolada besh kilometr, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasidagi maqolalarida esa 4 kilometr, deb yozadilar. Avval aniq masofani o‘lchab, keyin yozgan ma'qul bo‘lar edi.

Maqolada «Eski Axsiga Amir Te­mur va temuriyzodalar Umar Shayx Mirzo va Bobur Mirzoning hech qanday aloqador joyi yo‘qdir. Chunki Axsikent XIII asrdayoq vayrona, o‘lik shahar holiga kelgan edi. To‘raqo‘rg‘onlik buyuk mutafakkir Ishoqxon Ibratning «Turkiston viloyati gazeti» (48-soni, 1913 yil 23 iyun)da chop etilgan maqolasida shunday yozilgan: «Hozirda Axsi ikki yerda bo‘lub, birini Eski Axsi birini yangi Axsi derlar», degan fikrlarni ilgari surganlar.

Uchinchidan, mualliflar qaysi manbaga tayangan holda bu xulosaga kelmoqdalar? Mashhur tarixchi akademik B.Grekov «Tariximiz haqidagi manbalar to‘lib-toshib yotibdi. Gap manbaning ko‘pligida emas, gap tadqiqotchi o‘sha manbalardan nima maqsadda foydalana biladi? Gap mana shunda», deb bejiz aytmagan edi.

Ishoqxon Ibrat Axsikentni o‘rgangan, tadqiq etgan ilk olimlardan. «Turkiston viloyatining gazeti»ning 1913 yil 23 iyun № 48 soni, 7 iyul № 52 soni, 11 iyul № 53 soni, 18 iyul № 55 sonlarida Axsikent haqidagi turkum maqolalarni bergan.

Maqolalardan iqtibos keltiramiz, 1913 yil 23 iyun №48-soni: «Farg‘ona o‘blastida qadimgi zamonlarda poytaxt bo‘lib turgan Axsi yoki Axsikat degan katta shahar bo‘lgan.... Umar Shayx Mirzoning qabri alhol Axsidadur... Umar Shayx Mirzo va Shayboniyxon avlodlaridan Jonibekxonga Axsi shahri bir necha vaqt poytaxt bo‘lib, bu shaharda hukmronlik qilgan ekan. O‘shal asrlarda g‘oyatda obodonlikda ekan... Katta qo‘rg‘on va Arkni asorati mavjuddir.... Hammomlar, madrasalar, saroylar, yer tagidin yuradurg‘on suv qubirlari ko‘p taajjublik narsalari hozir ham ko‘rinib turadur. Hozirda Axsi ikki yerda bo‘lib, birini Eski Axsi birini Yangi Axsi derlar. Ya'ni, Yangi Axsi Eski Axsi buzilgandin so‘ng qolgan odamlar daryodin qochib Koson tarafinda balandlik biyobonga imoratlar qilib ko‘p qishloq bo‘lganlar. Hozir Yangi Axsida o‘n ikki qishloq Shahand degan bozorlik bir qishloq ila bir bolust bo‘lgan.... Eski Axsini buzulgan tarixi 1030-milodiyda bo‘lg‘on ekan. Andin buyon mazkur Axsini hech podshohlardin yoki fuqarolardin obod qilg‘on yo‘q...».

1913 yil 7 iyul, №52-sonidan: «...Ark qo‘rg‘onidan boshqa imorat va bog‘otlar atrofini ham qo‘rg‘on devor ila ihota qilingan ekan. Ichkari qo‘rg‘onda to‘rt darvoza bor ekan.... Bu shahardin ko‘b ahli ilm, ahli adablar chiqib, alardan ba'zilari Abulvafo Muhammad bin abul-Qosim Al-Axsikatiydur. O‘z vaqtida lug‘at va tarixga g‘oyat olim va mohir ekanlar. 520-nchi yilda vafot qilibdurlar. Bu zotning birodari Abu Rashod Ahmad bin Abul Qosim. Bul zot ham adib, fozil, shoir ekanlar. Har ikkovlari oxir umrlarida Marvda istiqomat qilib o‘shal shaharda vafot qilibdurlar....».

1913 yil 11 iyul №53-sonidan: «...Axsi degan shahar o‘shal asrda ko‘p haddan fazun obodon holatida Hazrat bori ta'alo va muqaddasni hikmati ham irodasi ilan ofati samoviysiga duchor bo‘lunib, toq ravoq imoratlari buzulib, vayronalik ahvolotga tushub va mardumlari halokatga duchor bo‘lub va ba'zilari atrof javoniblarga tarqab, mutafarriqa bo‘lushib, ketganlari vajhidin mazkur vayronalikni mubdal bo‘lingan Eski Axsini atrof javoniblarig‘a tubanda nomlari bayon bo‘lib yozilgan 15 adad katta qishloqlar mavjud va obod bo‘lingandir. Va lekin Eski Axsi shahrini asli binosi qayu zamonlarda va qayu vaqtlarda bino bo‘linganligi ma'lum ermas. Mazkur 15 adad yangidan bino bo‘lgan qishloqlar ikki yuz yilni orasida barpo bo‘lgan ekan... Va mazkur vayron bo‘lgan Eski Axsini o‘rnig‘a, yangidan barpo bo‘lingan 15 adad qishloqlarni nomlari ushbu tubanda yozilmishdir. Chunonchi, 1) Birinchi yangi Axsi qishloq...».

Ishoqxon Ibrat maqolalaridan ko‘rinib turibdiki, mashhur axsikatiylar yetishib chiqqan Axsi, temuriylar davri Axsikenti, zilzilada vayron bo‘lgan Axsi – bu bitta makon hozirgi Eski Axsi yodgorligidir.

«Agar, Axsi Farg‘ona viloyatining poytaxti bo‘lganda, u yerda adabiy madaniy muhit bo‘lib, Mirzo Boburning otasi Umar­ Shayx Mirzodek ziyoli podshohning qabr maqbarasi qarovsizlikdan yo‘q bo‘lib ketarmidi?», kabi tor doiradagi olimlar uchun yarashmaydigan tarzdagi fikrlar ham mavjud.

Shuni bilsinlarki, buyuklar qabrlarini obod qilish, saqlab qolish o‘z yo‘lida, tabiiy ofat tufayli yo‘q bo‘lib ketish boshqa narsa. Agar butun shahar ahli ma'rifatparvar bo‘lganda ham tabiiy ofat ularning xohish irodasi bilan amalga oshmasligini unutmaslik kerak.

Eski Axsi Xorazmshoh va mo‘g‘ullar tomonidan XIII asrda butunlay vayron qilingan bo‘lib, ikki-ikki yarim asr o‘tib, sohibqiron Amir Temur XV asrda («O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasining 21 dekabr sonida esa XIV asrda) yangi Axsiga asos solgan va XVII asrgacha yozgi qarorgoh bo‘lib xizmat qilgani tarixiy manbalardan ma'lum, deb yozadilar. Avvalo bu sanaga aniqlik kiritish lozim. Tarixda bir asrning emas, bir kunning ham o‘z o‘rni bor.

Ibrat domla Eski Axsining buzilgan sanasi 1030 hijriyda ro‘y bergani, ya'ni milodiy hisob bilan 1621 yilda sodir bo‘lganligini yozmoqda. Bu axir «Ajoyib at-taboqot» asarida tasvirlangan Axsi zilzilasi sanasi-ku? Agar shahar mo‘g‘ullar tomonidan vayron etilgan bo‘lganida arab va fors tillarining chuqur bilimdoni, mutafakkir olim buni yozib, eslatib o‘tmasmidi? Asosiy vazifamiz tarixiy haqiqatni bayon etishdir. Jan-Jak Russo: «Mening vazifam haqiqatni gapirishdir. Ammo unga ishonishga majbur qilish emas», degan edi.

To‘rtinchidan, Amir Temur Yangi Axsi shahriga asos solgani qaysi tarixiy manbada aks etgan? O‘sha tarixiy manba olimlar tomonidan tan olinganmi? Agar Amir Temur Yangi Axsi shahriga asos solgani isbotlanmaganda ham uning bunyodkorlik, shaharsozlik borasidagi faoliyatiga, obro‘siga zarracha ziyon yetmaydi. «Yangi Axsi»siz ham uning bu boradagi ishlari yetarlicha faxrlansa arzigulikdir. Axsi temuriylarning yozgi qarorgohi bo‘lgani haqidagi ma'lumot qaysi manbadan olinmoqda?

Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarida Umar Shayx Mirzo poytaxt qilgan Axsini quyidagicha tasvirlaydi: «...Sayxun suyining shimoli tarafidag‘i qasabalar: bir Axcidur. Kitoblarda Axsikat bitirlar. Nechukkim, Asiriddin shoirni Asiriddin Axsikatiy derlar. Farg‘onada, Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qtur. Andijondin g‘arb sori to‘qquz yig‘och yo‘ldur. Umarshayx mirzo muni poytaxt qilib edi, Sayxun daryosi ko‘rg‘onining ostidin oqar. Qo‘rg‘oni baland jar ustida voqe bo‘lubtur. Handaqining o‘rniga amiyq jarlardur. Umarshayx mirzokim, muni poytaxt qildi, bir-ikki martaba tashqarroqdin yana jarlar soldi. Farg‘onada muncha berk qo‘rg‘on yo‘qtur. Mahalloti qo‘rg‘ondin bir shar'iy yiroqroq tushubtur...» (Zahiriddin Muhammad Bobur. «Boburnoma». Toshkent: «Yulduzcha», 1989. 8-bet.).

Na «Boburnoma»da na boshqa mo‘tabar manbalarda Axsini yozgi qarorgoh bo‘lgani yozilgan. U holda tanqidchi olimlar bu faktni qayerdan olmoqdalar?

«...poytaxtga arzigulik manbalar yo‘qligi, bu joyning yozgi qarorgoh bo‘lganligini belgilab turibdi», zaylidagi fikrlari ham munozarali. Bu Umar Shayx Mirzoning salohiyati, aql-zakovatiga nisbatan haqorat emasmi? Nahotki, poytaxtga arzigulik joy bo‘lmagan shaharni Umar Shayx Mirzo poytaxt qilgan bo‘lsa, bizningcha unday emas. Mark Tulliy Tsitseron: «Tarix fanining birinchi vazifasi — yolg‘ondan saqlanish, ikkinchisi — haqiqatni yashirmaslikdir», degan edi.

Beshinchidan, Eski Axsini Ishoqxon Ibrat bergan fikrlarga qarama-qarshi ravishda XIII asrda butunlay vayron bo‘lganini yozadilar.

Axsikentni mo‘g‘ullar tomonidan bosib olingani masalasiga kelsak, yana bir talay savollarga javob berishga to‘g‘ri keladi. Mo‘g‘ul qo‘shini Farg‘ona vodiysini yoki Axsikentni qachon bosib olgan? Mo‘g‘ul qo‘shinining lashkarboshilari kimlar edi? Janglar qayerda va qachon bo‘lgan? Shu davrda ularga qarshi kurashgan Axsikent, umuman Farg‘ona hukmdorlari yoki qo‘shin boshlig‘i-lashkarboshilari kimlar edi? Eng asosiysi, bu haqda qaysi asarda yozilgan? Bu ma'lumot qaysi ishonchli manbadan olinmoqda? Axsikent va Farg‘onaning boshqa shaharlari mo‘g‘ullar bosqini davrida vayron etilgan, deyishdan avval yuqoridagi savollarga javob berishga to‘g‘ri keladi.

Tabiiyki, bu savollarning barchasi javobsiz qoladi. Umuman, mo‘g‘ullar bosqini Farg‘ona vodiysida qay darajada kechgani, ular Farg‘onani qay tariqa bosib olganliklari masalasi alohida mavzu bo‘lgani bois, ushbu masalani keyingi tadqiqotlarimizda birlamchi manbalarga tayangan holda bayon etamiz.

Andijonni maqolada «Qubatul Islom» — «Islom markazi» maqomini olib, jahoniy mashhur bo‘lgan»ini yozganlar. Umuman Andijonga qachon va kim tomonidan ushbu unvon berilgan? Bu ma'lumot qaysi ishonchli manbada aks etgan?

Maqolada: «Bobur mirzo «Boburnoma» asarida bo­bosi Yunusxonni poytaxt Andijonga ko‘p marotaba kelganini eslaydi, ammo biror marotaba Axsiga borganligini yozmagan», deb da'vo qilganlar.

Biz mualliflarga «Tarixi Rashidiy» asarini o‘qib ko‘rishni tavsiya etgan bo‘lar edik. Asarda Umar Shayx Mirzo Yunusxonni qishni o‘tkazish uchun Axsiga taklif qilganligini va xon u yerga kelganligini yozgan (Mirzo Muhammad Haydar. Tarixi Rashidiy. -Toshkent: «O‘zbekiston», 2011. 156-bet.).

«Mo‘g‘ullar Eson Bug‘ixon shimol tarafdan poytaxt Andijonga hujum uyushtirib turgan bir paytda Umar Shayx Mirzo vaqtincha oz muddatga yozgi qarorgoh yangi Axsini poytaxt qilib turishga majbur bo‘ladi. Poytaxt Andijon tartibga solinib ta'mirlangach, tez muddatda saltanat yana qadimiy poytaxt Andijonga ko‘chirib o‘tadi» fikrlari ham o‘z isbotini talab qiladi. Chunki, Mo‘g‘uliston xoni Eson Bug‘axon 1462 yil vafot etgan bo‘lib, Umar Shayx Mirzo esa Andijon taxtiga 1463 yil keladi. Yoki Eson Bug‘axon faqat yozda hujum qilganmi? Qanday qilib vafot etgan shaxs shaharga hujum qilishi mumkin?

«Investitsiya kiritib, tarixiy voqelikni mablag‘ bilan soxtalashtirish hech qachon yaxshilikka va uzoqqa bormagan. Haqiqat, adolat egiladi, bukiladi, ammo, manguga yopib bo‘lmaydi», bu fikrlarning tagi zaminida nima yotganligi ham tushunarsiz.

«Kitob mualliflari M. Mirsaydullayev T. Kazakov va boshqalap o‘rta asrda qadimiy Andijonni Farg‘ona vodiysidagi 7 qishloqdan biri bo‘lgan deb yozadilar», degan e'tirozli fikrlari uchun tarixiy manbalarni o‘qishni taklif qilgan bo‘lar edik. Birlamchi manbada shunday deb ta'rif berilgan bo‘lsa, kitob mualliflariga yana qanday e'tirozlari bor?

Oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Bu haqqoniy tarixni yaratish va yosh avlodga yetkazishdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: «Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va ishonaman, xudo xohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham bo‘ladi» (Mirziyoyev Sh. «Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz». Toshkent: «O‘zbekiston», 2017. 415-bet), deb bejiz aytmadi.

Ko‘hna Axsikent tarixini o‘rganish, saqlash, tadqiq etish maqsadida hukumat qarori chiqdi. Keling, qo‘lni-qo‘lga berib ishlaylik, xolis bo‘laylik.

Maqolamiz so‘nggida hurmatli hamkasb olimlarimizni xolis va odil bo‘lishga chorlab mutafakkirlardan B.Fontenelning quyidagi fikrini keltirib o‘tamiz: «Barcha kishilar xato qiladilar. Lekin buyuklargina o‘z xatolarini tan oladilar».

Tohirjon QOZOQOV,

Tarix fanlari nomzodi.

Zahiriddinbobir HAYDAROV,

Namangan davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi.

Ko‘proq yangiliklar: