29 oktabr kuni Kun.uz’da «Mashinalar bu yerdan oynalarini yopib o‘tadi» — Qo‘shtepada aholi zaharli tutun ichida yashamoqda sarlavhali material e'lon qilingandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Viloyat «Toza hudud» DUK Farg‘ona shahar filialiga qarashli bo‘lgan, Farg‘ona tumani «Satkak» qishlog‘i hududidagi markaziy chiqindixonaning umumiy maydoni 72 gektardan iborat. Aholi yashash hududidan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Kirish eshigi o‘rnatilgan va chiqindixonaning old tomoni beton devor bilan to‘liq o‘ralgan.
Markaziy chiqindixonada 6 nafar xodim (3 nafar qorovul, 1 nafar nazoratchi, 1 nafar buldozer haydovchisi, 1 ishchi) faoliyat ko‘rsatib, olib kelingan chiqindilarni tartibga keltirish va tegishli tartibda rekultivatsiya qilish ishlarini doimiy olib borish uchun 1 dona buldozer maxsus texnikasi biriktirilgan.
Markaziy chiqindixonaga 40 yil davomida Farg‘ona shahridan chiqqan 1,6 mln tonna maishiy chiqindi olib kelingan bo‘lib, ular hajmining ortishi va chiqindining tabiiy chirishi natijasida ulardan ajralib chiqayotgan gazlar kunning issiq paytida tabiiy alanga olib yonish holatlari yuzaga kelmoqda.
Uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan katta hajmdagi chiqindilarni olib chiqib ketishning amaliy imkoniyati mavjud emasligi sababli Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan chiqindi poligonini yopish, rekultivatsiya qilish va chiqindi gazidan elektr energiyasini olish loyihasi uchun xorijiy investorlarni jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Salbiy holatlar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2019–2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 17 apreldagi 4291-sonli qarori qabul qilingandi.
Strategiyaga asosan, hududlarda mavjud 221ta maishiy chiqindi poligonini maqbullashtirish va 59ta mavjud poligonlarni zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish tadbirlarini amalga oshirish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 1 mlrd AQSh dollari talab etilmoqda.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar investitsiya va xorijiy moliya institutlarining kredit va grant, davlat budjeti hamda Davlat ekologiya qo‘mitasining fond mablag‘larini jalb qilish evaziga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu chiqindi poligonini o‘rnatilgan me'yor va talablar asosida saqlash hamda yuqoridagi aniqlangan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda viloyat «Toza hudud» DUK tomonidan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 550 m2 maydondagi tartibsiz tashlangan chiqindi uyumlari tekislanib, ustki qismi tosh shag‘al bilan ko‘milib utilizatsiya qilindi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar va aholining noroziligiga sabab bo‘lgan, o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘lgan chiqindixona yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mas'ul xodim D. Jo‘raboyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
O‘ziga biriktirilgan vazifasiga e'tiborsizlik bilan qaragan chiqindixona ishchisi I. Izzatullayevga nisbatan MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining 3 barobari - 669 000 so‘m (olti yuz oltmish to‘qqiz ming) miqdorida jarima qo‘llandi.
Shuningdek, bunday holatlarni qayta takrorlamaslik yuzasidan markaziy chiqindixonaning barcha mas'ul xodimlari qat'iy ogohlantirildi.