«Bu qotil bilan gaplashishning o‘ziyoq - murosa». Zelenskiyning Putin bilan muzokaralarga tayyorligini haqidagi so‘zlarini qanday tushunish mumkin?

Jahon 21:28 2563

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida agar bu tinchlikka erishish uchun yagona variant bo‘lsa, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini aytdi. Zelenskiy so‘nggi haftalarda ehtimoliy tinchlik muzokaralari mavzusidagi barcha bayonotlari ikki maqsadni ko‘zlaganga o‘xshamoqda: bunday muzokaralarga maksimal darajadagi tayyorligini namoyish etish hamda ularning davomida o‘z pozitsiyasi moslashtira olishini bildirish.

Ko‘pchilik, jumladan Pirs Morgan ham Ukraina prezidentining hozirgi so‘zlari Kiyevning katta urushning uch yili davomida bir necha bor Zelenskiyning o‘zi tomonidan yangragan rasmiy pozitsiyasiga zid kelishiga e’tibor qaratgan.

Ammo aftidan, bu Zelenskiyni tashvishlantirmayapti. Qolaversa, uning «temirbeton» pozitsiyasi muayyan optikada o‘zgartirilishi Ukrainaning kuziri sifatida qaralishi mumkin. Axir hozirda ukrainlar prezidenti, mohiyatan, oddiy maksimumni translatsiya qilmoqda: men urushni to‘xtatish va uning qaytalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barchasiga roziman. Va agar buning uchun o‘zim oldin aytgan so‘zlarimni qaytib olishim kerak bo‘lsa, buni ham qilaman.

2022 yil kuzidayoq Zelenskiy Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazish imkonsizligi haqidagi farmonini imzolagandi.

Bugungi kunda Rossiya prezidentining Ukrainaning to‘rt regionini anneksiya qilish qaroriga bu tarzda keskin reaksiya ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘lmaganmi, bu Kiyev uchun manyovrlar imkoniyatini cheklab qo‘ymaganmi deb uzoq bahslashish mumkin. Fakt shuki, Zelenskiyning ushbu farmoni haqida oxirgi vaqtlarda ko‘pincha aynan Vladimir Putin eslatmoqda: men Ukraina bilan muzokaralarga qarshi emasman, ammo ularning o‘zi buni taqiqlab qo‘ygan.

Ammo prezident tomonidan qabul qilinadigan qarorlar uning o‘zi tomonidan bekor qilinishi mumkin emas va Zelenskiy Morganga bergan intervyusida aytgan so‘zlari bilan aynan shuni nazarda tutgan: «Agar bu Ukraina fuqarolariga tinchlik olib keladigan va odamlarni yo‘qotmaydigan yagona konfiguratsiya bo‘lsa, biz, shubhasiz, bu [Putin bilan] uchrashuv konfiguratsiyasiga ko‘namiz». U yana shunday qo‘shimcha qilgan: «Bu qotil bilan gaplashishning o‘ziyoq — murosa».

Ya’ni, Zelenskiy o‘z tomonidan muammo yo‘qligini aytmoqda: Kelinglar, Ukraina, Rossiya, AQSh va Yevroittifoq vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil qilaylik va kim tinchlikni, kim esa urushni xohlayotganini gaplashaylik.

Putinning o‘zi o‘tgan haftada Zelenskiy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashmasligi, ammo «bunday muzokaralarni olib boradigan odamlarni ajratish»ga tayyorligi va bu ushbu jarayondagi alohida syujyet liniyasi bo‘lishini aytgandi. Rossiya prezidenti Zelenskiyni nelegitim, hech qanday tinchlik muzokaralari imzolash huquqiga ega bo‘lmagan, «muddati o‘tgan» prezident deb atagan.

Intervyuda ushbu masala ham ko‘tarilgan. Bunga javoban Zelenskiy Ukraina rasman Vladimir Putinni Rossiyaning legitim prezidenti deb tan olmasligini eslatishi mumkin edi, ammo bunday qilmadi.

Buning o‘rniga vazminlik va murosaga tayyorligini namoyish etgan holda Rossiya rahbari keng ko‘lamli bosqindan oldingi ikki yil mobaynida, Zelenskiyning legitimligi Moskvadagilarda hech qanday shubha uyg‘otmagan davrda u bilan muzokara o‘tkazishdan astoydil qochib yurganini eslatgan.

Bundan tashqari, navbatdagi marta ukrain askarlari uyiga qaytishi va ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan Ukrainada saylovlar o‘tkazishga tayyorligini — ya’ni barchasi aslida Putinning qo‘lida ekanini bildirgan.

Ammo Rossiya prezidenti pozitsiyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Zelenskiyning legitimligi Donalda Tramp va jahondagi boshqa davlatlar yetakchilarida hech qanday shubha uyg‘otmayapti.

Ukraina pozitsiyasini qanday o‘zgartirmoqda?

Ukrainaning bu muzokaralardagi muzokara pozitsiyasi ham yumshaydi. 2022-23 yillarda Zelenskiy oxirgi rossiyalik askar etigi Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralarini tark etmagunicha, Rossiya bilan qandaydir muzokaralar haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytardi.

Zelenskiy o‘z bayonotini Rossiya qo‘shinlari yurishi va Ukraina shaharlari muntazam o‘qqa tutilishi fonida berdi

G‘arbdagi ko‘plab sharhlovchilar ham o‘shandayoq muzokaralarni boshlash uchun bu shartni maksimalistlik va erishilishi dargumon deb atashgandi. O‘tgan vaqt mobaynida (Rossiyaning mamlakat sharqidagi hujumlari kuchayishi barobarida) bu ovozlar balandroq yangray boshladi.

Pirs Morganga intervyusida Volodimir Zelenskiy boshqa pozitsiyada turdi: «Bugun biz barcha hududlarimizni qaytara olmaymiz. Shubhasiz, biz adekvat odamlarmiz. Bizx erishilishi aniq bo‘lmagan natija uchun millionlab odamlarimizni qurbon qila olmaymiz».

Shu bilan birga, Zelenskiy, harbiy atamalar bilan ifodalaganda, oldindan tayyorlangan pozitsiyalarga chekinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘z hududining bir qismini vaqtincha ishg‘ol etilishiga ko‘nadi, ammo bosib olingan yerlar Rossiyaga tegishliligini yuridik jihatdan hech qachon tan olmaydi. «Vaqt o‘tishi bilan biz baribir yerimizni qaytarib olamiz», — deydi Zelenskiy.

Kuzatuvchilar esa buning natijasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan konstruksiya haqida fikr yuritib, 1940 yilda sovet ittifoqi tomonidan bosib olingan Boltiqbo‘yi davlatlari bilan o‘xshashliklarni keltirishmoqda.

G‘arb davlatlari bu hududlar «sovetlar» tomonidan qo‘shib olinganining legitimligini hech qachon tan olmagan, ammo bu ularga Moskva bilan munosabatlar o‘rnatishga to‘sqinlik qilmagan. SSSR parchalanganidan keyin esa ular Litva, Latviya va Estoniya mustaqillikka erishganini shunchaki mamnuniyat bilan qarshilashgandi.

Vladimir Putinga bunday o‘xshashlik yoqadimi? Dargumon. Ammo shuni aytish mumkinki, Zelenskiy tinchlik o‘rnatilishi uchun murosa tomon qadam tashladi. Rossiya prezidenti ham bunga tayyormi?

Yadroviy qurol va NATOga a’zolik

Kiyev ritorikasidagi o‘zgarishlarning yana bir belgisi — o‘tgan yil dekabrida Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga e’lon qilgan muzokaralar pozitsiyasi yumshatilganidir. O‘shanda u Kiyev Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga muqobil sifatida ko‘riladigan xavfsizlik kafolatlarining har qanday formatidan oldindan bosh tortishini aytgandi.

Kiyevdagilar Zelenskiyning so‘nggi gaplari ko‘p jihatdan Tramp va uning jamoasiga qaratilgan deb hisoblaydi

Hozir esa Zelenskiy bajarilishi Ukrainaning NATOga a’zoligi o‘rniga o‘tadigan shartlar ro‘yxatini keltirmoqda — hech bo‘lmaganda, hozircha. Ukrainaga xorijlik harbiylar kontingentini joylashtirish va unga jiddiy mudofaa yordami taqdim etish bilan birgalikda, Zelenskiy Ukrainaga yadroviy qurolni qaytarish zarurligi haqida ham gapirdi — va Pirs Morgan bu iborani intervyuning bosh sarlavhasi qilib chiqardi.

Ammo bunga nutq figurasi sifatida qarash kerak: Kiyev NATOdan voz kechishga tayyor, chunki bu Vladimir Putin uchun muhim, ammo buning o‘rniga uni yangi katta urushdan sug‘urta qiladigan haqiqiy «yadroviy» xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi.

Ya’ni, kontakt guruhlarining tuganmas uchrashuvlari, kuchlarni tarqatish va kelishuv bandlarini bajarish ketma-ketligi bo‘yicha rasmiyatchilikni o‘z ichiga oluvchi «vegetarian» «Minsk kelishuvlari-3» Kiyevga to‘g‘ri kelmaydi. Nima mos keladi? Keling, muhokama qilaylik, Ukraina bunga tayyor, deydi Zelenskiy.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Volodimir Zelenskiy nechanchi marta muzokaralarga tayyorligini, bu muzokaralar davomida murosaga kelishga ham tayyorligini aytmoqda. Yuqorida ushbu murosalar ro‘yxati keltirilgan va u juda ta’sirli ko‘rinadi: Kiyev yaqingacha ham prinsipial bo‘lib ko‘ringan ko‘plab talablaridan voz kechdi.

Asosiy adresat — Trampmi?

Kiyevda Zelenskiyning ingliz tilidagi barcha intervyulari manzili AQShning yangi prezidenti Donald Tramp va uning jamoasi deb hisoblashadi. Trampning atrofidagilar tasavvurida Ukrainadagi urushni tugatishning yagona yo‘li mavjud: ikki tomon ham yon berishi kerak, agar qaysidir tomon qaysarlik qilsa, unga nisbatan unchalik tushunarli bo‘lmagan, ammo dahshatli nomga ega bo‘lgan «tinchlik kuch orqali» doktrinasi qo‘llanadi.

Hozirda Zelenskiy bu murosaga tayyorlik Vashingtondagilar tomonidan qadrlanishiga va Amerika Kiyevga kuch ishlatmasligiga ishonib harakat qilmoqda. Va «Ukraina masalasida» Volodimir Zelenskiyni chetlab o‘tgan holda Rossiya bilan muzokaralar olib bormasligiga — bu nafaqat Kiyevning, balki butun Yevropaning yana bir katta qo‘rquvi.

Nima bo‘lganda ham, biz Donald Tramp jamoasining Rossiya boshlagan urushni tugatish yo‘llari bo‘yicha aniq ishlari haqida hali hech narsa eshitmadik. Ammo kutishga ko‘p vaqt qolmadi: kelasi haftadayoq, BBC ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Ukraina va Rossiya masalalari bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Ukraina vakillari bilan birinchi rasmiy uchrashuv o‘tkazadi.

Keyin esa Vashingtonning rejalari 14–16 fevral kunlari o‘tkaziladigan xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: