«Inter» nihoyat katta o‘yinni yutadimi? YeChL o‘yinlari anonsi

Sport 20:20 / 23.10.2019 5594

Kunning markaziy bahsida «Inter» Dortmundning «Borussiya» klubini qabul qiladi. «Ayaks» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ham qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. Quyida shu va boshqa o‘yinlar anonsi bilan tanishtiramiz.

Amsterdam «yosh bolalar»ni mehmon qiladi

Kunning ilk o‘yini Amsterdamda Toshkent vaqti bilan soat 22:00da «Amsterdam-Arena»da «Ayaks» — «Chelsi» o‘yini boshlanadi. O‘tgan mavsumda yarim finalgacha yetib borgan «Ayaks» yetakchilarini qo‘yib yuborgani sabab bu mavsumda u qadar uzoqqa bora olmasligi taxmin qilingandi. Bunday deyish uchun sabab yetarli edi. Chunki futbolchilarni transfer qilib «kun ko‘radigan» klublarda odatda har 4-5 yilda yaxshi avlod chiqib qoladi va ular ketib qolganidan so‘ng jamoa o‘yinida pasayish kuzatiladi.

«Portu», «Monako» kabi klublar misolida yuqoridagi fikrimiz isbotini ko‘rganmiz. Ayniqsa, «Monako» hamon o‘ziga kela olmayotgani bunga yaqqol misol. Mbappe, Fabino, Mendi, Bakayoko, Bernardu Silva kabi futbolchilarni sotgan knyazlik klubi bugun og‘ir damlarni boshdan o‘tkazmoqda. Ammo «Ayaks»da klub asosi saqlab qolingan va jamoa bu mavsumda ham YeChLda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda. «Barselona» va «Real» kabi klublarga o‘z maydonida kun bermaydigan «Valensiya» «Mestaliya»da «Ayaks»ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgani ko‘p narsani anglatadi. «Ayaks» o‘tgan mavsum «PSJ»ga beshta gol urgan «Lill»ni ham 3:0 hisobida yengdi.

Amsterdamliklar asosiy ikki yulduzi De Yong va Le Ligt ketganidan so‘ng ularning o‘rniga hozircha yangi yulduzlarni kashf qilmadi. Hujumda esa Kvinsi Promes yorqin o‘ynamoqda.

«Chelsi»ni ham o‘tgan yilgi «Ayaks»ga o‘xshatish mumkin, chunki Lempard ham jamoada yosh futbolchilarni o‘ynatmoqda. Top murabbiylarni olib kelgach, ular aytgan futbolchilarga millionlab pul sarflab toqati toq bo‘lgan Abramovich Lempardni olib keldi va «Frenki, bilganingni qil», dedi. Bu Abramovichning «Chelsi»ga kelganidan keyingi eng to‘g‘ri qarorlaridan biri bo‘ldi, chunki Lempard oddiy futbolchi emas, klub afsonasi.

Lempardning YeChLdagi debyuti omadsiz chiqdi va «ko‘klar» o‘z maydonida «Valensiya»ga yengildi. Ammo ikkinchi turda «Lill»ni safarda yenggan «Chelsi» vaziyatni yaxshilab oldi. Mavsum avvaliga Abraham, Maunt kabi futbolchilarni ko‘pchilik bilmasdi, ammo ular bugun APL yulduziga aylanishdi. O‘z vaqtida «Chelsi»ning APLdagi yarim asrlik sovrinsiz davriga yakun yasagan, jamoa bilan YeChLda g‘olib bo‘lgan muzaffar futbolchi Lempard murabbiy sifatida ham qit'aning eng zo‘r musobaqasida o‘z so‘zini aytishga urinib ko‘radi.

«Napoli» va «Zenit» «Red bull ichgani» borishadi

3-turda bitta homiyga ega ikki klub katta o‘yinlarda qatnashadi. Germaniyada «Leypsig» Sankt-Peterburgning «Zenit» klubini qabul qiladi. Bundesligada 5-o‘rinda borayotgan «Leypsig» bugungi o‘yinda g‘alaba qozonib, guruh yetakchisiga aylanib oladi. Ammo so‘nggi o‘yinida «Rostov»ga 6ta gol urgan «Zenit» hozir juda yaxshi holatda. Dzyuba 6 yil deganda ilk marta Rossiya chempionatida het-trik qayd etdi, Ozmun yana gol urishni boshladi. Semak faqat Rossiya darajasidagi murabbiy emasligini isbotlash uchun YeChLda juda qiyin «G» guruhidan chiqishi kerak.

Anchelotti murabbiyligida «Yuventus»ning Italiyadagi monopoliyasiga barham berishga harakat qilayotgan «Napoli» ham bugun Red Bull homiylik qiladigan, nomi ham «Red Bull» bo‘lgan klub mehmoni bo‘ladi. Yevropa futboliga yangi nomlarni chiqarib berishni boshlab yuborgan Avstriya klubi «Napoli»ga boshog‘riq bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» «GenK» mehmoni

Belgiyadagi «Genk» va «Gent» klublarini adashtirib yuborishadi. «Liverpul» bugun «Genk» mehmoni bo‘ladi, shu bois sarlavhada oxirgi harfni kattalashtirib yozdik. Bugun «Liverpul» safida Muhammad Saloh maydonga tushishi mumkin. Misrlik futbolchi «MYu»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmadi va bu Klopp jamoasiga qiyinchilik tug‘dirdi. Saloh «Liverpul» uchun qanchalik muhim futbolchiga aylangani aynan Britaniya derbisida bilindi.

Belgiyaga Trent Aleksandr-Arnold hamda Matip kelmagan. Trent betobligi bois, Matip jarohat sabab o‘yinni o‘tkazib yuboradi. «Liverpul» o‘tgan yili Chempionlar ligasini yutgan bo‘lsa-da, guruhdan qanday qiyinchilik bilan chiqqanini eslasangiz kerak. «Napoli» bilan 6-tur o‘yinida yo‘llanma taqdiri hal bo‘lgan va o‘yin so‘ngida Alissonning seyvi bo‘lmasa, «Liverpul» guruhda qolib ketgan bo‘lardi. Klopp o‘tgan yilgi kabi qiyin holatda qolmaslik uchun «Genk»ni yengishi kerak. Chunki o‘tgan yil ham mehmondagi «Tsrvena Zvezda»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat Klopp jamoasiga qimmatga tushishiga bir baxya qolgandi.

«Inter» uchun mavsumdagi uchinchi katta o‘yin

Antonio Konte «Inter»ni yaxshi tomonga o‘zgartira oldi. Jamoa o‘tgan mavsumlardagi asosiy futbolchisi Mauro Ikardisiz ham zo‘r o‘ynamoqda. Konte maksimal darajada xatolar qilmaslikka odatlangan jamoa tuzishini «Yuventus» va «Chelsi»da ko‘rganmiz. «Inter» ham shunday maksimalist jamoaga aylanib bormoqda.

Konte katta o‘yinlarda jamoa qiynalayotgani hali «Inter» «yetarli darajada top emasligi» bilan izohlamoqda. Jamoa mavsumdagi ikkita katta o‘yinda mag‘lub bo‘ldi: «Barselona» va «Yuventus»ga. Har ikki o‘yinda ham teng kurashlarda yengildi. Har ikki bahsda ham avval «Inter» hisobni ochdi. Bu esa irodasizlikdan nishona va Kontening klass borasidagi gaplarini isbotlaydi.

Mavsumdagi uchinchi katta o‘yinni «Inter» «Juzeppe Meatssa»da «Borussiya D»ga qarshi o‘tkazadi. «Arilar» jamoalar juda zich joylashgan Bundesligada «Bavariya» bilan bir ochko to‘plab 4-o‘rinda bormoqda. Roys va jamoadoshlari (balki Sancho va jamoadoshlari deyish kerakdir) hozircha «Barselona»ga yutqazishmadi va bu «Borussiya»ning guruhdan chiqish imkoniyatlarini keskin oshirib yubordi. Chunki saralash boshlanishidan avval «Barselona» guruhda g‘olib bo‘lishi, «Borussiya» va «Inter» ikkinchi o‘rin uchun kurashishi aytilgandi. Ammo «Borussiya» ayni damda guruhda yetakchilik qilmoqda.

Bu o‘yinni bejizga ko‘proq «Inter» tomondan turib baholamayapmiz, chunki «Borussiya» shundog‘am so‘nggi yillarda Yevropa top-klublari qatorida, «Inter»ga esa «ko‘hna qit'a oriylari» safiga qaytish uchun «portlash» vazifasini bajaradigan katta g‘alaba yetishmayapti. Konte jamoasining ruhiy holatiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatadigan «Inter» — «Borussiya» o‘yini nafaqat kunning, balki 3-turning markaziy bahsi desak ham bo‘ladi.

«F» guruhining yana bir o‘yinida Messi va jamoa «Slaviya» mehmoni bo‘ladi. Chexiyaning Praga shahri sharafini himoya qiladigan bu jamoaga bepisand qarash yaramaydi. «Slaviya» «Inter» bilan durang o‘ynagan.

Bugun yana ikki o‘yin o‘tkaziladi. «Valensiya» Fransiyada «Lill» mehmoni bo‘lsa, «Benfika» «Lion»ni qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: