Video: Turkiyada darvozabon 11-soniyadayoq maydondan chetlatildi

Sport 16:40 / 22.10.2019 17511

Turkiya chempionatining 8-turida «Konyaspor» va «Yyeni Malatyaspor» uchrashuvi g‘alati epizod bilan boshlandi.

O‘yinning ilk soniyalaridayoq mehmonlar jamoasi futbolchisi raqib jarima maydoni tomon uzun uzatma yo‘lladi. Mezbonlar darvozaboni Serkan Kirintili o‘z darvozasi hududini tark etib, to‘pni egallab olishga harakat qildi, ammo u to‘p trayektoriyasini to‘g‘ri hisoblay olmadi. Jarima maydoni tashqarisiga yugurib chiqqan darvozabon to‘pni qoidalarga ko‘ra to‘xtatib qololmasligini anglaganidan keyin jamoasini goldan qutqarish uchun to‘pni qo‘li bilan ushlab oldi. O‘zini qanday jazo kutayotganini oldindan bilgan darvozabon hakam unga qizil kartochka ko‘rsatishidan oldin qo‘lqoplarini yechib kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. Hakam uning ortidan qizil kartochka ko‘rsatdi.

O‘yinning ilk daqiqasidanoq bir kishi kam bo‘lib qolgan «Konyaspor» o‘yin davomida ikki gol o‘tkazib yubordi va 0:2 hisobida yutqazdi.

Ko‘proq yangiliklar: